QORAQURTLAR haqida

QORAQURTLAR haqida

QORAQURTLAR

QORAQURTLARoʻrgimchaklar urugʻi. 6 turi maʼlum. Shim. Afrika, Gʻarbiy Osiyo, Jan. Yevropada, Oʻrta Osiyo, Moldaviyadan Yeniseygacha boʻlgan joylardagi dashtlarda, Ukrainaning jan. da tarqalgan. Oʻzbekistonda oddiy qoraqurt, oq qoraqurt va Dal qoraqurti uchraydi. Oddiy Qoraqurtlar urgʻochisining uz. 10—20 mm, erkaginiki 4—7 mm. Qoraqurtlar usti baxmalsimon, qora tusda. Erkagi va voyaga yetmagan urgʻochi Qoraqurtlar qorni orqasida oq hoshiyali qizil nuqtalar bor. Hasharot (asosiy ozigʻi)ga boy dasht, choʻl va chala choʻllarda yashaydi. Urgʻochisi pana joylarga uya yasab, chiqaverishga oʻlja tutish uchun toʻr toʻqiydi. Uyasiga ilib qoʻyilgan har bir pillada (buning kattaligi kichik yongʻoqdek, umr boʻyi 4—7 dona) 200—400 tagacha tuxum boʻladi. Tuxumdan chiqqan yosh Qoraqurtlar pilla ichida qishlab, aprelda pilladan chiqadi. Yosh Q. 6-marta tullab, iyunda voyaga yetadi. Bahorda kun isishi bilan urgʻochi va erkagi vaqtinchalik toʻr toʻqiydi. Erkagi urgʻochisini urugʻlantirgandan soʻng nobud boʻladi. Urugʻlangan Qoraqurtlar uya yasash uchun joy qidirib koʻchib yuradi. Shu davrda Qoraqurtlar chaqishi (bezovta qilinganda) koʻp uchraydi. Qoraqurtlarning zahar bezlari bosh koʻkragida joylashgan, bezlar yoʻli xelitseraga ochiladi. Zahari oqsil toksindan iborat; neyrotrop taʼsirga ega. Qoraqurtlar zahari tuya va otlarga ayniqsa kuchli taʼsir qilib, oʻlimga olib kelishi mumkin. Urgʻochi Qoraqurtlarning chaqishi odam organizmining umumiy zaharlanishiga, baʼzan oʻlimga sabab boʻlishi mumkin. Bu koʻngilsiz hodisaning oldini olish uchun Qoraqurtlar zahariga qarshi zardobdan foydalaniladi. Zardob va zardoblar ilmiy tadqiqot in-tida ishlab chiqariladi. Qoraqurtlar zahari farmatsevtika sanoatida ham qoʻllanadi. Oʻzbekiston FA Zoologiya institutida Qoraqurtlar maxsus lab. da zahar olish maqsadida koʻpaytirilmoqda.

Ensiklopediya.uz
QORAQURTLAR