Qorin og’rishi — turlari, sabablari va o‘ziga xos belgilari haqida malumot

Qorin og’rishi — turlari, sabablari va o‘ziga xos belgilari haqida malumot

Qorin og’rishi, qorindagi og‘riqlar – bemorlar tomonida eng ko‘p aytiladigan shikoyat. Og‘riq har xil ko‘rinishda kelishi mumkin, chunki qorin bo‘shlig‘ida turli a’zolar bor: oshqozon, jigar, o‘t qopi, oshqozon osti bezi, ichaklar va ularga yaqin joylashgan tuxumdon hamda buyraklar. Ularning har biri uchun og‘riq turi o‘ziga xos va davosi ham farqlanadi. Ba’zi hollarda uy sharoititda, ba’zi hollarda tez tibbiy yordamga ehtiyoj seziladi.

Qorin og‘riqlarni qanday farqlash mumkin?

Qorindagi og‘riqlarning quyidagi asosiy turlari farqlanadi:

Qorinning spastik og‘rishi

Spastik (sudorgi) – to‘lqinsimon ko‘rinishda yuzaga keladi, birdan og‘riq kuchayib ketadi yoki og‘riq birdan kamayadi. Og‘riq ichaklarning deformatsiyasi bilan (kengayishi yoki siqilishi), ichaklarning giperpersitaltikasi bilan asoslanadi. Bunday og‘riqlarni ichaklarda ortiqcha gazlar to‘planishida, stress vaqtida va ichaklarning infeksion yallig‘lanish kasalliklarida uchratsa bo‘ladi. U turdagi og‘riq ichida eng xavfli va yoqimsizi “o‘tkir qorin” degan termin bilan tushuntiriluvchi jarayon hisoblanadi (o‘tkir pankreatit, peritonit). Bunda og‘riq kuchli, to‘satdan paydo bo‘lgan, tarqoq, umumiy ahvol og‘irlashgan, tana harorati oshgan, kuchli ko‘ngil aynashi va eng asosiysi qorin old devorlari kuchli qisqargan ya’ni qattiq bo‘ladi. Bemorga har qanday og‘riqsizlantiruvchi preparatlar berish ta’qiqlanadi, shifokor kelishini kutish kerak yoki jarrohlik bo‘limiga olib borish lozim. Appenditsit boshlanish davrida kuchli og‘riqlar bilan kelmaydi, og‘riq sekin-asta, davomli bo‘ladi, qorin o‘ng qovurg‘a osti sohasida yoki chap tomondan boshlanishi ham mumkin, tana harorarti biroz ko‘tarilishi, qayt qilish ham mumkin. Umumiy ahvol vaqt o‘tishi bilan og‘irlashadi va oxir-oqibat “o‘tkir qorin” simptomini beradi.

Qorin og‘rishi
Foto: Apekinah.com

Qorindagi doimiy og‘riqlar

Qorindagi doimiy og‘riqlar – qorin sohasida doimiy og‘riqlar bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Bemorlar ko‘pincha og‘riqni “qorning yonayapti, kuyayapti” deb ta’riflashadi, o‘tkir, kesuvchi yoki “och qolgandagi og‘riq” kabi yuzaga keladi. Bunday og‘riqlar oshqozon ichak tizimidagi jiddiy yallig‘lanish kasalliklarida kelib chiqadi, yara kasalligi, o‘t-tosh kasalligi xuruji, absess yoki pankreatit kabi.

Qorindagi surunkali og‘riqlar

Surunkali og‘riqlar – vaqti vaqti bilan paydo bo‘lib yo‘qolib turadigan og‘riqlar. Bunday og‘riqlar turli xil surunkali kasalliklar natijasida kelib chiqadi. Agar shunday og‘riqlar kuzatilsa, albatta, shifokorga murojaat qilish va ayrim savollarga tayyor turish kerak: og‘riq ovqat yeyish bilan bog‘liqmi yo‘qmi (ovqatdan oldin yoki keyin paydo bo‘ladimi, ayrim ovqatlardan keyin paydo bo‘ladimi kabi), qanchalik darajada kuchli, tez-tez paydo bo‘ladimi, voyaga yetgan qizlarda hayz ko‘rishi bilan bog‘liqmi, odatda qorinning qaysi sohasida paydo bo‘ladi va qayerga tarqaladi, qanday choralar foyda beradi (dori preparat qabul qilganda, klizmada, massaj qilganda, tinchlanganda, issiq yoki sovuq qilganda va shu kabilar).

