QUYOSH
QUYOSH — YER BOGʻLIQLIGI – Quyosh faolligining Yerdagi jarayonlargataʼsiri. Quyosh tarqatayotgan energiya (3,9-1038 erg/sek)ning atigi 5-10-10 qismi Yerga yetib keladi va u Yerdagi deyarli barcha jarayonlarning energiya manbai hisoblanadi. Quyoshning rent-gen, ultrabinafsha toʻlqinlarda nurlanishi Yer ionosferasini vujudga keltiradi, korpuskulyar (zarra) nurlanishi, yaʼni Quyosh shamoli Yer magnitosferasi dinamikasini belgilaydi. Quyoshning umumiy nurlanishi oʻzgarishlari 1% dan oshmaydi. Bu esa Yerning issiqlik muvozanati turgʻunligini taʼminlaydi. Lekin Yerdagi barcha hodisalarga Quyoshdan doimiy keladigan energiyadan tashqari, Quyosh faolligi bilan bogʻliq boʻlgan elektro-magnit va korpuskulyar oʻzgarishlar ham taʼsir etadi. Bu oʻzgarishlar, asosan, rentgen, ultrabinafsha va radiotoʻlqinlarda kuzatilib, Quyosh faolligining 11 yillik davri va Quyoshning oʻz oʻqi atrofida aylanish davri boʻlgan 27 kunlik davriyliklarda seziladi. Quyosh chaqnashlari vaqtida sokin quyosh nurlanishiga nisbatan rentgen toʻlqinlarda nurlanishi 100-marta, ultrabinafsha toʻlqinlarda 50% dan kuchliroq boʻladi, radiotoʻlqinlarda nurlanishi esa turli chayqalishlardan iborat. Quyosh chaqnashlari Quyosh kosmik nurlari manbai boʻlib, unda chiqarib tashlangan zarralar oqimlari quyosh shamolida uzilishlar va zarba toʻlqinlarini vujudga keltiradi. Quyosh chaqnashlarining rentgen, ul-trabinafsha toʻlqinlarda nurlanish va kosmik nurlari Yerga 8—30 min. da yetib keladi va ionosferani qoʻshimcha ionlashtiradi, natijada Yer atmosferasida radiotoʻlqinlarining tarqalish sharoiti oʻzgaradi. Mas, shu pay-tlarda radiotoʻlqinlarning yutilishi yuz beradi, quyosh chaqnashlari chiqarib tashlangan zarralar oqimi yerga 1—2 kunda yetib kelib, magnit boʻronlari va qutb yogʻdulari hosil qiladi.
Ensiklopediya.uz
quyosh