RABOT
RABOT — Marokash poytaxti. Sale sh. bilan R.-Sale prefekturasini tashkil etadi. Atlantika okeani sohilida, unga Bu-Regreg daryosining quyilish yerida joylashgan. Aholisi 1,38 mln. kishidan ziyod (1990-y. lar oʻrtalari). Iqlimi subtropik, oʻrtacha t-ra yanv. da 12°, iyulda 22°. Yillik yogʻin 530 mm. Transport yoʻllarining muxim tuguni, t. y. va avtomobil yoʻllari orqali mamlakatning boshqa yirik shaharlari, shuningdek, Jazoir va Tunis bilan bogʻlangan. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Rabot — mamlakatning yirik iqtisodiy markazi. Sanoatining asosiy tarmoqlari: toʻqimachilik va tikuvchilik, oziq-ovqat, metallsozlik, koʻn-poyabzal, yogʻochsozlik, kimyo, poligrafiya. Mebel, mineral oʻgʻitlar ishlab chiqariladi. Rabot — mamlakatning ilmiy va madaniy markazi: un-t (1957), konservatoriya, i. t. muassasalari, milliy teatr, Udayya muzeyi, xalq sanʼati va b. muzeylar, kutubxonalar bor. Shaharda banklar, hukumat idoralari joylashgan.
Ensiklopediya.uz
RABOT