Yuqoridagilardan tashqari qorin og’rishi qorin bo‘shlig‘ida joylashgan a’zolarga bog‘liq bo‘lmagan holda ham kelib chiqadi. Bunday og‘riq – nevrotik og‘riq deyiladi. Og‘riq inson nimadandir qo‘rqganda, psixoemotsional stresslarda paydo bo‘ladi. Bemor og‘riq darajasini o‘ta kuchli ta’riflasa ham tekshirib ko‘rilganda a’zolarda hech qanday patologiya topilmaydi. Psixolog yoki nevropotolog tavsiyalari kerak bo‘ladi.

Ko‘pincha og‘riq qo‘shimcha simptomlar bilan keladi, terlash, ko‘ngil aynishi, qusish, qorin g‘uldirashi (ayniqsa yotganda). Bu simptomlar ichaklar tizimi buzilganida, oshqozondagi o‘zgarishlarda, o‘t yo‘llaridagi ba’zi patologiyalarda yoki oshqozon osti bezida yallig‘lanish jarayonlarida kelib chiqadi. Tana harorati ko‘tarilishi odatda infeksion yallig‘lanishlarda kuzatiladi. Siydik va najas rangi o‘zgarishi o‘t yo‘llari kasalliklarida, tosh tiqilib qolganda paydo bo‘ladi. Siydik rangi to‘qlashadi, najas rangi oqaradi. To‘q qora rangli najas yoki qon bilan kelgan najas ichaklarda qon ketayotganidan dalolat beradi va zudlik bilan shifokorga murojaat qilishga belgi bo‘ladi.

Qorin og’rishi qancha davom etishi mumkin?

Odatda bir necha soniydan bir necha daqiqagacha davom etadigan og‘riqlar unchalik xavf tug‘dirmaydi. Agar og‘riq soatlab, hattoki kunlab davom etsa, shifokorga murojaat qilishingiz zarur bo‘ladi.

Og‘riqlar qachon paydo bo‘ladi?

Og‘riqlar har qanday vaqtda to‘satdan paydo bo‘lishi mumkin. Quyida ko‘p ucharaydigan qorin og’rishi bilan yuzaga keluvchi kasalliklar haqida ma’lumot beramiz:

To‘satdan yuzaga chiquvchi, tunda uyqudan uyg‘otuvchi og‘riq ovqat yegandan keyin paydo bo‘lishi mumkin. Sanchuvchi, kesuvchi og‘riq ichaklar yara kasalligida bo‘ladi, ovqat yeyishdan oldin paydo bo‘ladi. O‘t tosh kasalligigda va oshqozon osti bezi kasalliklarida odatda ovqatdan keyin og‘riqlar boshlanadi.

Ichaklar disfunksiyasida og‘riq ovqatlangandan keyin qorin dam bo‘lishi, gaz yig‘ilishi, peristaltikaning kuchayishi, diareya yoki ich qotishi bilan yuzaga chiqadi. Og‘riq odatda ich kelgandan keyin o‘tib ketadi. Ichaklar yallig‘lanish kasalliklarida diareya, spazm va og‘riq ich kelgandan keyin yoki oldin paydo bo‘ladi. Psixogen kasalliklar ichida 30 %ida qorin og’rishi kuzatilishi mumkin.

Qorinning aynan qayeri og‘riydi?

Kasallik diagnostikasida og‘riq lokalizatsiyasi ahamiyatli bo‘ladi. Qorinning yuqori qismlarida paydo bo‘ladigan og‘riq odatda qizilo‘ngach, oshqozon, o‘n ikki barmoq ichak, o‘t yo‘llari, jigar va oshqozon osti bezi kasalliklarida kuzatiladi. O‘t yo‘llari tosh kasalligi va jigar kasalliklarida og‘riq o‘ng qovurg‘a ostida bo‘lib, orqa o‘ng kurak sohasiga ko‘chishi mumkin. Pankreatit va oshqozon yarasi kasalliklarida og‘riq orqa umurtqa sohasiga ham tarqalishi mumkin. Kindik tarofida va qorinning o‘rta sohalarida paydo bo‘ladigan og‘riqlar ingichka ichak va yo‘gon ichakning ayrim kasalliklarida uchraydi. Chanoq sohasidagi og‘riqlar esa to‘g‘ri ichak bilan bog‘liq bo‘lgan patologiyalarda kelib chiqadi. Og‘riq davomiyligi bir necha daqiqalardan bir necha soatlargacha davom etib, to‘mtoq, o‘tkir, sanchuvchi-kesuvchi, takroriy xarakterlarga ega bo‘ladi. 70 % holatlarda ichaklar motorikasi buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zgarishlarda og‘riq paydo bo‘ladi (ich ketishi yoki qotishi).

