QUMQOʻRGʻON TUMANI

QUMQOʻRGʻON TUMANI

QUMQOʻRGʻON TUMANISurxondaryo viloyatidagi tuman. Viloyatning markaziy qismida joylashgan. 1977-y. 24-martda tashkil etilgan. Shim. dan Sariosiyo, jan. va jan.-gʻarbdan Jarqoʻrgʻon, sharqdan Oltinsoy, Shoʻrchi, Uzun, shim.-sharqdan Denov, gʻarbdan Bandixon va Boysun tumanlari, jan.sharqdan Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Mayd. 2,2 ming km2. Aholisi 158,3 ming kishi (2005). Tumanda 1 shahar (Qumqoʻrgʻon), 1 shaharcha (Hurriyat), 8 qishloq fu-qarolari yigʻini (Arslonboyli, jaloyir, Ketmon, Oqjar, Oqqapchi-gʻay, Yuqori Kakaydi, Oʻzbekiston, Qumqoʻrgʻon) bor. Tuman markazi — Kumkoʻrgʻon sh. Tabiati. Tuman hududi SurxonSherobod vodiysining markaziy qismida joylashgan, oʻrta qismidan shim. dan janub tomon Surxondaryo oqib oʻtadi. Relyefi, asosan, adirlardan iborat, Surxondaryo vodiysi gʻarbga (Sherobod — Sariqamish qirlari tomon) va sharqqa (Bobotogʻ tomon) asta-sekin koʻtarilib boradi. Foydali qazilmalardan Lalmikor neft koni, turli qurilish materiallari qazib olinadigan konlar bor. Iqlimi quruq subtropik iqlim. Qishi iliq, qisqa, yozi issiq, davomli. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi 3°, eng past t-ra —20°, —22°. Iyulning oʻrtacha t-rasi 30°, eng yuqori t-ra 48°. Yillik oʻrtacha t-ra 16°. Vegetatsiya davri 240—250 kun. Yiliga oʻrtacha 190—200 mm yogʻin tushadi. Tuman hududidan Surxondaryo va uning mavsumiy oqimga ega boʻlgan oʻng irmoqlaridan Oqqapchigʻay, Bandixon soylari oqib oʻtadi. Asosiy sugʻorish kanallari: Sherobod va Bobotogʻ mashina-magistral kanallari, Oʻgʻriguzar nasos st-yasi va b. bor. Daryo terrasalari allyuvial boʻz tuproq. Surxondaryoning har ikkala tomonidagi adirliklarda qum tuproq, togʻ etaklarida och tusli boʻz tuproqlar. Kserofit — efemeroid oʻsimliklar oʻsadi. Daryo boʻylarida qamish, qiyoq, yulgʻun, yantoq, qizilmiya, adirlarida betaga, noʻxatak, qoʻngʻir-bosh, shoshir, lolaqizgʻaldoq, qoʻzigul, togʻ yon bagʻirlarida karrak, kovrak, kiyikoʻt, suv havzalarida har xil baliklar yashaydi. Tuman hududida Jan. Surxon suv ombori joylashgan.

Ensiklopediya.uz
QUMQOʻRGʻON TUMANI