Qurbonlik qilish kimlarga vojib? to’liq malumot oling
SAVOL:
Hurmatli ustozlar, kimlar qurbonlik qilishi lozim? Umuman qurbonlik qilishga tegishli ahkomlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz.
JAVOB:
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Qurbonlik qilish – Islom shiorlaridan biridir. Alloh taolo qurbon hayiti kunida bizlarni hayit namozini o‘qishga, qurbi yetgan kishilarni esa qurbonlik qilishga buyurgan. Qur’oni karimda bu haqda shunday bayon qilingan:
فَصَلِّ لِرَبِّكَ وَانْحَرْ (سورة الكوثر/2)
ya’ni: “Bas, Rabbingiz uchun namoz o‘qing va (tuya) so‘yib qurbonlik qiling!” (Kavsar surasi, 2-oyat).
Fuqaholarimiz qurbonlikning ma’nosini ta’riflab: “Qurbonlik bu – muayyan hayvonni maxsus vaqtda so‘yishdir”, – deganlar. Qurbonlik ikkinchi hijriy sanada joriy bo‘lgan. Hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish vojibdir. U – hur, balog‘at yoshiga yetgan, oqil, muqim, ya’ni safarda bo‘lmagan va zakot nisobiga ega bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Qurbonlik qilishning vaqti hayit kuni tong otishi bilan kiradi va uchinchi hayit kuni quyosh botishi bilan chiqadi. Qurbonlik qilishni hayit namozi o‘qib bo‘lingandan keyin boshlanadi. Bu haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «اِنَّ اَوَّلَ مَا نَبْدَاُ بِهِ فىِ يَوْمِنَا هَذا اَنْ نُصَلِّىَ ثُمَّ نَرْجِعَ فَنَنْحَرَ فَمَنْ فَعَلَ فَقَدْ اَصَابَ سُنَّتَنَا وَمَنْ ذَبَحَ قَبْلَ الصَّلاَةِ فَاِنَّمَا هُوَ لَحْمٌ قَدَّمَهُ لِاَهْلِهِ لَيْسَ مِنَ النُّسُكِ فىِ شَيْءٍ»
(رواه الإمام البخارى).
ya’ni: “Darhaqiqat, bugungi kunda avval boshlaydigan ishimiz iydul azho (qurbon hayiti) namozini o‘qish, so‘ngra (uylarimizga) qaytib qurbonlik qilishdir. Kim shunday qilsa, demak u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim hayit namozidan oldin so‘ysa, u qurbonlik emas, balki o‘z ahli uchun taqdim qilgan go‘shtdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Qurbonlik qilinadigan hayvonlar mol, tuya, qo‘y va echkilardan iboratdir. Bu hayvonlarning erkagi ham, urg‘ochisi ham, bichilgani ham qurbonlik qilinsa, bo‘laveradi. Bulardan boshqa hayvonlarni qurbonlik qilib bo‘lmaydi.
Mol bilan tuyani 7 kishigacha sherik bo‘lib so‘yish mumkin. Bunda sheriklarning hammasi musulmon va qurbonlikni niyat qilgan bo‘lishi shart. Ammo ulardan birortasi shunchaki go‘sht uchun qo‘shilgan bo‘lsa, qolgan barcha sheriklarning qurbonligi o‘tmaydi. So‘yilgan hayvonning go‘shti sheriklar o‘rtasida tarozuda o‘lchab teng taqsimlanishiga ham alohida e’tibor qaratish zarur.
Qurbonlik qilishdan maqsad – bandaning Alloh taolo amriga bo‘ysunishi va taqvosini namoyon etishdir. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
لَنْ يَنَالَ اللَّهَ لُحُومُهَا وَلَا دِمَاؤُهَا وَلَكِنْ يَنَالُهُ التَّقْوَى مِنْكُمْ كَذَلِكَ سَخَّرَهَا لَكُمْ لِتُكَبِّرُوا اللَّهَ عَلَى مَا هَدَاكُمْ وَبَشِّرِ الْمُحْسِنِينَ (سورة الحج/37).
ya’ni: “Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli — U zotni ulug‘lashlaringiz uchun — ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (Haj surasi, 37-oyat).
Demak, qurbonlik qiluvchi shaxs niyati to‘g‘ri bo‘lishi, amalini xolis Alloh taolo uchun qilgan bo‘lishi lozimdir. Qolaversa, bu amalni bajarishda Alloh taoloning buyukligi va dinining ulug‘ligi zohir bo‘ladi. Vallohu a’lam.
Manba: muslim.uz
Islom
Qurbonlik qilish kimlarga vojib?