Qorin og’rishi sabablari nima?

Qorindagi og‘riqlarga, asosan, iste’mol qilinayotgan ovqat sabab bo‘ladi. Qizilo‘ngachning ta’sirlanishiga sho‘r mahsulotlar, juda issiq yoki sovuq ovqat sabab bo‘ladi. Ayrim yog‘li, xolesteringa boy mahsulotlar o‘t tosh kasalliklarida xurujli og‘riqlarga sabab bo‘ladi. Ba’zi insonlar sut, sut mahsulotlari, shakar yoki laktozani hazm qila olmaydilar va ularda qorinda og‘riq, dam bo‘lish va ich ketishlar kuzatiladi.

Shifokorga qanday holatlarda murojaat qilish kerak?

Quyidagi keltirilganlardan bittasi ham kuzatilsa shifokor-gastroenterologga murojaat qiling:

  • Qorinda tez-tez og‘riq bo‘lsa;
  • Og‘riq mehnat faoliyatingizga halaqit qilsa;
  • Tana vazningiz kamayotganini yoki ishtahangiz pasayotganini sezsangiz;
  • Og‘riq ko‘ngil aynishi yoki qusish bilan kechsa;
  • Ichaklarda qandaydir o‘zgarishlar bo‘lsa;
  • Ilgarilari yara kasalligi, o‘t tosh kasalligi, ichaklar yallig‘lanish kasalliklari yoki jarrohlik amaliyotlari o‘tkazgan bo‘lsangiz;
  •  Dori preparatlar qabul qilganangizdan keyin qorin og’rishi sezilsa (aspirin, nosteroid yallig‘lanishga qarshi vositalar).

Qaysi kasalliklarda qorinda og‘riqlar kuzatiladi?

Epigastral sohadagi og‘riqlar

  • Xarakteri: to‘mtoq yoki o‘tkir, simillovchi;
  • Qayerga tarqaladi: oshqozon bo‘ylab to‘sh orqasiga;
  • Nima bilan keladi: og‘riq kuchayishi cho‘qqiga yetganda qayt qilish bilan keladi, qusgandan keyin og‘riq o‘tib ketadi;
  • Nimadan keyin boshlanadi: jismoniy harakat bilan bog‘liq emas, ko‘pincha ovqat turiga bog‘liq bo‘ladi, achchiq, nordon, o‘tkir kofe, kuchli stress bo‘lganda;
  • Qanday kasallik bo‘lishi mumkin: gastrit yoki oshqozon yara kasalligi.
  • Nima qilish kerak: gastroenterolog tavsiyani olish, agar daignoz tasdiqlansa, yara kasalligini 7-14 kunda davolasa bo‘ladi. Og‘riq xuruj qilgan paytda bemor ahvolini yaxshilash uchun, uni yotqizgan holda iliq grelka qo‘yish kerak, iliq suv yoki yumshoq choy ichirish kerak. Agar qayd qilganda qon ham bo‘lsa (bu “kofe quyqasi” rangida bo‘ladi) darhol tez tibbiy yordam chaqirtirish zarur.

O‘ng qovurg‘a ostida og‘riqlar

  • Xarakteri: siquvchi, o‘tkir birdan boshlanuvchi;
  • Qayerga tarqaladi: o‘ng tomondan belga, ko‘krak qafasining o‘ng tomoniga, o‘ng yelkaga, o‘ng kurak ostiga;
  • Nima bilan keladi: og‘izda yoqimsiz ta’m, o‘t safroli qayt qilish, qayt qilgandan keyin yengillik sezish, tana harorati ko‘tarilishi;
  • Nimadan keyin boshlanadi: yog‘li ovqatlar iste’mol qilgandan keyin yoki transportda tebrangan vaqtida;
  • Qanday kasallik bo‘lishi mumkin: xolesistit.
  • Nima qilish kerak: spazmolitiklar va hazm qilishda yordam beruvchi fermentlar ichish kerak. UTT tekshiruvida o‘t qopida tosh bor yoki yo‘qligini aniqlash. Agar tosh yo‘q bo‘lsa, og‘riqni yengillashtirish uchun o‘t qopini yengil harakatlar bilan bo‘shashtiring va o‘t safro haydovchi preparatlardan iching, kam-kamdan 2-3 daqiqa davomida. Shundan so‘ng iliq grelka bilan shu sohani isiting, 40-60 daqiqa davomida. Muolajadan keyin yengillik sezasiz. Agar sizda hech qanday o‘zgarish sezilmasa, muolajani darhol to‘xtating. O‘t qopida tosh bo‘lsa, jarroh bilan maslahatlashing, o‘z boshimchalik bilan ish tutmang!

