Qizil qalpoqcha to’liq malumot oling

Qizil qalpoqcha to’liq malumot oling

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, bir qishloqda jajjigina bir qizcha bor ekan: u dunyoda tengi yoʻq, juda yoqimtoy qiz ekan. Oyisi uni jonidan ham yaxshi koʻrar ekan, buvisi boʻlsa undan ham yaxshi koʻrar ekan. Buvisi nevarasining tugʻilgan kuni munosabati bilan qizchaga bitta qizil qalpoqcha sovgʻa qilibdi. Oʻshandan beri qizcha qayoqqa borsa, shu chiroyli, yangi qizil qalpoqchasini kiyib borar ekan. Shuning uchun qoʻni qoʻshnilar uni koʻrganda:
— Ana, Qizil Qalpoqcha kelyapti! — der ekanlar. Bir kuni oyisi somsa pishirib, qizchaga aytibdi:
— Qizil Qalpoqcha, mana bu somsa bilan kuvachadagi yogʻni buvingga oborib bergin, eson-omonligini bilib kelgin.Qizil Qalpoqcha kiyinib, buvisini koʻrgani narigi qishloqqa ketibdi. U oʻrmondan oʻtayotsa, oldidan bir Boʻri chiqib qolibdi. Boʻri Qizil Qalpoqchani yamlab yuborgisi kelibdi-yu. lekin botinolmabdi, chunki shu yaqin orada oʻtinchilar daraxt kesib yurar, boltalarining taraq-turuq ovozi eshitilib turar ekan.Boʻri qizdan:
— Qizil Qalpoqcha, qayoqqa ketyapsan? — deb soʻrabdi.
Qizil Qalpoqcha boʻlsa, oʻrmonda toʻxtab, Boʻri bilan gaplashishning qanday qoʻrqinchli ekanini bilmas ekan.Shuning uchun ham u Boʻri bilan salomlashibdi-da, keyin:
— Buvimni koʻrgani ketyapman, buvimga mana bu somsalar bilan kuvachada yogʼ olib boryapman, — debdi.
— Buvingning uyi uzoqdami? — deb soʻrabdi Boʻri.
— Ha, ancha uzoqda, — deb javob beribdi Qizil Qalpoqcha,
— Tegirmon orqasidagi qishloq bor-u, hov ana, eng chekkadagi uyni koʻryapsanmi — oʻsha.
— Yaxshi, — debdi Boʻri, — men ham buvingni koʻrib kelaman. Manavi yoʻldan boraman, sen boʻlsang anavi yoʻldan bor. Koʻramiz, kim oldin borarkan. Boʻri eng yaqin yoʻldan gʻizillab chopib ketibdi.Qizil Qalpoqcha boʻlsa, eng uzoq yoʻldan ketibdi. Qizcha yoʻlma-yoʻl toʻxtab, gullar teribdi, guldasta yasabdi. Qizil Qalpoqcha hali tegirmon yoʻliga yetmagan ekan, Boʻri kampirning uyiga yetib kelib, eshikni taqillatibdi.
— Kim? — deb soʻrabdi kampir.
— Men nevarangiz Qizil Qalpoqchaman, — deb javob beribdi.Boʻri, ovozini ingichka qilib. — Siznikiga mehmon boʻlib keldim, somsa bilan kuvachada yogʻ olib keldim. Kampir bu vaqt toʻshakda kasal boʻlib yotgan ekan. U chindan ham Qizil Qalpoqcha kelgandir deb oʻylab, shunday debdi:—
Jonginam, ipni tort, eshik ochiladi!
Boʻri ipni tortibdi — eshik ochilibdi. Boʻri chopib borib, kampirni bir yamlab yutib yuboribdi. Boʻri judayam och ekan, negaki u uch kundan beri ovqat yemagan ekan-da. Keyin Boʻri eshikni yopib, kampirning toʻshagiga kirib yotibdi-da, Qizil Qalpoqchani kuta boshlabdi. Tezda Qizil Qalpoqcha kelib, eshikni taqillatibdi.
— Kim? — deb soʻrabdi Boʻri.
Qizil Qalpoqcha Boʻrining xunuk ovozini eshitib, avval qoʻrqibdi, keyin: buvim tumov-pumov boʻlgandir, — deb oʻylab, javob beribdi:
— Men nevarangiz Qizil Qalpoqchaman. Sizga somsa bilan kuvachada yogʻ olib keldim.
Boʻri yoʻtalib olib, ingichka ovoz bilan:
— Ipni tort, jonginam, eshik ochiladi, — debdi.
Qizil Qalpoqcha ipni tortgan ekan eshik ochilibdi.
Qizcha uyga kiribdi. Boʻri boʻlsa koʻrpaga burkanib olib debdi:—
Somsani stolga, kuvachani tokchaga qoʻy, oʻzing yonimga kelib yot! Juda charchagandirsan?
Qizil Qalpoqcha boʻri bilan yonma-yon yotib, undan soʻrabdi:
— Voy, buvijon, qoʻllaringiz buncha uzun?
— Seni mahkamroq quchoqlash uchun, jonginam!
— Buvijon, oyoqlaringiz buncha katta?
— Tezroq chopish uchun, jonginam!
— Buvijon, quloqlaringiz buncha katta?
— Yaxshiroq eshitish uchun, jonginam!
— Buvijon, koʻzlaringiz buncha katta?
— Seni yaxshiroq koʻrish uchun. jonginam!
— Buvijon, tishlaringiz buncha katta?
— Seni tezroq yeb qoʻyish uchun. jonginam!Qizil Qalpoqchaning dod-voylashiga qaramay, ochkoʻz Boʻri uni shippagi va qizil qalpog’i bilan qoʻshib yutib yuboribdi. Baxtni qarangki, shu vaqt uy yonidan oʻtinchilar oʻtib qolishibdi. Ular shovqin-suronni eshitib, uyga bostirib kiribdilar va boʻrini oʻldiribdilar. Keyin uning qornini yorsalar, ichidan Qizil Qalpoqcha bilan buvisi eson-omon chiqishibdi.

Ertaklar
Qizil qalpoqcha