Qiziqarli va ibratli ertaklar HAYVONLAR haqida to’liq malumot oling

Qiziqarli va ibratli ertaklar HAYVONLAR haqida to’liq malumot oling

Qiziqarli va ibratli ertaklar HAYVONLAR haqida
Sichqonning noshukurligi
Mundarija скрыть

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, ko‘m-ko‘k o‘rmon yoqasida bir uy bor ekan. Bu uyda bir keksa kampir yolg‘iz yashar ekan. Bir kuni kampir eshik yonida ip yigirib o‘tirganda, qarg‘a quvlab kelayotgan sichqonni ko‘rib qolibdi. Kampir o‘rnidan turib, qarg‘ani kaltak bilan haydabdi. Sichqonni uyga olib kirib, oldiga bir kaft guruch to‘kibdi.

Sichqon kampirning non-tuzini yegach, uning uyida qolibdi. Endi kampir yolg‘izlikdan qutulibdi. Biroz muddat o‘tibdi, kampir eshik oldida o‘tirib, guruch tozalayotgan ekan, sichqon uning atrofida aylanib o‘ynabdi. Kampir unga ba’zi-ba’zida bir necha dona guruch sochibdi. Shu payt bir mushuk kampirning uyi yonidan o‘tib qolibdi va o‘ynab yurgan sichqonni ko‘ribdi. Kampir mushukning kelganini sezgach ichida: “Agar sichqonni ko‘zdan qochirsam, mushuk uni olib ketadi”, – deb o‘ylabdi. Oh chekkancha o‘ziga-o‘zi debdi: “Qaniydi sichqon mushukka aylansa-yu, men bexavotir o‘tirsam”. Ko‘z ochib yumguncha uning orzusi amalga oshibdi. Sichqon katta, bahaybat mushukka aylanibdi. Uni ko‘rgan haligi mushuk esa dumini qisgancha qochib ketibdi.

Kechqurun kampir tinchgina uxlabdi, mushuk tomga chiqib sayr qilibdi. Yarim kechada bir itning vovullaganini eshitgan mushuk qo‘rqib, tomdan sakrab tushibdi. Uyning ichiga yugurib kiribdi, sandiq orqasiga yashirinibdi. It vovullabdi, mushuk qaltirabdi. Kampir mushukning holiga achinib o‘ziga-o‘zi debdi: “Koshki mushukcham katta itga aylansa-yu, unga hech qanday it ozor bera olmasa”. Kampirning orzusi yana amalga oshibdi. Uning mushugi katta, kuchli itga aylanibdi. Boshqa itlarning vovullaganini eshitganda, ularga javob qaytaribdi. Uyni qo‘riqlabdi.

Oradan biroz vaqt o‘tib kampirning uyi atrofida och yo‘lbars paydo bo‘libdi. U o‘lja izlab aylanib yurgan ekan. It oldinga chiqib, unga vovullabdi. Yo‘lbars itga qarab na’ra tortibdi. Shunda kampir faryod chekibdi: “Qaniydi, itim katta yo‘lbarsga aylansa. Shunda boshqa hayvonlar unga hamla qila olmas edi”.

Bu safar ham kampirning tilidagi ro‘yobga chiqibdi. Uning iti katta, haybatli yo‘lbarsga aylanibdi. Endi u o‘rmonda viqor bilan yuradigan bo‘libdi. Uni ko‘rgan boshqa jonzotlar qo‘rqqanlaridan butalar orasiga yashirinishar yoki daraxt tepasiga chiqib olishar ekan. Har safar o‘zidan kichikroq hayvonni ko‘rsa, vajohat bilan na’ra tortibdi. Kampir uning qilayotgan ishlarini ko‘rsa ham indamabdi. Oxir-oqibat bir kuni yo‘lbars kichkina sichqonni qo‘rqita boshlabdi. Uning ishidan kampirning hafsalasi pir bo‘lib, yo‘lbarsga debdi: “Nega bunchalik manmansan? Bir paytlar o‘zing ham kichkina sichqon bo‘lganing esingdan chiqdimi?” Yo‘lbarsning jahli chiqibdi. Kampirning unga ko‘rsatgan mehr-u muhabbatini unutibdi.

– Hech kim meni bir paytlar sichqon bo‘lganimni bilmaydi, – debdi u.

– Sen noshukr hayvon ekansan. Qaniydi, yana avvalgiday sichqonga aylanib qolsang, qarg‘a ortingdan quvib yursa.

Kampir gapini tugatmasidan yo‘lbars kichkinagina sichqonga aylanib qolibdi. Qo‘rqqanidan qaltirab, kampirning atrofida gir aylanibdi. Oxiri o‘rmon tarafga qochibdi. Kampir uni boshqa ko‘rmabdi. Qissadan hissa: Boylik bitsa yomonga, o‘zin sanar xoqonga.
Qarg’avoy

Bir bor ekan, bir yo’q ekan, kap-katta ochko’z Qarg’avoy bo’lgan ekan. Kunlardan bir kuni Qarg’avoyning ovi baror olmay, qorni och qoldi. U ov qidirib, ko’p sarson bo’ldi.

Yuraverdi, yuraverdi. Uchaverdi, uchaverdi. Eng oxiri dengiz labiga borib qoldi.

Dengiz bo’yida barragina qo’zichoq o’tlab yurar edi. Qarg’a uchib borib, qo’zichoqning qoq beliga qo’ndi.

— Kish! — dedi qo’zichoq.

— Qor-qor! — dedi Qarg’avoy. — Qo’zichoq, men seni yeyman. Qo’zichoq qo’rqib ketdi. U ingichka ovozi bilan ma’rab:

— Me-en hali yoshman. Rahm qil. Meni yema! Qarg’a bo’lsa yana qattiqroq qag’illab, dedi:

— Qo-or-r-r, qo-o-o-r-r-r. Qarg’a yosh qo’zichoqlarni yaxshi ko’radi. Men seni yeyman!

Qo’zichoq nima qilishini bilmay qoldi. Birdan iljayib, dedi:

— Mayli, Qarg’avoy, men rozi.

— Juda soz!

Qarg’avoy qo’zichoqni yemoqchi bo’lib, og’zini ochdi.

— To’xtab tur! — dedi qo’zichoq. — Ovqat yeyishdan oldin qolingni yuv, og’zingni chayqa!

— Nima uchun?

— Toza bo’lasan.

— Xo’p, — dedi Qarg’a. Qarg’avoy uchib, dengizga bordi.

— Qor, qor! Dengiz, dengiz!

— Labbay.

— Menga suv ber!

— Nima uchun?

— Og’zimni chayqab, barra qo’zichoqni maza qilib yeyman! Dengiz javob berdi:

— Yaxshi. Bor, kuloldan ko’za keltir.

Qarg’a tezlikda kulolga chopdi. Kulol loy pishitib o’tirar edi.

— Qor, qor! Kulol, kulol! — dedi Qarg’avoy, xunuk ovozini baland qo’yib.

— Menga ko’za ber, ko’zani dengizga eltaman, dengiz menga suv beradi, suvga og’zimni chayqayman, so’ngra barragina qo’zichoqni maza qilib yeyman.

Kulol javob berdi:

— Xo’p, Qarg’avoy. Lekin tuproqqo’rg’ondan tuproq keltirgin, ko’za yasab beraman.

Qarg’a halloslab, tuproqqo’rg’onga bordi.

— Qor-r-r, qor-r-r! Qo’rg’on, Qo’rg’on! Menga tuproq ber, tuproqni kulolga eltaman, kulol ko’za yasab beradi, ko’zani dengizga eltaman, dengiz menga suv beradi, suv bilan og’zimni chayqayman, so’ngra barra qo’zichoqni maza qilib yeyman.