Qorinning hamma joyida og‘riq sezish

  • Xarakteri: qorin yuqori sohasidagi og‘riqlar kabi;
  • Qayerga tarqaladi: orqa bel sohasiga;
  • Nima bilan keladi: og‘izda quruqlik va yoqimsiz ta’m sezish, bir necha marotaba qusish, qusgandan keyin yengillik sezmaslik, arterial bosimning oshishi;
  • Nimadan keyin boshlanadi: spirtli ichimliklar ichgandan keyin, achchiq va yog‘li ovqatlar yegandan keyin;
  • Qanday kasallik bo‘lishi mumkin: o‘tkir pankreatit;
  • Nima qilish kerak: zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilish kerak. Chunki uning oqibatida oshqozon osti bezi hujayralari o‘limi – pankreonekroz kelib chiqishi mumkin, bu esa hayot uchun xavflidir.

Kindik atrofida og‘riq sezish

  • Xarakteri: to‘satdan paydo bo‘lishi, kuchli, siquvchi og‘riq;
  • Qayerga tarqaladi: hech qayerga tarqalmaydi;
  • Nima bilan yuzaga keladi: umumiy holsizlik, isitma;
  • Nimadan keyin boshlanadi: kletchatkaga boy mahsulotlar, o‘tkir kofe, shokolad iste’mol qilgandan keyin;
  • Qanday kasallik bo‘lishi mumkin: ichak xuruji (kolika).
  • Nima qilish kerak: spazmolitik tabletka qabul qilish va tinch yotish. Og‘riq o‘z-o‘zidan 15-20 daqiqadan keyin o‘tib ketadi, ammo og‘riq yana qayta paydo bo‘lishi mumkin. Bunda yana shunday taktika qo‘llaniladi. Simptomlar qayta takrorlanmasligi uchun yuqoridagi mahsulotlarni haddan ortiq iste’mol qilmang. Agar og‘riq sizni ko‘p va takror-takror bezovta qilsa, albatta, shifokorga murojaat qiling.

Qorin o‘rta sohasi, bir tomonlama og‘riq

  • Xarakteri: to‘satdan paydo bo‘ladi, juda kuchil bo‘lishi mumkin, bemorlar yotoqda yotib qoladi, o‘zini qo‘yarga joy topa olmay qoladi;
  • Qayrga tarqalishi mumkin: bel sohasiga;
  • Nima bilan keladi: siyish hissini chaqiradi;
  • Nimadan keyin boshlanadi: ko‘p suyuqlik ichgandan keyin, gazli suv yoki tarvuz ko‘p iste’mol qilganda;
  • Bu qanday kasallik bo‘lishi mumkin: buyrakdagi toshning ko‘chishi;
  • Nima qilish kerak: spazmolitik, issiq vanna, shu sohani isitish. Agar siydikda qon va og‘riq juda kuchli bo‘lsa, zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirtiring.

Qorin pastki sohasi o‘ng tomonda og‘riq

  • Xarakteri: boshlanishida qorin epigastral soxada boshlanib, sekin asta og‘riq kuchayib o‘ng qovurg‘a osti soxasiga ko‘chadi;
  • Qayerga tarqaladi: to‘g‘ri ichakka, yurganda kuchayadi, chap yonboshga yotganda og‘riq kuchayadi;
  • Nima bilan keladi: tana harorati ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi;
  • Nimadan keyin boshlanadi: aniq bir bog‘liq narsa yo‘q;
  • Bu qanday kasallik bo‘lishi mumkin: appenditsit;
  • Nima qilish kerak: tez tibbiy yordam chaqirtirish zarur.

