Qop-qora qoralik
Qop-qora qoralik
Qop-qorong‘u xonada qora mushukni topish mushkul, ayniqsa, aslida qora mushuk qorong‘u xonada yo‘q bo‘lsa!
Falsafiy bahslarda ishlatiladigan ushbu so‘z o‘yini odatda ba’zi fiziklarning g‘ashini keltiradi. Aslida «qop-qorong‘u xona« yoki «qora mushuk» — ko‘rib bo‘lmaydigan narsalarni ramziy ifodalash uchun unchalik ham omadli o‘xshatish emas. Sababi, tabiatdagi barcha narsalar, hatto eng qora ko‘mir ham qandaydir miqdordagi yorug‘lik nurini akslantiradi. Faqat bizning ko‘zimizning bunday akslangan nurlarni ilg‘ash xususiyati juda past bo‘lgani uchun, ularni ko‘ra olmaymiz.
Lekin biz keltirgan ushbu xulosa, fantast yozuvchilarga va orzumand fizik mutaxassislarga xalaqit qila olmaydi. o‘zida har qanday yorug‘lik nurini yutib qoladigan va o‘zidan hech qanday yorug‘lik akslantirmaydigan mutlaq qora jism haqida orzu fiziklarning azaliy orzulari sirasiga kiradi. Mutlaq qora jism haqidagi farazlar avvalo mumtoz va zamonaviy fizika chegarasida — Maks Plank izlanishlarida jiddiy ko‘rib chiqilgan edi. Uzoq yillar mobaynida mutlaq qora jism aslida tabiatda uchramaydigan, faqat olimlar tasavvuridagi faraziy narsa sifatida qaralgan. Lekin, mutlaq qora jism haqidagi fikrlar, 2008-yilga kelib ancha o‘zgara boshladi. Aynan o‘sha yili «qop-qora qoralik«, «eng qora jism«, yoki, «superqora jism« olishga muvaffaq bo‘lgan amerikalik olimlar haqida xabarlar tarqalgan edi. Mazkur g‘ayrioddiy material uglerod nanotrubkalaridan tayyorlangan bo‘lib, uning mohiyati, uglerodning bitta atom qalinligida silliqlangan plastinasidan iboratdir. Nazariy jihatdan ta’riflanishicha, mutlaq qora jism o‘ziga kelib tushayotgan har qanday to‘lqin uzunligidagi nurlarni, ularning tushish burchagidan qat’iy nazar, to‘liq o‘ziga yutib yuborishi kerak.
Rays universiteti va Renseller Politexnika instituti olimlari uglerod nanotrubkalarining mikroskopik qobiq qatlamini sinchiklab tekshirib chiqishdi. Unga ko‘ra, uglerod nanotrubkasi plastinasi yuzasining g‘adir-budirligi shunday tartiblanar ekanki, natijada yuzaga kelib tushgan yorug‘likning akslanish (qaytish) ko‘rsatkichi juda kichiklashib ketar ekan (ya’ni, bunday yuza yorug‘likni eng minimal darajada akslantiradi). Lekin shunda ham ushbu nanotrubka plastina yuzasi o‘ziga kelib tushgan yorug‘likning 0.045 % qismini qaytarib yuboradi. Shunga qaramay, hozirgi vaqtda mutaxassislar olishga muvaffaq bo‘lgan eng qora material aynan ushbu uglerod nanotrubkasining yuzasi bo‘lib turibdi. U tabiatda mavjud har qanday eng qora jismdan ham qoraroqdir!
Siz ushbu mutlaq qora jismning nima amaliy foydasi bor ekan? — degan savol bilan qiziqishingiz tabiiy. Gap shundaki, mutlaq qora jismga ega modda sirti orqali olimlar Quyosh energiyasining maksimal samaradorlik bilan qabul qila oladigan energotizimlarni barpo qilish, yoki, favqulodda kuchli sezgirlikka ega optik asbob-uskunalarni loyihalash va yasashni maqsad qilishgan.
Superqora materialning dastlabki sinov ishlari ko‘zga ko‘rinadigan yorug‘lik nurlari diapazonida bajarilgan. Lekin, albatta elektromagnit to‘lqinlarning boshqa diapazonlaridagi nurlarni ham yutadigan yoki o‘zida tutib tura oladigan materiallar ham juda qiziq bo‘lib, ular ustida ham jahonning yetakchi ilmiy dargohlarida ilg‘or tadqiqotlar boshlab yuborilgan. Bunday materiallardan esa niqoblanish, ya’ni, turli radarlarga tushmasdan harakatlanish maqsadlarida foydalanilishi ko‘zda tutilgan. Tabiiyki, mazkur yo‘nalishdagi tadqiqotlarga ayniqsa harbiylar katta qiziqish bildirishmoqda.
2009-yilda Gollandiyadagi Leyden universiteti olimlari niobiy nitridi (NbN) dan iborat nihoyatda yupqa materialni namoyish qilishdi. Ushbu material ultra-absorbent, ya’ni, nihoyatda kuchli yutuvchi bo‘lib, muayyan burchak ostida tushgan nurlarni umuman akslantirmasdan, o‘ziga to‘liq 100 % gacha yutib yubora oladi. o‘sha 2009-yilda yapon olimlari ham uglerod nanotrubkasidan tayyorlangan yuzada deyarli hamma fotonlarni o‘ziga yutib qola oladigan material tayyorlashganini e’lon qolishgandi.
Adolat yuzasidan aytish joizki, qop-qora qoralik, yoki, mutlaq qora jism borasidagi ilmiy tadqiqotlar hozirda endi-endi atak-chechak qilayotgan chaqaloq misolidir. Fiziklarning bu boradagi ulkan tadqiqotlari va yutuqlari hali oldinda. Bu soha rivoji uchun hali juda katta mehnat hamda, investitsiya sarflanishi talab etiladi. Mutlaq qora jism borasidagi tadqiqotlar davom etmoqda.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Qiziqarli fizika
Qop-qora qoralik
Manba:orbita.uz