Qo’rg’on dedi:

— Sendan har qancha tuproqni ayamayman. Temirchiga borib, tesha keltirgin!

Qarg’a suyunib: «Ish o’ngidan kelyapti», dedi. U to’g’ri temirchining oldiga bordi.

— Qor-r-r, qor-r-r! Temirchi amaki! Ho, Temirchi amaki! — dedi Qarg’avoy.

— Menga tesha bering, teshani qo’rg’onga eltaman, qo’rg’on menga tuproq beradi, tuproqni kulolga eltaman, kulol ko’za beradi, ko’zani dengizga eltaman, dengiz suv beradi, suvga og’zimni chayqayman, keyin barra qo’zichoqni maza qilib yeyman.

Bu gapni eshitib, temirchining ensasi qotdi.

— Olov keltir, teshani o’tga solib, peshlab beraman, — dedi u.

— Xo’p!

Qarg’a olov axtarib ketdi.

Bir kampir chavati pishirib o’tirar edi.

— Qor, qor! Kampir ona, menga olov ber, — dedi qarg’a uchib kelib. — Olovni temirchiga eltaman, temirchi tesha yasab beradi, tesha bilan tuproqqo’rg’onga boraman, u tuproq beradi, tuproqni kulolga eltaman, u ko’za yasab beradi, ko’zani dengizga eltaman, u suv beradi, suvga og’zimni chayqab, barragina qo’zichoqni maza qilib yeyman.

Kampir o’zicha o’yladi: «Mayli, olov beray, bir kuyib o’lsin!»

— Olaqol!

Qarg’a qo’liga bir siqim kul olib, olovni uning ustiga qo’ydi-da, tez uchib ketdi. Kampir nima qilarini bilmay, hayron bo’lib qolaverdi.

Qarg’a olovni temirchiga berdi, temirchi qarg’avoy ko’tara olmasin deb, tesha o’rniga ketmon yasab berdi. Qarg’a ketmonni zo’rg’a ko’tarib tuproqqo’rg’onga bordi, qo’rg’on ko’p tuproq berdi, tuproqni kulolga eltdi, kulol beso’naqay ko’za yasab berdi, ko’zani zo’rg’a ko’tarib dengizga bordi va dedi:

— Ko’za keltirdim, suv ber!

— Olaqol!

Qarg’a juda charchagan edi. U, ko’za dengizga tushib ketmasin deb, uni dumiga bog’lab oldi-da, suvga soldi.

Ko’zaga suv to’la boshladi. U borgan sari og’irlashaverdi. Ochko’z Qarg’avoy bira-to’la ko’proq suv g’amlamoqni xayol qildi. Ko’za to’ldi. Qarg’avoy uni ko’tarib, uchish uchun qanotlarini yozdi, oyoqlarini ko’tardi, lekin uni ko’tara olmay, tiyg’onib ketib, dengizga quladi.

Ming talpinib qanot yozsa ham, bo’lmadi — cho’kib ketdi.

Buni ko’rgan qo’zichoq tumshug’ini osmonga ko’tarib kulib qo’ydi.
Quyonchaning uychasi

Bir bor ekan, bir yoq ekan, bir tulki bilan quyon bo’lgan ekan. Tulkining uychasi — muzdan, quyonniki — daraxtning postlog’idan qurilgan ekan. Bahor kelib, kunlar iligach, tulkining uychasi erib ketibdi. Boshpanasiz qolgan tulki tunashga joy berishni so’rab quyonning oldiga bordi-yu, uning uychasini egallab olib, o’zini haydab yubordi.

Quyoncha yo’lda yig’lab borar ekan, oldidan kuchukcha chiqib qoldi:

— Vov, vov, vov! Hoy quyoncha, nega yig’layapsan?

— Qanday qilib yig’lamay? Mening daraxt po’stlog’idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so’rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o’zimni xaydab yubordi.

