Qizilmiyaga nega “mo«jizakor o`simlik” deya ta`rif beriladi?

Qizilmiyaga nega “mo«jizakor o`simlik” deya ta`rif beriladi?

Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligining Ishlab chiqarish masalalari boshqaramasi bosh mutaxassisi Sherzod Abzalovning ta`kidlashicha, qizilmiyadan 110 turdan ortiq dori vositalari olinishi bilan birga, sanoatning 20 yo`nalishida foydalaniladi. Bunday xususiyat boshqa o`simliklarda kamdan-kam uchraydi. Respublikamizda mazkur o`simlikning silliq qizilmiya turi keng tarqalgan bo`lib, u tabiiy holda o`sadi.

Qizilmiya ildizlaridan tayyorlangan quruq va quyuq ekstraktlar shamollash, sil hamda o`pka, jigar, nafas yo`llari va yurak-qon tomirlari kasallanganda, modda almashinuvini me`yoriga keltirishda, bo`g`ma, onkologik, ovqatdan zaharlanish, oshqozon, me`da hamda o`n ikki barmoqli ichak yarasida, teri kuyishi, shuningdek, boshqa xastaliklarda tavsiya etiladi.

Oziq-ovqat sanoatida qizilmiya ildizidan kaloriyasiz ichimliklar, qandolatchilik va non mahsulotlari, murabbo, shinni, konserva, ozuqa konsentratlari, saqich, tish pastasi hamda boshqalarni tayyorlashda foydalaniladi. Engil sanoatda rangli bo`yoqlar olinsa, metallurgiya sanoatida metallarni gidrolizlashda, kimyo sanoatida siyoh tayyorlashda, qog`ozlarga rang berishda qo`llaniladi. Uning chiqindisidan esa qog`ozli termoizolyasiya plitasi, qog`oz singari mahsulotlar ishlab chiqarish mumkin. Shu bois bugungi kunda ushbu o`simlikka AQSh, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Yaponiya, Germaniya, Vengriya, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa ko`pgina davlatlarda talab yuqori.

Qizilmiya qishloq xo`jaligida ham juda foydali. Masalan, undan ajratib olingan faol moddaning 1 milligrammini 1 litr suvga aralashtirib, kartoshkaga ishlov berilsa, kurtaklarning uyg`onish ko`rsatkichi 28 foiz oshadi. G`unchalash va gullash fazalari tezlashadi, natijada hosildorlik 17 foiz ortadi.

Yurtimizda olib borilgan ilmiy izlanishlar tufayli qizilmiyaning morfologo-anatomiyasi va reproduktiv biologiyasi, uni turli sharoitda o`stirish usullari o`rganildi. Jumladan, o`simlik Mirzacho`lning sho`r tuprog`ida ham yaxshi rivojlanishi, tuproq unumdorligini oshiruvchi kuchli meliorant ekanligi isbotlangan. Bu usul, ayniqsa, almashlab ekishda yuqori samara berishi aniqlandi.

Qizilmiya ildizi tuproqning gipsli qatlamini ham teshib o`tadi va er osti suvidan oziqlanadi. Shu bois uni tabiiy namlik sharoitida ham parvarishlash mumkin. Tuproqqa o`zining sirli ta`sirini o`tkazuvchi, hech bir qismi chiqindi sifatida tashlab yuborilmaydigan qizilmiya ekinzorlarini kengaytirish maqsadga muvofiqdir.

 

Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Qizilmiyaga nega “mo«jizakor o`simlik” deya ta`rif beriladi?