Qora SEO va uni ishlatishdan maqsadlar
SEO atamasi haqida avvalgi maqolamda boshlang’ich ma’lumot bergan edim. Uning samarali ishlatilishi saytingizning qidiruv mashinalarida yaxshiroq topilishiga olib keladi. Ammo undan SEO qoidalarini buzgan holda, «noqonuniy» tarzda foydalanish qidiruv mashinalari tomonidan saytingizga ta’qiq qo’yilishiga olib borishi mumkin. Qidiruv mashinalaridan ta’qiq olish saytingizning shu mashinalar tomonidan indeks qilinmasligi, natijada foydalanuvchilar tomonidan qidirib topilmasligini anglatadi.
Qora SEO atamasi SEO qoidalarini buzgan holda qidiruv mashinalariga o’zini indeks qildirish, noto’g’ri, yolg’on ma’lumotlar, kalit so’zlar asosida qidiruv natijalariga kirishga urinish harakatni anglatadi. Ko’pchilik saytlar bir sahifaning o’zida minglab eng ko’p izlanadigan kalit so’zlarni tiqishtiradi, ba’zilari ko’rinmas matn orqali indeks qiluvchi robotlarni saytga jalb qilishga urinadi, boshqalari esa sun’iy yo’l bilan saytga ko’proq foydalanuvchilarni olib kirishga intilishadi. Xullas, tabiiy bo’lmagan yo’l bilan foydalanuvchilarni saytga majburan olib kirish usulini qora SEO deb atash mumkin.
Bilasizki, qidiruv mashinalari internetdagi har bir saytga sayt ma’lumotlarini indeks qilish uchun kirishadi. Indeks qilinadigan ma’lumotlar matn, ovoz, video yoki rasm ko’rinishida bo’lishi mumkin. Indeks qiluvchi robotlar saytga kirib, uning ichidagi ma’lumotlarni keyinchalik qidiruv mashinalari yordamida qidiruvni amalga oshiruvchi foydalanuvchilarga ko’rsatish uchun saqlab qolishadi. Qora SEOda aynan shu saqlanayotgan ma’lumotlarni sohtalashtirish orqali saytga qidiruv mashinalaridan foydalanuvchilarni jalb qilishga urinishadi.
Masalan, men saytimning bir sahifasida 5 000 yoki undan ortiqroq kalit so’zlarni yozib chiqishim mumkin. Bu kalit so’zlar «…yangi mp3 kino klip yuklab olish o’zbek film o’yinlar bepul sayt tayyorlash internetda pul ishlash programmalar skachat yuklash tas-ix online…» ko’rinishidagi qator so’z va iboralardan tashkil topgan bo’ladi va butunlikda hech qanday ma’lumot bermaydi. Kimdir bu so’zlarni o’qisa, undan hech qanday ma’no chiqarib ololmaydi. Ammo Google yoki boshqa qidiruv mashinalari botlari bu so’zlarni indeks qilib olib, qidiruvchilarga ularni natija sifatida taqdim etishi mumkin. Masalan, kalit so’zlarim ichida «bo’sh ish o’rinlari toshkent ishga taklif qilamiz…» kabi so’zlar bo’lsa, bu orqali Googleda kimdir «toshkent bo’sh ish o’rinlari» deb qidiruv berganda mening saytim natijalar ichida ko’rsatilishi mumkin. Tabiiyki, bunday ma’lumotni izlagan kishi saytimga o’tganida bo’sh ish o’rinlari yoki ishga taklif haqida hech qanday ma’lumot olmaydi. Chunki mening saytim mavzusi butunlay boshqa, men saytimga ko’proq tashrif buyuruvchilarni jalb qilish maqsadida qora SEOdan foydalangan holda sohta kalit so’zlardan foydalangan bo’laman. Bunda mening yagona maqsadim saytim hisoblagichidagi tashrif buyuruvchilar sonini yana bittaga ko’paytirish bo’ladi, xolos.
Yuqorida aytib o’tilganidek, bunday usulda qidiruv mashinalari indeksiga kirishga urinish noqonuniy hisoblanadi. Qora SEO bilan shug’ullangan saytlar aniqlanganda ular ma’lum qidiruv mashinalaridan chiqarilishi mumkin. Agar Googleda qora SEO tufayli ta’qiq olsangiz, saytingiz Googleda indeks qilinmasligini va har qanday so’rovga ko’ra natijalar ichida ko’rsatilmasligini anglatadi.
Maqola va ma’lumotlarni odamlarning o’qishi uchun yozing. Sohta kalit so’zlar bilan tashrif buyuruvchilarni yolg’on ma’lumotlar asosida jalb qilishga urinmang. Yaxshi sifatdagi, qiziqarli maqolalari bo’lgan saytga foydalanuvchilar tabiiy ravishda ko’p kirishadi. Qoidalar asosida faoliyat yuritish kerakligini unutmang!
Manba:
SEO va SMM
Qora SEO va uni ishlatishdan maqsadlar