QOʻPORUVCHILIK

QOʻPORUVCHILIK

QOʻPORUVCHILIK — portlatish, oʻt qoʻyish yoki boshqa usul bilan korxonalar, inshootlar, yoʻllar, aloqa vositalarini yoxud boshqa davlat, jamoat mulkini buzish yoki shikastlantirish, yoppasiga zaharlash yoki epidemiyalar va epizootiyalar tarqatish (hayvonlarga kasallik yuqtirish) va h. k. Oʻzbekiston jinoyat huquqida — Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlardan biri. Qoʻporuvchilik sodir etilishi natijasida mamlakat xalq xoʻjaligining muhim obyektlari yoʻq qilinishi mumkin. Bu esa iqtisodiyotga katta ziyon yetkazadi. Qoʻporuvchilik natijasida odamlar halok boʻladi, ularning sogʻligʻiga zarar yetkaziladi, aholining ruhiy holatiga salbiy taʼsir etiladi, sarosimaga tushish va b. salbiy hodisalar yuz berishi mumkin. Qoʻporuvchilikning hayvonlarni qirib, nobud qilishga yoʻnaltirilgan turi ham bor, qoʻporuvchilar bu bilan xalq xoʻjaligini barbod etish maqsadini koʻzlaydilar. Kishilarni zaharlash, yuqumli kasalliklar tarqatish shaklidagi Qoʻporuvchilik harakatlari ham ogʻir jinoyatlardan hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi JKga koʻra, davlat organlari faoliyati yoki ijtimoiy-siyosiy vaziyatning barqarorligiga yoki iqtisodiyo-tiga putur yetkazish maqsadida odamlarni qirib yuborish, ularning sogʻligʻiga ziyon, mulkka shikast yetka-zish yoki uni nobud qilishga qaratilgan harakatlar sodir etgan shaxslar 10 y. dan 20 y. gacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (161-modda).

Ensiklopediya.uz
QOʻPORUVCHILIK