Qovun yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar
Qovun yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar
DO`STLARGA ULASHING:
Urug‘ tanlash. Ekiladigan tarvuz urug‘i toza, yuqori unuvchan, kasallik yuqmagan, o‘rtacha kattalikda, butun (sinmagan) bo‘lishi zarur. Urug‘lar boshqa o‘simliklar urug‘lari va aralashmalaridan tozalanadi.
Yer tayyorlash. Yer kuzda 35 sm chuqurlikkacha shudgor qilinadi. Yerni shudgorlashdan oldidan ma’dan va organik o‘g‘itlar beriladi. Bahorda tuproqda namni saqlab qolish uchun yerga uzun tishli xaskash yordamida ishlov beriladi. Qovun ekini erta muddatlarda ekilganda yerni bahorda qayta shudgorlashning hojati yo‘q. Ekinlar kechki muddatlarda ekilganda yerni qayta shudgorlash zarur. Bunda tuproqni ag‘darmasdan turib, 22 sm chuqurlikda yumshatib chiqiladi.
Parvarishlash. Qovun urug‘i nam tuproqqa ekilsa nihollar unib chiqquncha sug‘orish talab etilmaydi. Qovun ekinini asosiy parvarishlash ishlari o‘simliklarni yaganalash, tuproqni yumshatish, ekinni oziqlantirish, chopiq qilish, sug‘orish, palaklarni to‘g‘rilash, begona o‘tlar va zararkunandalarga qarshi kurashishni o‘z ichiga oladi.
Yaganalash ikki bosqichda: birinchisi o‘simlik chinbarg chiqarganda va birinchi chopiq vaktida o‘tkaziladi. Nihollar yalpi unib chiqishi bilan bir qatorda oralarini yumshatishga kirishiladi.
Nihollar unib chiqqandan 20-25 kun o‘tgach, ya’ni ularda ikkita-uchta chinbarg paydo bo‘lganidan keyin ekin birinchi marta chopiq qilinadi, dastlabki suv beriladi, oziqlantiriladi. Ikkinchi chopiq birinchisidan 25-30 kundan keyin o‘tkaziladi. O‘suv davrida qator oralari 4-5 marta chopiq qilinadi.
O‘g‘itlash. Qovun uchun 1 sotix yerga sof holda 0,750 g azotli, 0,750 g fosforli va 0,500 g kaliyli, organik o‘g‘itlardan 300-400 kg solinadi. Bo‘z tuproqli yerlarda o‘suv davrida ekini har gal 1 sotix yerga 4-5 m3 hisobidan 8-9 marta sug‘orish kifoya. Sizot suvi yuza joylashgan dalalarda esa bo‘ztuproqli yerlarga qaraganda kamroq 4-5 marta sug‘oriladi. O‘suv davrida poliz ekinlarini suv bilan bir tekis ta’minlash hosilni oshirish garovidir.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Urug‘larni ekishdan oldin Fundazol preparati (4-8 g 1 kg uruqqa) bilan yoki Ponaktin (4 g – 1kg urug‘ namlanadi) bilan namlab ekish tavsiya etiladi. Urug‘larni kasalliklardan zararsizlantirish maqsadida ekishdan oldin birorta mikroelementlarga solib bo‘ktirib qo‘yiladi. Ular: mis, rux va marganets (0,05% yoki 0,5 g/kg), temir va bor (0,025% yoki 2,5 g/kg). Ivitilganda suyuqlik harorati 20-22 S da 12 soat davom etadi.
Zararkunandalari – poliz biti (shirasi), o‘rgimchakkana, oqqanot, kuzgi tunlam, poliz qo‘ng‘izi, qovun pashshasi va boshqalar.
Kurash usullari: agrotexnik usulda ekinlarni almashlab ekishga rioya qilish, yerlarni chuqur haydash; yaxob suvi berish.
Biologik usulda poliz bitiga, o‘rgimchakkanaga, oqqanotga qarshi oltinko‘z kushandasini, oqqanotga qarshi enkarziya parazitini qo‘llash.
Kimyoviy usulda 10 sotix yerga oqqanot, shiralarga qarshi Mospilan 20% (25-30 ml), Siraks 25% (120-160 ml) va boshqa preparatlar qo‘llaniladi. Qovun maysa pashshasi va qovun pashshasiga qarshi Karbofos 50% (200 ml), Nestor 20% n. k. (300 g), Agrofos D 55% (150 ml) preparatlari qo‘llaniladi.
Kasalliklari: Ildiz chirish, fuzarioz so‘lish, unshudring, oddiy bodring mozaikasi. Kurash usullari: ekinlarni almashlab ekishga rioya qilish, o‘simlik qoldiqlarini yo‘qotish, fungitsidlardan Bayleton 25% (300-400 ml), Topaz 10% (200-250 ml), Kurzat R n. kuk. (200-250 g), Folikur 22,5% (50 ml) preparatlarini 60-70 litr suvga aralashtirib purkash tavsiya etiladi.
R. Hakimov, F. Rasulov
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi saytidan
Qovun yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar