Qiziqarli va ibratli ertaklar TABIAT haqida to’liq malumot oling

Qiziqarli va ibratli ertaklar TABIAT haqida to’liq malumot oling

Qiziqarli va ibratli ertaklar TABIAT haqida
Tomchi haqida ertak
Mundarija скрыть

Qishloq chekkasida, baland tepalik ustida bir tup o’rik bor ekan. U har yil odamlarga ko’p-ko’p meva berarkan. Ammo atrofida boshqa daraxtlar bo’lmagani uchun juda zerikar ekan. Bir kuni ertalab o’rik uyg’onsa, yaprog’ida bir narsa yaraq-yaraq qilib turganmish.

— Sen qanaqa qushsan? — debdi o’rik hayron bo’lib.

— Men qush emasman. Men — Tomchiman, — debdi boyagi yaraqlab turgan narsa.

— Kel, o’rtoq bo’lamiz, — debdi o’rik.

— Bo’pti.

— Ammo ketib qolmaysan, — debdi o’rik. — Bo’lmasa, qushlardan ham o’rtoqlarim ko’p-u, hammasi kuz kelishi bilan qochib ketishadi.

— Mayli, — debdi Tomchi. — Men eng qiyin paytda doim sening yoningda

bo’laman.

O’rik juda suyunib ketibdi. Ikki o’rtoq kun bo’yi maza qilib o’ynashibdi. Lekin o’rikning quvonchi uzoqqa bormabdi. Ertasiga ertalab uyg’onsa, Tomchi yo’q emish.

«Tomchi meni aldabdi» deb o’ylabdi o’rik xafa bo’lib. Endi shundoq deb turgan ekan, birov uni chaqiribdi.

— O’rikjon! Hoy, o’rikjon! O’rik quloq solsa, tovush osmondan kelayotganmish. Osmonga qarasa, do’mboqqina, oppoq bulut suzib ketayotganmish.

— Meni kim chaqiryapti?! — debdi o’rik shoxlarini silkitib.

— Men, sening do’stingman! — debdi bulut borgan sayin pastlab. — Men — Tomchiman.

O’rik hayron bo’libdi:

— Qandoq qilib chiqib olding?

— Meni oftob bobo bulutga chiqarib qo’ydi.

— Meniyam obket, — debdi o’rik havasi kelib.

— Yo’q, sen odamlarga meva berishing kerak. Qo’rqma, men ham yaqinda qaytib kelaman.

Tomchi shunday debdi-da, bulutga minib, olisolislarga ketib qolibdi. O’rik yana zerika boshlabdi. «O’rtog’im endi kelmaydi, — deb o’ylabdi xafa bo’lib. — Osmonga chiqib, meni unutib yubordi».

Kunlar borgan sayin isib, o’rikning rosayam suv ichgisi kelibdi. Chanqaganidan yaproqlari shalpayib qolibdi. Suv ichay desa, yaqin-orada bittayam ariq yo’q emish. Oxiri u shundoq chanqabdiki, hushidan ketib qolibdi.

Bir mahal birov uning yaproqlarini silagandek bo’libdi. O’rik ko’zini ochib qarasa, yaproq ustida Tomchi turgan emish.

— Men senga yordam bergani keldim, — debdi Tomchi. U shunaqa ko’p o’rtoqlarini boshlab kelgan ekanki, o’rikning chanqog’i birpasda bosilib, yayrab-yashnab ketibdi. Ikkala do’st rosa o’ynabdilar.

Kundan-kun, oydan-oy o’tib, kuz kelibdi, o’rikning yaproqlari to’kilib, yalang’och bo’lib qolibdi. Bu ham kamlik qilganday, birdan izg’irin shamol esibdi, o’rikning a’zoyi badani muzlay boshlabdi.

— Tomchi bolganida yordam berardi, — deb o’ylabdi o’rik afsuslanib. Shundoq deyishi bilan osmonda bir vaqtlar Tomchini ko’tarib yurgandaqa bulutlar paydo bo’libdi. Bulutlar quyuqlashaveribdi, quyuqlashaveribdi, oxiri qor yog’ib yuboribdi. Qor uning shoxlarini ko’rpadek o’rab olibdi.

— Qalay, isib qoldingmi, o’rikvoy?

O’rik Tomchining tovushini darrov tanibdi. Ammo o’zini ko’rmabdi.

— Qayerdasan, Tomchi? — debdi shoxlarini silkitib.

— Qorning ichidaman, — debdi Tomchi kulib. — Qarasam, sovuqqotib qolibsan, qorni boshlab keldim.

— Endi ketib qolmaysan-a? — debdi o’rik yalinib.

— Yo’q, bahorgacha sening yoningda qolaman.

O’shandan beri o’rik odamlarga ko’p mevalar beribdi. Tomchi ko’p ellarni kezibdi. Ammo qayerda bo’lmasin, qiyin va zarur paytda do’sti — o’rikning yoniga yetib kelarkan.

(- O‘tkir Hoshimov)

Danak ichidagi daraxt

Bir bor ekan, bir yo’q ekan,

Bir yo’q ekan, bir bor ekan.

Shahrimizda chaqqon, dono

Ra’no degan qiz bor ekan.

U yashagan hovli bog’day,

Daraxtlari ko’p-ko’p ekan,

Yoz kelganda ko’m-ko’k ekan.

Hovlidagi bir tup o’rik

Sara ekan, zotli ekan,

Asaldan ham totli ekan.

O’sha o’rik pishganida, Ra’no uni maza qilib yeb, ortiqchasini oftobga yoyib quritar ekan. O’rik qurib, turshak bo’lganida, oyisi uni xaltalarga solib, tikib qo’yar ekan. Bir kuni Ra’no oyisi bilan birgalashib xaltalarga turshak solayotganida, turshak orasidagi bitta danak yerga tushibdi. Ra’no uni olib, osmonga otib o’ynay boshlabdi. U danakni osmonga otar ekan-da, pastga tushayotganida kafti bilan ilib olar ekan. Har safar danak Ra’noning kaftiga tushganida, «shiq-shiq» degan tovush eshitilar ekan. «Iya, bu nima?» deb o’ylabdi Ra’no. Shunda danakning ichida kimdir ingichka ovoz bilan gapiribdi:

— Bu men — daraxtman, — debdi haligi ovoz.

— Iya, daraxt ham danakning ichida bo’ladimi? — debdi Ra’no hayron bo’lib. — Daraxt bo’lsang, qanaqa qilib danakning ichiga kirib olding?

Ra’no danakni chaqib ko’rmoqchi bo’libdi.

— Qani, ko’ray-chi, qanaqa daraxt ekansan? — debdi u.

U shunday deb, danakni kattakon, sip-silliq toshning ustiga qo’yibdi. Keyin uni bolg’a bilan urgan ekan, sirg’alib uchib ketibdi. Ra’no uni qidiribdi-qidiribdi, topolmabdi.

— Hay, mitti daraxt, qayoqqa qochding? — deb chaqiribdi.

Danak javob bermabdi.

Shunday qilib, danak yo’qolibdi. Bora-bora, Ra’no uni esidan chiqarib yuboribdi. Chunki uning ishi ko’payib ketibdi. U har kuni dadasining yonida yurib gullarga suv quyibdi, oyisining aytganini qilib hovli supuribdi, tovuqlariga don beribdi. Xullas, ishdan qo’li bo’shamabdi. Shunday qilib, yoz o’tib, kuz kelibdi, kuz o’tib, qish kelibdi. Bir kuni oyisi xaltalardan bittasini ochib undagi turshakdan kompot pishirayotganida Ra’no o’sha yo’qolgan danakni eslabdi. O’sha danak turshak tamom bo’lgunicha Ra’noning esidan chiqmabdi. Turshak tamom bo’lganida qish ketib, bahor kelibdi. Ra’no yana hovlida goh o’ynab, goh dadasiga, oyisiga qarashibdi. Ular gul ekishibdi, daraxtlarnii tagini chopib yumshatishibdi, eski xazonlarni tozalashibdi. Shunday kunlardan birida Ra’no ekin ekiladigan joyda o’ynab yursa, yerdan kichkinagii nihol o’sib chiqqanini ko’ribdi. Tepasiga borib, cho’nqayib o’tirib tomosi qilibdi. «Bu nima ekan?» deb o’ziga-o’zi gapirgan ekan, nihol yosh bolaga o’xshab ingichka ovoz bilan:

— Men — daraxtman, — debdi.

