Qor va qor parchasi haqida she’rlar to’liq malumot oling
QOR
Qor yog’ar elak-elak,
Yog’ar bo’lib charxpalak.
Qo’ngan zamon kaftimga,
Erib ketar taftimga.
Quvnoq qor,
Oppoq qor.
Qorni yig’ib olaylik,
Bir shaklga solaylik.
Bolalar, keling, qani,
Qorbobo yasa, G’ani.
Qara, burning uchini,
Bilgin sovuq kuchini.
Shalpang quloqlar tikka —
Qarab qolibdi ko’kka.
Qor yog’ar hamon-hamon,
Kulamiz xandon-xandon.
Qizib ketdi o’yin ham,
Shodlikni ko’rar baham.
Quvnoq qor,
Oppoq qor.
QOR PARCHA
Qor parchalar, parchalar,
Oq kiyadi archalar.
Qir, adirlar, qo‘ralar,
Oq kiyimga o‘ralar.
Uyga kirdi oq odam,
Qarasam, mening dadam.
Dadamning ustin qoqdim,
Dadamga kulib boqdim.
Yoqalarin tuzatdim,
Issiq to‘nni uzatdim.
QOR
Qor, qor, qorlar,
Atrof porlar.
Yilt-yilt nurdek,
Oppoq undek.
Shakar undek,
Shakar, desam.
Agar yesam,
Og’rir tishim.
Qor, qor, qorlar,
Atrof porlar.
Yilt-yilt nurdek.
QORLAR
Yer to’ysin deb bir yo’la,
Qor baralab yog’yapti.
Go’yo osmon un elar,
Havosi ham yoqyapti.
Yurganimda iz qolsa,
Qor uni tez yopyapti,
Kuchigim ham oqarib,
Atrofimda chopyapti.
Momojonim oynadan
Juda xursand boqyapti.
Xayolimga yoz kelib,
Suv sharqilab oqyapti!
QOR
Bul chog’i, bo’stonga ishtiyoq baland,
Nechundir bemahal yog’a ketdi qor.
Diktorning bir og’iz e’loni bilan
Chindan ham qaygadir berkindi bahor.
Bu fursat chamansiz ko’ngillar yarim,
Bulbulni quvlamang dostonimizdan.
Sizdan nima ketdi, diktor do’stlarim,
Qorni kurab qo’ying bo’stonimizdan.
QOR
Qoraygan bog‘larga qalin qor tushdi,
Yodimiz yodiga tag‘in yor tushdi.
Dilga – ahli tarab ko‘ngillaridan
Quvg‘in aylamishlar – jam’i zor tushdi.
Bulbullar tindilar – oshiqlikmi shu?
Orom yo‘q – ishqimiz betakror tushdi.
Bori ishq zahrini bizga ber, falak,
Ko‘nglimiz ko‘tara xaridor tushdi.
Nigohimiz naqqosh yo‘lga termulib,
Darchangizga boqing – navbahor tushdi.
Laylidan so‘ylamang, afsonami ishq?
Devona baxshimiz – bizga or tushdi.
Yaldo tunlarida so‘yladik doston,
G‘uluvmas, holimiz rostu bor tushdi:
Oh urdik, ummonlar uchdi falakka –
Yo‘q esa, bog‘larga qaydin qor tushdi?
Sherlar
Qor va qor parchasi haqida she’rlar