— Qo’y, yig’lama, quyoncha! — dedi kuchukcha.

— Boshingga tashvish tushgan bo’lsa, men senga yordam beraman.

Ular birgalikda quyonning uychasiga kelishdi. Kuchukcha vovillab dedi:

— Vov,vov,vov! Hoy tulki, qani, buyoqqa chiq-chi!

Tulki esa pechning ustida yotganicha ularga dag’dag’a qildi.

— Hozir irg’ib o’rnimdan turaman-da, derazadan sakrab chiqib ikkalangni ham tilka-pora qilib tashlayman!

Bu dag’dag’adan qo’rqib ketgan kuchukcha juftakni rostlab qoldi.

Quyoncha yana yo’lda yig’lab borar ekan, oldidan ayiq chiqib qoldi:

— Ha, quyoncha, nima uchun yig’layapsan? — deb so’radi.

— Qanday qilib yig’lamay? — dedi hiqillab quyoncha. Mening daraxt po’stlog’idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so’rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o’zimni haydab yubordi.

— Qo’y, yig’lama, quyoncha! — yupatdi uni ayiq. — Boshingga tashvish tushgan bo’lsa, men senga yordam beraman.

Ular birgalikda quyonning uychasiga kelishdi. Ayiq bor ovozi bilan baqirdi:

— Hoy tulki, qani buyoqqa chiq!

Tulki esa pechning ustida yotganicha ularga dag’dag’a qildi.

— Hozir irg’ib o’rnimdan turaman-da, derazadan sakrab chiqib ikkalangni ham tilka-pora qilib tashlayman!

Bu dag’dag’adan qo’rqib ketgan ayiq juftakni rostlab qoldi.

Quyoncha yo’lda avvalgidan ham qattiqroq yig’lab borar edi. Oldidan xo’roz chiqib qolibdi.

— Qu-qu-qu-qu-u-uq!- dedi qichqirib. — Hoy, quyoncha, nega yig’layapsan?

— Qanday qilib yig’lamay? — dedi hiqillab quyoncha. Mening daraxt po’stlog’idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so’rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o’zimni haydab yubordi.

— Ketdik, — dedi xo’roz. — Boshingga tashvish tushgan bo’lsa, men senga yordam beraman.

— Yoq, xo’roz, qo’lingdan kelmaydi. Kuchukcha haydamoqchi bo’ldi — haydolmadi, ayiq haydamoqchi bo’ldi — haydolmadi. sen ham haydolmaysan.

— Men hayday olaman!

Ular birgalikda quyonchaning uychasiga kelishdi. Xo’roz etiklari bilan yerni tepib, qanotlarini qoqdi:

Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg’i o’rog’imni ko’tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!

Xo’rozning qichqirig’ini eshitib, tulki qo’rqib ketdi va ovoz berdi:

— Hozir etigimni kiyib olay…

Xo’roz yana qichqirdi:

— Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg’i o’rog’imni ko’tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!

Tulki yana ovoz berdi:

— Hozir! Kiyimimni kiyib olay…

Xo’roz uchinchi marta qichqirdi:

Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg’i o’rog’imni ko’tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!

Tulki lip etib uychadan chiqdi-yu, o’zini o’rmonning ichiga urdi.

Shundan keyin quyoncha yana o’zining daraxt po’stlog’idan qurilgan uychasida tinch-osoyishta yashay boshlabdi.
Bulbul

Qadim zamonda boy savdogar bo‘lib, uning turli mamlakatlardan keltirgan qimmatbaho buyumlari juda ko‘p edi. U qayerga bormasin, esdalik uchun biror yaxshi narsa olib qaytardi-da. Savdogarning uyida bir bulbul bor edi. U kumushdan yasalgan katta va chiroyli qafasda yashardi. Savdogar undan hech narsani ayamasdi. Xizmatkor bulbulga har kuni – tongda, tushlikda va oqshomda sadaf idishda suv va eng sara donlardan olib kelardi. Bulbul g‘am-tashvishsiz, farovon yashardi. Kuylashda unga yetadigani yo‘q edi. Savdogar uning quvnoq sayrashini eshitib, “U erkinlikdan ko‘ra mening uyimda baxtliroq yashayapti”, deb o‘ylardi.

