Qulupnay mevasining foydali jihatlari haqida malumot
Qulupnay – yozning eng mazali mevasidir. U juda shirin va foydali meva hisoblanadi. Uning pishishini juda ko‘pchilik intizorlik bilan kutadi. Chunki qulupnaylarni yoshu keksa – barcha yaxshi ko‘radi. Shu sabab bo‘lsa kerak, yozda mevaning o‘zi iste’mol qilinsa, qish uchun undan murabbo va sharbatlar tayyorlab qo‘yiladi.
Shunday ajoyib zamonda yashayapmizki, bugun yilning istalgan vaqtida qulupnaylarni supermarketlardan xarid qilishimiz mumkin.
Qulupnaylarning foydali tarkibi
Qulupnaylarda 5-12 foiz uglevod (glyukoza, fruktoza, saxaroza), limon va olma kislotasi, turli modda va fenol birikmalar bor. Vitaminlardan esa A, C, B va minerallardan: temir, kobalt, marganes, molibden va ftor mavjud.
Bilamizki, deyarli barcha vitaminlar juda nozik bo‘ladi va qayta ishlash jarayonida ular yo‘q bo‘lib ketadi. Ammo qulupnay tarkibidagi vitaminlar qayta ishlash jarayonida ham yo‘q bo‘lib ketmaydi va kishi organizmiga foydasi tegadi.
Qulupnaylar nimasi bilan foydali?
Agar vazn oshib ketishidan cho‘chimasangiz, unda qulupnayni qaymoq, smetana yoki tvorog bilan birga iste’mol qilsangiz bo‘ladi. Sut mahsulotlaridagi yog‘lar ichak devorlariga birikadi va qulupnayning bezovta qiluvchi holatlarining oldini oladi. Agar kishida ichak bezovtalanishi bo‘lmasa, qulupnayni yangi sut bilan iste’mol qilsa ham bo‘ladi.
Qulupnayni shakar bilan yeyish yaramaydi, chunki shundoq ham kishi organizmida shakar moddasi yetarlicha.
Ushbu mevani boshqa taomlar bilan aralashtirmay, birinchi yoki ikkinchi ovqatdan so‘ngina iste’mol qiling, chunki u oshqozon ichida bijg‘ish xususiyatiga ega. O‘zi umuman olganda, barcha mevalarda ana shunday xususiyat mavjud. Shuning uchun ularni hech qaysi taom bilan aralashtirib yemaslik tavsiya etiladi.
Kimda-kim o‘z immunitetini kuchaytirishni istasa bunga qulupnay yordam beradi. Olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, qulupnay kashanda va boshqa zararli odati bor kishilarning turli kasalliklarga chalinish xavfini pasaytirar ekan.
Bundan tashqari, qulupnaylarda yana bir o‘ziga xos xususiyat borki, ular kam kaloriyali meva hisoblanadi. 100 gram qulupnayda 30 kkal kaloriya mavjud. Bu mevada saxaroza ko‘p, ammo fruktoza anchayin yetarli. Yog‘ umuman yo‘q, oqsillar ko‘p. Bu parhezga amal qiluvchilar uchun juda yaxshi.
Qulupnayning kosmetika sohasida foydaliligi ancha oldin aytib o‘tilgan. Yangi qulupnoy yoki uning sharbati ayrim kosmetik vositalardan ko‘ra yaxshiroq ta’sir etadi: teridagi ajinlarni yo‘qotishda va terining ozuqa olishida yuqori samara beradi. Shu bilan birga yuzdagi dog‘lar va sepkillarga qarshi krasha oladi. Undan yuz uchun ishlatiladigan niqobni oddiy uy sharoitida ham tayyorlab olsa bo‘ladi.
Qulupnay ichaklarni tozalashda, jigar va buyrakning yaxshi ishlashiga, qabziyat va anemiyaga qarshi, shuningdek,buqoqning oldini olishda qo‘l keladigan foydali mevadir.
Qulupnayning zararli xususiyatlari
Qulupnay juda “injiq” meva bo‘lib, barchaga teng foydali bo‘lavermaydi. Tarkibidagi kislota sabab oshqozon-ichak yo‘llarida kasalligi bor kishilar uchun u juda zararlidir. U ayrim kishilarda turli allergiyani qo‘zg‘atishi mumkin. Qon bosimi yuqori kishilarga ham uni iste’mol qilishni tavsiya etishmaydi. Yodda saqlang: qulupnayni me’yoridan ortiq yeyish inson organizmi uchun xavflidir.
Bir kunda ko‘pi bilan yarim kilocha qulupnayni iste’mol qilish maqsadga muvofiqdir. Organizm aynan shuncha miqdordagi qulupnayni xamz qila oladi.
Ehtiyot bo‘ling: qulupnayning erta navlari juda tez aynib qoladi. Shu sabab ayrim ishlab chiqaruvchilar qulupnaylarni tez hosilga kirishi uchun ularga azot va shunga o‘xshash zararli narsalarni qo‘shishadi.
Shifokorlarning uqdirishicha, o‘z mavsumida paydo bo‘lmagan meva va sabzavotlarning tarkibida zararli netratlar bo‘ladi va ularda vitaminlar juda va juda oz bo‘ladi. Ayniqsa, qishda paydo bo‘ladigan qulupnaylarning mazasi ham sizni u darajada xursand qilmaydi.
7 yoshdan kichik bolalarga qulupnaylarni berish tavsiya etilmaydi. Kechpishar qulupnayni bersa bo‘ladi, faqat kuniga beriladigan miqdori 100 grammdan oshmasligi kerak.
Qulupnayni qanday tanlasa bo‘ladi?
Quruq, butun, zararlanmagan va iloji bo‘lsa yashil qalpoqchali qulupnaylarni tanlang.
Rangiga qarab tanlasangiz ham bo‘ladi. To‘q qizil rangli qulupnaylar mazasi yaxshiligidan va yetilib pishganligidan dalolat berib turadi. Lekin afsuslar bo‘lsinki, zamonaviy davrimizda ayrim qalloblar qulupnaylarni bo‘yab ham sotishmoqda. Shu sabab uni sotib olayotgan vaqtingizda ziyrak bo‘ling – qulupnayni hidlab ko‘ring. Bu mevaning yoqimli, original hidi mavjud, huddi har bir mevaning o‘z hidi bo‘lganidek.
Shuni bilish muhimki, bog‘da yetishtiriladigan qulupnaylar mavsumi 4 haftani tashkil etadi. Boshqa vaqtda chiqqan qulupnaylarning esa foydasi kamroq, mazasi shirinsiz bo‘ladi.
Qulupnay qanday saqlanadi?
Bu mevani saqlashning umuman keragi yo‘q. U hatto muzlatgichda ham uzoq saqlanib turmaydi. Agar qulupnay nitratlar yordamida yetishtirilgan bo‘lsa, unda u muzlatgich ichida sog‘liq uchun juda zararli mahsulotga aylanadi.
Qulupnayni yig‘ib olgandan keyin 1-2 kun ichida yeyish kerak. Birdaniga ko‘p sotib olish ham bo‘lmaydi, eng yaxshisi uni iste’mol qilganingizcha sotib oling.
© Xabardor.uz
Kasalliklar
Qulupnay mevasining foydali jihatlari