QOYALI TOGʻLAR

QOYALI TOGʻLAR

QOYALI TOGʻLAR — Shim. Amerikadagi togʻ sistemasi, Shim. Amerika Kordilyera togʻlarining sharqiy qismi, Kanada va AQSHning gʻarbida. Shim.-gʻarbdan jan.-sharqqa 3200 km ga choʻzilgan. Eni 700 km gacha. Tinch okean bilan Atlantika okeani havzalari oʻrtasida suvayirgʻich xisoblanadi. Qoyali togʻlardan Missuri, Kolorado, Rio-Grande, Sneyk, Arkanzas daryolari boshlanadi. Qoyali togʻlar 45° sh. k. da shimoliy va jan. qismlarga boʻlinadi. Uzoqqa choʻzilgan shim. tizmalari, asosan, granitlardan tuzilgan boʻlib, eng baland joyi 3954 m (Robson togʻi). Jan. tizmalari qisqa boʻlib, qumtosh, gilli slanes, ohak-toshlardan tuzilgan. Eng baland joyi 4399 m (Elbert togʻi, Qoyali togʻlarning eng baland nuqtasi). Iqlimi kontinen-tal, yillik yogʻin 1000 mm gacha. Tizmalar keng havzalar bilan boʻlingan. Molibden, mis, oltin, kumush, polimetall rudalari, neft, toshkoʻ-mir konlari bor. Geyzer va termal buloq koʻp. Shim. da togʻ tayga oʻrmonlari, togʻ tayga siyrak oʻrmonlari, togʻ tundra va yalangliklar, jan. da dasht, oʻrmon, subalp igna bargli oʻrmonlar, alp oʻtloqlari mavjud. Oʻrmonlar chegarasi shim. da 1500 m, jan. da 3600 m balandlikda, undan yuqorisi alp oʻtloqlari va doimiy qorlar. Qor chizigʻi jan. da 4000 m, shim. da 2500 m balandda. Vodiylar landshafti dasht va chala choʻldan ibo-rat. Jasper, Banf, Yoxo, Yellouston, Roki-Mauntin va b. milliy bogʻlar tashkil etilgan.

Ensiklopediya.uz
QOYALI TOGʻLAR