Qushcha va olmaxon to’liq malumot oling

Qushcha va olmaxon to’liq malumot oling

O‘rmondagi daraxtda olmaxon bilan kichkina qushcha qo‘shni bo‘lib yashar edi. Ular bir-birlariga xalaqit bermay, har biri o‘z ishi bilan band bo‘lardi. Olmaxon ertadan-kechgacha yong‘oq, qurigan mevalarni yigib qishga zaxira tayyorlar edi.Qushcha esa shu atrofdagi daraxtlarga oralagan zararli hasharotlarni terib yerdi. Olmaxonni har kuni ertalab to‘q-to‘q etgan ovoz uyg‘otardi. Bu — daraxt po‘stlog‘i tagida yashiringan hasharotlarni topib yeyayotgan qushchaning ovozi ekanligini bilardi.
Bir kuni olmaxon qushchaga qarab:

Qushcha, sening isming nima? — deb so‘radi.

Otim qushcha.

Qushcha ekanligingni bilaman. Qanday qushsan, deb so‘rayapman.

Qushcha o‘ylanib qoldi. Bu haqda hyech o‘ylamagan ekan.

Men oddiy qushchaman. Qanday qushcha ekanligimning nima ahamiyati bor?

Bor, hamma o‘z ismini bilishi kerak. Masalan, mana men olmaxonman, anavi quyon. Sen-chi chittakmisan, chumchuqmisan, zag‘izg‘onmisan, nimasan?
Qushcha g‘amgin bo‘lib boshini egdi va:

Men o‘zimni doim oddiy qushcha deb hisoblar edim, boshqa narsani bilmayman, — dedi.

Bu ishni shunday qoldirib bo‘lmaydi. Tezda o‘rmon majlisini yig‘ib sening qanday qush ekanligingni aniqlash kerak, — dedi olmaxon.
Olmaxon ayiqning oldiga borib fikrini aytdi va ular birgalashib o‘rmon hayvonlari majlisini chaqirishdi. Majlisda ular bilan yashayotgan qushchaning qanday qush ekanligini aniqlash masalasini hal qilish lozim edi.
Majlisga yig‘ilgan jonivorlar baqirib- chaqirib o‘z fikrlarini ayta boshlabdilar. Qushcha maydoncha o‘rtasidagi to‘nka ustida boshini egib turar, hayvonlarning baland ovozlaridan qo‘rqib titrar edi. Bahs- munozara shu darajaga yetdiki, endi qushchaga hyech kim e’tibor bermay ham qo‘ydi. U esa to‘nka ustida «chiq-chiriq, chiq-chiriq», deb yig‘lab turar edi.
Ordan bir oz vaqt o‘tgach, qushcha qanotlarini yozib osmonga ko‘tarildi. Lekin shovqin-suron solayotgan jonivorlar buni sezishmadi. Qushcha ularning tepasida bir- ikki aylandi-da uchib ketdi.
Oradan bir yil o‘tdi, o‘rmon hayoti o‘z yo‘nalishida davom etar edi. Bir kuni olmaxon zaxira uchun to‘plagan yong‘oqlariga qurt tushganini ko‘rib qoldi. Avvallari hyech bunday bo‘lmagan edi, chunki qushcha daraxtga yaqinlashgan zararli hasharotlarni terib yer va shu atrofdagi daraxtlarning salomatligiga mas’ul edi. Endi u anchadan beri bu yerlarga kelmaydi. Olmaxon buni tushundi va o‘zining qilgan ishidan qattiq afsuslandi.
Bir kuni tong saharda inida uxlab yotgan olmaxon to‘q-to‘q etgan tanish ovozni eshitdi. Qushcha qaytib kelgan bo‘lsa kerak, deb sevingancha shoshib inidan tashqariga chiqdi. Qarasa, bir notanish qush u yashayotgan daraxtdagi zararli hasharotlarni terib yeyayotgan ekan. Olmaxon qushga salom berib so‘rashdi, lekin uning qanday qush ekanligini so‘ramadi. Qush ham ortiqcha gapirmay o‘z ishini davom ettirdi. Olmaxon daraxt shoxida o‘tirib xayol surdi. O‘rmonda yong‘oq terib yurganida tanish qushchasini ko‘rsa, undan qilgan ishi uchun, albatta, uzr so‘rashni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. Qush esa ish orasida unga qarab qo‘yar ekan, olmaxonning g‘amginligini sezdi. O‘zining ulg‘ayib iniga qaytib kelgan o‘sha qushcha ekanligini, oti esa qizilishton ekanligini aytgisi keldi, lekin uni tanimagan olmaxonni xijolat qilishni istamay indamay qo‘ya qoldi.

Ertaklar
Qushcha va olmaxon