RAFIQOV Afzal Azimovich
RAFIQOV Afzal Azimovich (1948.21.8, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq artisti (2000). Toshkent teatr va rassomlik sanʼati in-tini tugatgan (1974). 1973 —87 y. lar Hamza teatrida, 1987-y. dan Abror Hidoyatov nomidagi teatrda aktyor. Yaratgan obrazlaridagi dard, iztirob, qarama-qarshi hissiyotlar, oʻziga xos musiqaviy ovoz, rang-barang ohang, tinim va bosimlari bilan tomoshabinni oʻziga rom etishga erishadi, shuningdek, romantik anʼanalarni hayotiy talqin usuli ila uygʻunlashtira olishi bilan ajralib turadi. «Qaroqchilar» (F. Shiller) spektaklidagi Shveyser roli bilan sahnadagi faoliyatini boshlagan. Keyinchalik Aleksandrov (L. Tolstoy, «Tirik murda»), Zokirov (S. Abdullin, «Oʻn uchinchi rais»), Tarso (T. Tula, «Nodirabegim»), Navoiy, Iskandarning otasi (Sh. Rizayev, «Iskandar»), Faridun (Firdavsiy, «Faridun»), Yago (U. Shekspir, «Otello»), Lir (U. Shekspir «Qirol Lir»), Aslzoda (A. Sagareli, «Xonuma») kabi rollari bilan tanilgan.
Ensiklopediya.uz
RAFIQOV Afzal Azimovich