Bir kuni savdogar boshqa mamlakatga safarga otlanibdi. Bundan xabar topgan bulbul savdogardan iltimos qilibdi:

– Xo‘jayin, mendan doim yaxshiligingizni ayamadingiz. Yana bir iltimosimni bajarsangiz. Siz hozir mening yurtimga ketyapsiz. U yerdagi anor bog‘ida qarindosh-urug‘larim yashaydi. Ularga salomimni yetkazib, hech narsadan nolimasdan sog‘-salomat yashayotganim haqida xabar bersangiz.

– Yaxshi, aytganingdek qilaman, – dedi savdogar va yo‘lga tushdi.

U manzilga yetib kelib, mollarini sotib bo‘lgach bulbul aytgan bog‘ni izlashga tushdi. Uzoq yo‘l yurib, nihoyat, g‘oyatda chiroyli bir boqqa duch keldi. Bog‘da son-sanoqsiz gullar ochilib yotardi. Yon-atrofdan esa yoqimli, muattar hid taralardi. Qayerga qaramang, hamma joyda – hatto daraxtlarning har bir shoxiga qo‘nib olgan bulbullar jarangdor ovoz bilan qo‘shiq kuylashardi. Ulardan biri shunday nola bilan sayrardiki, befarq tinglay olmasdi.

– Men izlayotgan qushlar shular bo‘lsa kerak, – deb o‘yladi savdogar va daraxtga yaqinlashib qichqirdi:

– Hoy, bulbul! Mening uyimda sening ukang yashaydi. U senga va barcha yaqinlariga salom yo‘llashimni, o‘zining sog‘-salomat, betashvish yashayotganini aytib qo‘yishimni so‘radi.

Bu so‘zlarni eshitgan bulbul xuddi o‘q yeganday yerga tappa quladi. Savdogar nima qilishini bilmay qoldi. Qush qanotlarini keng yoyib, og‘zini ochgancha qimir etmay yotardi. “Eh, bekor unga ukasi haqida eslatdim, – o‘yladi savdogar. – Ukasini sog‘inib, kuyunib yotganga o‘xshaydi… Endi pushaymondan foyda yo‘q”. Savdogar yerda o‘lib yotgan qushni olib uzoqroqdagi maysaning ustiga irg‘itdi. Bulbul esa yerga tushgan zahoti tirilib, pir etib uchib daraxtga qo‘ndi-da, shoxdan-shoxga o‘tib sayraganicha, bog‘ ichiga kirib ketdi.

– To‘xta, qayerga ketyapsan? – qichqirdi savdogar. – Axir, ukang sendan xabar kelishini kutyapti!

Lekin bulbul uning gapiga quloq solmadi, sho‘xchan kuylagancha qalin barglar orasida g‘oyib bo‘ldi. Savdogar uyga xafa bo‘lib qaytdi.

– Xo‘jayin, yaqinlarimdan biror xabar keltirdingizmi? – so‘radi undan bulbul.