Butun qorin bo‘ylab og‘riq sezish

  • Xarakteri: qorinning barcha sohalarida bir vaqtda og‘riq sezish;
  • Qayerga tarqaladi: qorinning har qanday qismiga tarqalishi mumkin;
  • Nima bilan keladi: og‘iz qurishi, ko‘ngil aynishi, tana harorati ko‘tarilishi, umumiy holsizlik;
  • Nimadan keyin boshlanadi: avvalgi ma’lum bir sohadagi og‘riqlardan keyin, dori preparatlari ham yordam bermgandan keyin;
  • Bu qanday kasallik bo‘lishi mumkin: qorin parda yallig‘lanishi (peritonit), o‘lim xavfi bo‘lgan kasallik!
  • Nima qilish kerak: zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirtirish kerak.

Ayollarda qorin ostki sohasi og‘rishi

Qovuq oldi sohasi markazida yoki ikki tomonlama og‘riq

  • Xarakteri: doimiy emas, cho‘ziluvchan;
  • Qayerga tarqladi: oraliq sohaga, qorinning yon sohalariga;
  • Nima bilan keladi: yurganda kuchayadi, jinsiy yo‘llardan suyuqlik kelishi;
  • Nimadan keyin boshlanadi: sovuq qotgan keyin, o‘tkir ovqatlar yegandan keyin, kuchli stressdan keyin;
  • Bu qanday kasallik bo‘lishi mumkin: ginekologik sferada kuzatiladigan kasalliklar, masalan adneksit, endometrioz, fibromioma;
  • Nima qilish kerak: ginekolog huzuriga borish.

Qovuq sohasining o‘ng yoki chap tomonida og‘riq

  • Xarakteri: to‘satdan paydo bo‘lishi, o‘tkir, juda kuchli;
  • Qayerga tarqaladi: orqa chiqaruv sohasiga, yoki hech qayerga (og‘riq mahalliy);
  • Nima bilan yuzaga keladi: bosh aylanishi, umumiy holsizlik, hushdan ketish;
  • Nimadan keyin paydo bo‘ladi: ko‘pincha jinsiy aloqadan keyin (kista yorilishi) yoki hayz kelmaganidan keyin 1-2 hafta o‘tib (bachadondan tashqari homiladorlik);
  • Bu qanday kasallik bo‘lishi mumkin: tuxumdon kistasi yorilishi yoki bachadondan tashqari homiladorlik;
  • Nima qilish kerak: darhol tez tibbiy yordam chaqirtirish shart.

Qorin og’rishi bezovta qilsa, kimga murojaat qilish lozim?

  • Disbakterioz – gastroenterology, infeksionist;
  • Reaktiv pankreatit (dispankreatizm) – gastroenterolog;
  • Gepatit A, B, C, E, D – gepatolog, infeksionist;
  • Infeksion mononukleoz – pediatr, infeksionist;
  • Toksoplazmoz – infeksionist;
  • Piyelonefrit, glomerulonefrit, dismetobolik nefropatiya, kristalluriya – nefrolog, urolog;
  • Gastrirt, yara kasalligi – gastroenterolog;
  • O‘tkir qorin (appenditsit, o‘tkir pankreatit, peritonit, yara teshilishi) og‘riq kuchli, tarqoq, umumiy ahvol og‘ir, tana harorati ko‘tarilishi, kuchli qayt qilish, qorin mushaklari kuchli qisqargan bo‘ladi – jarroh, tez tibbiy yordam chaqirtirish;
  • Ginekologik og‘riqlar (adneksit va boshqalar), urogen infeksiyalar (xlamidiya, mikoplazma, trixomonada) –  ginekolog;
  • Oshqozon ichak tizimida surunkali infeksiya o‘choqlari (iyerseniya, xlamidiya, trixomonada, salmonella tashuvchisi, shigellyoz, gijjalar, (ameba, lyablya)) – gastroenterolog, infeksionist, parazitolog;
  • O‘t-tosh va buyrak-tosh kasalliklari – gastroenterolog, nefrolog, urolog.

Gastroenterologik kasalliklarda eng kop qo’llaniladigan dori vositalardan biri REBAGITdir:

https://apteka.uz/uz/product/rebagit

*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

Gastroenterologik kasalliklarda eng kop qo’llaniladigan dori vositalardan biri REBAGITdir:

https://apteka.uz/uz/product/rebagit

*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

Kasalliklar
Qorin og’rishi — turlari, sabablari va o‘ziga xos belgilari