RADIATSION KIMYO

RADIATSION KIMYO

RADIATSION KIMYO — kimyoning ionlovchi nurlar taʼsirida moddada yuz beradigan kimyoviy jarayonlarni oʻrganadigan sohasi. Kimyoviy jarayonlarni ionlovchi nurlar taʼsirida yuzaga kelishi ularning moddalar molekulalarini ionlash va qoʻzgʻatishi bilan bogʻliq. Radiatsion kimyo 1865—96 y. larda paydo boʻldi. Radiatsion kimyo dagi dastlabki kuzatish ishlari nurlarning fotografiya plastinkasiga taʼsir etib qoraytirishidan boshlandi. Koʻp oʻtmay radiy nurlarining suvni kislorod va vodorodga parchalashi maʼlum boʻldi. Radiatsion kimyo rivojining keyingi bosqichi yadro reaktorlarining kashf etilishi bilan bogʻliq boʻlib, 40-y. lardan kimyo fanining mustaqil sohasi sifatida shakllandi. Atom energetikasida ishlatiladigan har xil materiallarga turlicha nurlar taʼsiri oʻrganildi. Atom reaktorlarining ishlatilishi va yadro yoqilgʻisining qayta ishlanishi suvning parchalanish jarayonlarini, yuqori radioaktivlikka ega boʻlgan texnologik aralashmalardagi kimyoviy oʻzgarishlarni tushuntirib berishni talab qildi.

Ensiklopediya.uz
RADIATSION KIMYO