– Qarindoshlaringga sen haqingda hamma gapni aytdim, lekin ulardan hech qanday xabar keltirolmadim. Aftidan, ular sen haqingda eshitishni istashmadi. Akangga sen to‘g‘ringda so‘zlab berdim, u esa quloq ham solmadi va o‘zini shunday o‘lganga solib oldiki, men uning o‘lganiga paqqos ishondim. Uni yerdan olib, maysazorga irg‘itdim. Shunda u to‘satdan tirilib, uzoqlarga uchib ketdi. Buni eshitgan bulbul chuqur qayg‘uga cho‘mdi. Kun bo‘yi hech narsa yemadi, ichmadi, hatto ovoz ham chiqarmadi. Savdogar uni qutqarib qolish uchun ko‘p harakat qildi. Lekin foydasi bo‘lmadi. Ertalab yemish olib kelgan xizmatkor bulbulning qafasda o‘lib yotganini ko‘rdi. Savdogar sayroqi qushidan ayrilganiga qattiq kuyindi. Afsuslanishdan foyda yo‘qligini sezib, xizmatkorni chaqirdi va qushni uydan uzoqroqqa tashlab kelishni buyurdi. Xizmatkor uni olib devor tashqarisiga olib chiqdi va axlatxonaga irg‘itib yubordi. Bulbul yerga tushib ulgurmasdan jonlandi va quvnoq qo‘shig‘ini kuylab bog‘ ustida aylana boshladi. – Menga ajoyib maslahat olib kelganingiz uchun rahmat, xo‘jayin! – deb qichqirdi va o‘z vatani tomon uchib ketdi.
Mag‘rur oqqush

Bir kuni o‘rmondagi ko‘lga chiroyli oppoq qush uchib keldi. Uning qanotlari qordek oq bo‘lib, bo‘yni uzun edi. U qanotlarini yozganda atrofga suvning mayda zarrachalari sochilar va xuddi ertaklardagidek manzara paydo bo‘lar edi.

Qushni birinchi bo‘lib quyoncha ko‘rdi. Uning go‘zalligidan lol qolib anchagacha yoniga kela olmay uzoqdan tomosha qildi. Nihoyat yurak yutib ko‘l yoniga keldi va qushga dedi:

— Salom, mening ismim Quyonvoy, sen kimsan?

Qush unga bir nazar soldiyu, indamay sohildan uzoqroqqa suzdi.

— Men senga yomonlik qilmayman, — dedi quyoncha. Lekin qush unga qaramadi ham.

Quyoncha qushning bunday harakatidan xafa bo‘ldi va sekingina: «Chiroyli bo‘lganing bilan tarbiyasiz ekansan», dedi.

Shu payt shoxdan-shoxga sakrab olmaxon keldi. U ham ko‘ldagi oqqushning chiroyiga mahliyo bo‘ldi.

— Salom, go‘zal qush, o‘rmonimizga xush kelibsan, — dedi.

Qush esa indamay suvda suzar, u go‘yo olmaxon bilan quyonchani ko‘rmas edi.

— Men sen bilan do‘stlashmoqchiman, kel tanishamiz, — dedi unga yaqinroq borib olmaxon. Oqqush esa orqasini o‘girib nariga suzib ketdi. Buni ko‘rib olmaxon yelkasini qisdi.

Ignalariga qo‘ziqorin va qurigan mevalarni sanchib olgan tipratikan ularning yonidan o‘tib ketayotgan edi. Olmaxon va quyonchani ko‘rib, ularni mevalari bilan mehmon qildi. Ko‘lda suzib yurgan oqqushga havas bilan tikildi.

— Bunday chiroyli qushning do‘stlari ham ko‘p bo‘lsa kerak. Men unga hatto gapirishga uyalaman, chunki ko‘rimsizgina hayvonman, — dedi.

Bilasanmi, kirpivoy, sening tashqi ko‘rinishing xunuk bo‘lgani bilan, qalbing chiroyli, shuning uchun do‘stlaring ham ko‘p. Bu qushning esa chiroyini tomosha qilib to‘ydik, chunki unda hyech qanday iliqlik yo‘q ekan, afsus, — dedi olmaxon.

— Yuringlar, ketdik, — dedi quyoncha va hammalari mag‘rur qushni yolg‘iz qoldirib o‘rmonga kirib ketishdi.

Ertaklar
Qiziqarli va ibratli ertaklar HAYVONLAR haqida