QORA SIRT
QORA SIRT — Hisor tizmasining jan.-gʻarbiy tarmoqlaridan biri. Qashqadaryo viloyatida. Shim. da Katta Oʻradaryo, jan. da Kichik Oʻradaryo (Gʻuzordaryo irmoqlari) oraligʻida. Shim.sharqdan jan.-gʻarbga qariyb 40 km ga choʻzilgan. Oʻrtacha bal. 1500—2000 m, eng baland joyi 2886 m. Suvayirgʻich qismi va yon bagʻirlarida tekis yuzalar uchraydi. Yon bagʻirlari chuqur, darasimon soy oʻzanlari bilan kesilgan. Gipsli gillar, qumtosh va ohaktoshlardan tashkil topgan joylarida karst jarayonlari va relyef shakllari (karrlar, karst voronkalari va botiqlari, gʻorlari) rivojlangan. Yozi quruq, issiq, yillik yogʻin 500—700 mm, asosan, qish va bahor fasllarida yogʻadi. Toʻq boʻz, jigarrang, qoʻngʻir togʻ-oʻrmon, togʻ oʻtloq tuproklar tarqalgan. Baland boʻyli boshoqli oʻtlar, butalar (bodom, pista, naʼmatak), archalar oʻsadi.
Ensiklopediya.uz
QORA SIRT