Quyonchaning uychasi

Quyonchaning uychasi

Quyonchaning uychasi

DO`STLARGA ULASHING:

Bir bor ekan, bir yoq ekan, bir tulki bilan quyon bo’lgan ekan. Tulkining uychasi — muzdan, quyonniki — daraxtning postlog’idan qurilgan ekan. Bahor kelib, kunlar iligach, tulkining uychasi erib ketibdi. Boshpanasiz qolgan tulki tunashga joy berishni so’rab quyonning oldiga bordi-yu, uning uychasini egallab olib, o’zini haydab yubordi.
Quyoncha yo’lda yig’lab borar ekan, oldidan kuchukcha chiqib qoldi:
— Vov, vov, vov! Hoy quyoncha, nega yig’layapsan?
— Qanday qilib yig’lamay? Mening daraxt po’stlog’idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so’rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o’zimni xaydab yubordi.
— Qo’y, yig’lama, quyoncha! — dedi kuchukcha.
— Boshingga tashvish tushgan bo’lsa, men senga yordam beraman.
Ular birgalikda quyonning uychasiga kelishdi. Kuchukcha vovillab dedi:
— Vov,vov,vov! Hoy tulki, qani, buyoqqa chiq-chi!
Tulki esa pechning ustida yotganicha ularga dag’dag’a qildi.
— Hozir irg’ib o’rnimdan turaman-da, derazadan sakrab chiqib ikkalangni ham tilka-pora qilib tashlayman!
Bu dag’dag’adan qo’rqib ketgan kuchukcha juftakni rostlab qoldi.
Quyoncha yana yo’lda yig’lab borar ekan, oldidan ayiq chiqib qoldi:
— Ha, quyoncha, nima uchun yig’layapsan? — deb so’radi.
— Qanday qilib yig’lamay? — dedi hiqillab quyoncha. Mening daraxt po’stlog’idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so’rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o’zimni haydab yubordi.
— Qo’y, yig’lama, quyoncha! — yupatdi uni ayiq. — Boshingga tashvish tushgan bo’lsa, men senga yordam beraman.
Ular birgalikda quyonning uychasiga kelishdi. Ayiq bor ovozi bilan baqirdi:
— Hoy tulki, qani buyoqqa chiq!
Tulki esa pechning ustida yotganicha ularga dag’dag’a qildi.
— Hozir irg’ib o’rnimdan turaman-da, derazadan sakrab chiqib ikkalangni ham tilka-pora qilib tashlayman!
Bu dag’dag’adan qo’rqib ketgan ayiq juftakni rostlab qoldi.
Quyoncha yo’lda avvalgidan ham qattiqroq yig’lab borar edi. Oldidan xo’roz chiqib qolibdi.
— Qu-qu-qu-qu-u-uq!- dedi qichqirib. — Hoy, quyoncha, nega yig’layapsan?
— Qanday qilib yig’lamay? — dedi hiqillab quyoncha. Mening daraxt po’stlog’idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so’rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o’zimni haydab yubordi.
— Ketdik, — dedi xo’roz. — Boshingga tashvish tushgan bo’lsa, men senga yordam beraman.
— Yoq, xo’roz, qo’lingdan kelmaydi. Kuchukcha haydamoqchi bo’ldi — haydolmadi, ayiq haydamoqchi bo’ldi — haydolmadi. sen ham haydolmaysan.
— Men hayday olaman!
Ular birgalikda quyonchaning uychasiga kelishdi. Xo’roz etiklari bilan yerni tepib, qanotlarini qoqdi:
Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg’i o’rog’imni ko’tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!
Xo’rozning qichqirig’ini eshitib, tulki qo’rqib ketdi va ovoz berdi:
— Hozir etigimni kiyib olay…
Xo’roz yana qichqirdi:
— Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg’i o’rog’imni ko’tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!
Tulki yana ovoz berdi:
— Hozir! Kiyimimni kiyib olay…
Xo’roz uchinchi marta qichqirdi:
Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg’i o’rog’imni ko’tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!
Tulki lip etib uychadan chiqdi-yu, o’zini o’rmonning ichiga urdi.
Shundan keyin quyoncha yana o’zining daraxt po’stlog’idan qurilgan uychasida tinch-osoyishta yashay boshlabdi.

Quyonchaning uychasi