RABGʻUZIY
RABGʻUZIY (taxallusi; asl ismsharifi Nosiriddin Burhoniddin oʻgʻli) (13-a. oxiri — Xorazmning Rabotoʻgʻuz mavzei — 14-a. boshlari) — shoir. Rabotoʻgʻuzda qozilik qilgan. Sharq xalqlari ogʻzaki ijodini, ayniqsa, rivoyatlarni, avliyo-anbiyolar toʻgʻrisidagi qissalarni chuqur oʻrgangan. Oʻzi ham koʻpgina ibratli hikoyatlar, qissalar yozgan. Turkiy xalqlar adabiyoti tarixida birinchilardan boʻlib nasrda rivoyatlardan hikoyat, hikoyatlardan qissa yaratishni boshlab bergan. Bizgacha «Qisasi Rabgʻuziy» (1309—10) asarigina yetib kelgan. Asar musulmon moʻgʻul beklaridan Nosiriddin Toʻqbugʻaning topshirigʻi b-n yozilgan. Kitob turkiy tilda, asosan, nasrda, madhiyalar, baʼzi qissalarning xulosalari, lirik kechinmalar va xotima qismi esa nazmda yozilgan. Qurʼoni karimdagi baʼzi lavhalar, islomga oid boshqa kitoblardan va Abu Isʼhoq Nishopuriyning «Qisas ul-anbiyo»sidan ayrim faktlar asarga asos qilib olingan. Asar anʼanaviy hamd va naʼt bilan boshlanadi, soʻng uning yozilish sababi, muallif haqida maʼlumot beruvchi qisqa soʻzboshi, keyin esa qissalar keladi. Jami 72 qissadan iborat. Mavzu doirasiga koʻra, asar qissalari juda rang-barang. Olamdagi butun mavjudot egasi boʻlgan Allohni ulugʻlash, paygʻambarlar hayotiga doir lavhalarni eslash, kamtarinlik va takabburlik, otaona va farzand munosabatlari, erk va adolat mavzulari shular jumlasidandir. Qissalar hajmi turlicha: Mas, Yusuf haqidagi qissa salkam 100 sahifani tashkil kilsa, Lut haqidagi qissa bir necha sahifadangina iborat. Qissalarda real hayot voqealari bilan bogʻliq mavzular ham uchraydi. Qissalar bayonida, personajlar tasvirida xalq ogʻzaki ijodining bevosita taʼsiri seziladi. Asarda maʼrifiy-didaktik hikoyatlar ham mavjud (Luqmon hikoyasi va b.), qissalardagi hikoyatlarga dunyoviy ruh ham singdirilgan (Yusuf qissasi va b.). R. ning bu asari oʻzbek adabiyotida badiiy nasr yodgorligining yetuk namunasi hamda 13—14-a. lar eski oʻzbek adabiy tilini oʻrganishda asosiy manba sifatida ahamiyat kasb etadi. Qissaning 15-a. ga oid qoʻlyozmasi Londondagi Britaniya muzeyida, 16-a. da koʻchirilgan nusxasi Sankt-Peterburgda, 19-a. da koʻchirilgan qoʻlyozma, shuningdek, bosma nusxalari Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-tida (inv. №1025, 7397, 1874) saqlanadi.
Ensiklopediya.uz
RABGʻUZIY