Quyosh nuri allergik reaksiyani keltirib chiqarishi mumkin
Shu kunlarda kuzatilayotgan anomol issiq harorat yurak-qon tomir, bronxial astma va boshqa surunkali xastaliklardan aziyat chekuvchi bemorlar salomatligiga salbiy ta`sir ko`rsatishi haqida xabar bergandik.
Mutaxassislar jazirama kunlarda quyosh nuri allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi haqida ham ogohlantirmoqda.
Xususan, Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazining ma`lum qilishicha, terining quyosh nuriga sezgirligi oshishi natijasida yuzaga keladigan kasallik fotodermatit deb ataladi. Statistik ma`lumotlarga ko`ra, bu xastalik dunyo aholisining taxminan 20 foizida uchraydi.
— Quyosh nurining o`zi allergen hisoblanmaydi, — deydi markaz rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova. — Biroq ultrabinafsha nurlanish teri yoki inson tanasidagi har qanday modda bilan o`zaro ta`sirga kirishganda, allergik reaksiya paydo bo`lishi mumkin.
Oqibatda ko`krakning yuqori qismi, bo`yin, qo`l sohalarida pufakcha, qavariq, qizil dog`, kuyish ko`rinishidagi turli toshmalar yuzaga keladi. Ba`zan terining qipiqlanishi, qichishishi va shishlar ham kuzatiladi.
Toshmalar jazirama ta`sir qila boshlagan ilk soatlardan to hafta davomigacha hosil bo`ladi.
Ko`pincha fotodermatit belgilari muolajalardan so`ng yo`qolib ketadi. Ammo bu holat insonni umr bo`yi ta`qib qilishi ehtimoli ham mavjud.
Xo`sh, bunday vaziyatda nimalarga alohida e`tibor qaratish lozim?
Avvalo, soat 10:00 dan 15:00 gacha soya-salqin joylarda bo`lish tavsiya etiladi.
Imkon qadar yopiqroq kiyinish kerak.
Sezuvchan teri uchun mo`ljallangan quyosh nuriga qarshi kremlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
Ba`zi dorilar fotodermatitni keltirib chiqarishi yoki xastalikni kuchaytirishi mumkin. Shu bois preparatning qo`llash ko`rsatmalarini diqqat bilan o`qish yoki shifokor bilan maslahatlashish kerak.
Atopik dermatitni davolashda qo`llaniladigan Elidel yoki Protopik surtmalaridan foydalanayotgan bemorlarga quyoshda yurish taqiqlanadi. Yoki bu vositalarni tushdan so`ng oqshomga qadar ishlatgan ma`qul.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Quyosh nuri allergik reaksiyani keltirib chiqarishi mumkin