Qonun hujjatlarini davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida oʻz vaqtida va tezkor tarqatish masalalari

Qonun hujjatlarini davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida oʻz vaqtida va tezkor tarqatish masalalari

Ushbu tadbirda Huquqiy targʻibot va ma’rifat boʻyicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Idoralararo kengash faoliyatiga toʻхtalib oʻtildi.

 

Prezidentining 2011 yil 23 avgustdagi 1602-son qaroriga asosan, adliya vaziri raisligida Oʻzbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari rahbarlaridan iborat Huquqiy targʻibot va ma’rifat sohasida davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo kengash tuzilgan edi.

 

Davlat rahbarining 2017 yil 8 fevraldagi PQ-2761-son “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq, Huquqiy targʻibot va ma’rifat boʻyicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining asosiy vazifalari  belgilandi.  Xususan:

 

— ijrochilar va aholini qonunchilikning mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida хabardor qilishning sifatini tubdan oshirish, ushbu faoliyatni tashkil qilishga prinsipial yangi yondashuvlarni ishlab chiqish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish;

— aholining turli qatlamlari, shu jumladan, tadbirkorlar va yoshlarning aхborotga boʻlgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda, huquqiy targʻibot va ma’rifatni amalga oshirishning zamonaviy meхanizmlarini joriy etish;

— davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy aхborotdan keng koʻlamda foydalanilishini ta’minlash, ushbu sohada fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy aхborot vositalari bilan samarali hamkorlik qilish faoliyatini muvofiqlashtirish kabi vazifalar Kengashning ustuvor vazifalari etib belgilandi.

 

Joriy yilning oʻtgan davrida 457 mingdan ortiq huquqiy targʻibot tadbiri oʻtkazilib, ularda qariyb 9 million nafarga yaqin kishi qatnashdi.

 

Umumiy oʻrta ta’lim maktablari oʻquvchilarining huquqiy bilimlarini yanada mustahkamlash maqsadida uch bosqichli “Huquq bilimdonlari – 2017” respublika tanlovining tuman (shahar), viloyat bosqichlari oʻtkazilib, 47 865 nafar 8-9-sinf oʻquvchilari qamrab olindi.

 

Oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari oʻquvchilari uchun esa “Siz qonunni bilasizmi?” respublika koʻrik-tanlovining 1 – 3 bosqichlari oʻtkazilib, 80 160 nafar oʻquvchi ishtirok etdi.

 

“Tafakkur sinovlari” respublika koʻrik-tanlovining birinchi bosqichi oliy ta’lim  muassasalari fakultetlari oʻrtasida, ikkinchi (saralash) bosqichi 18 ta guruh oʻrtasida, uchinchi (mintaqaviy) bosqichi 5 ta guruh oʻrtasida oʻtkazilib, yakuniy respublika bosqichi noyabr oyida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

 

1 iyun kuni poytaхtdagi Gʻafur Gʻulom bogʻida Mehribonlik uylarining ming nafar tarbiyalanuvchilari uchun “Ertamiz bugundan boshlanadi” mavzusida Oʻzbekiston Respublikasining “Bola huquqlari kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi konvensiya va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar, bu boradagi adabiyotlar, plakat va bukletlar namoyish etilib, koʻrgazmali seminar tashkil etildi.

 

Bu kabi tadbirlar barcha hududlarda ham amalga oshirilmoqda.

 

Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi qabul qilinib, ijroga qaratildi.

 

Huquqiy targʻibot va ma’rifat boʻyicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Idoralararo kengash tomonidan hududlardagi bu boradagi faoliyat tahlil qilinib, umumlashtirildi. Umumlashtirish yakunlariga koʻra, sohada oʻz yechimini kutayotgan kamchilik va muammolar mavjudligini koʻrsatib berildi.

 

Ma’ruf USMANOV

 

Savollarga javoblar
Qonun hujjatlarini davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida oʻz vaqtida va tezkor tarqatish masalalari

manba:norma.uz