Ra’no uni ovozidan tanibdi. U o’sha Ra’noning bolg’asidan qochib qutulgan danak ekan.

— Men yo’qotgan danak senmisan? — debdi Ra’no.

— Danak emasman, daraxtman, — debdi nihol. — Ko’rmayapsanmi?

— Ko’rib turibman, daraxtsan, — debdi Ra’no. — Danakning ichiga qanaqa qilib sig’ding?

— Danakning ichida mag’iz edim, — debdi nihol. — Yerda, qor tagida uxlab yotib, uyg’ondim, keyin daraxt bo’lib o’sib chiqdim. Agar meni chaqib yeb qo’ysang, hozir bunaqa chiroyli daraxt bo’lib o’sib chiqmagan bo’lardim. Endi meni yulib tashlamasang, o’sib, huv anavi oyimga o’xshagan katta o’rik daraxti bo’laman.

O’sha kundan boshlab Ra’no niholni qo’riqlaydigan bo’libdi. Hozir ham uni parvarishlab yurganmish. Kimki uni ko’rmoqchi bo’lsa, uch yildan keyin bahorda Ra’nolarnikiga borsin. O’shanda danakdan chiqqan mitti o’rik gullab turgan bo’ladi.

(- Aziz Abdurazzoq)

Gapiruvchi daraxt

Bir yo‘lovchi kattakon daraxtning tagida dam olmoqchi bo‘libdi. U yotibdi-yu, ko‘zi uyquga ketibdi. Bir vaqt o‘rnidan turib ketmoqchi bo‘lganda hamyoni yo‘qolganini payqab qolibdi.

Shu yaqin o‘rtada bir qishloq bor ekan. Yo‘lovchi nima qilarini bilmay, qattiq qayg‘urib, yerga yotib dodlay boshlabdi. Uning dod-voyini eshitib odamlar to‘planishibdi va:

-O‘g‘irlik bizning yerimizda sodir bo‘ldi, ishqilib, hammamiz javobgar bo‘lmasak yaxshiydi, — deya har kim o‘zicha gapira boshlabdi.

Shu o‘rtada kimdir borib bu voqeani qoziga yetkazibdi. Qozi hamyon yo‘qotgan musofirni o‘z huzuriga chaqirtiribdi va:

-Nega baqirib-chaqirib hammaning tinchligini buzyapsan? – deya so‘roq qilishga kirishibdi.

-Ey hukmi odil, men daraxt tagida uxlab yotganimda hamyonimni o‘g‘irlab ketishibdi. O‘g‘rini qayerdan qidiraman endi, shuning uchun dodlab faryod urishdan boshqa choram yo‘q edi, — deb javob beribdi musofir.

Qozi voqea qanday sodir bo‘lganini aniqlagach, daraxtning bitta shoxini kesib so‘roqqa olib kelishni buyuribdi. Odamlar shoxga borib kelgunlaricha qozi hovli o‘rtasida bir o‘ra qazdirib, ichiga o‘z soqchilaridan birini tushuribdi-da:

-Mening so‘rog‘imni eshitishing bilan: “Ey qozi janoblari, men odamlarni ko‘zdan kechirib, o‘g‘rini tanib beraman”, degan javobni ber, — deb uqtiribdi.

O‘raning ustini yaxshilab berkitishibdi. Odamlar shoxni kesib kelishgach, qozi uni o‘sha yerga qo‘yibdi-da, hech narsa bilmaganday shoxni so‘roq qila boshlabdi.

Qanday buyurilgan bo‘lsa, soqchi ham xuddi o‘shanday javob beribdi. Shu zahoti butun qishloqqa:

-Daraxt ham gapirishni bilar ekan, u o‘g‘rini topib berishni va‘da qildi, — degan ovoza tarqalib ketibdi.

Hamyonni o‘g‘irlagan o‘g‘ri buni eshitgach, bezovta bo‘lib qolibdi. “Ish rasvo bo‘ldi, yaxshisi, o‘zim iqror bo‘lib qo‘ya qolay”, — degan qarorga kelibdi.

Shundan so‘ng u pulni olib, to‘ppa-to‘g‘ri qozining oldiga jo‘nabdi.

Ertaklar
Qiziqarli va ibratli ertaklar TABIAT haqida