QIYOSIY-TARIXIY ADABIYOTSHUNOSLIK
QIYOSIY-TARIXIY ADABIYOTSHUNOSLIK, komparativizm — adabiyotshunoslikda 19-asrning 2-yarmida pozitivizm taʼsiri ostida Yevropada paydo boʻlgan maktablardan biri; adabiyot tarixining xalqaro adabiy aloqalar va munosabatlarni, turli mamlakatlardagi adabiy-badiiy voqea-hodisalarning oʻxshash va farqli jihatlarini oʻrganuvchi boʻlimi. Qiyosiy-tarixiy adabiyotshunoslik namoyandalari asosiy eʼtiborni adabiy oqimlar, milliy adabiyotlar va ayrim asarlar, obraz va syujetlar oʻrtasidagi oʻxshashlikni aniqlashga qaratadilar, syujetlar migratsiyasini, yaʼni xalqdan xalqqa koʻchishini adabiy rivojlanishning omili deb qaraydilar. Shuni aytish kerakki, adabiy voqea-hodisalarning oʻxshashligi, bir tomondan, xalqlarning ijtimoiy va madaniy rivojlanishidagi oʻxshashlikka, ikkinchi tomondan esa, ular oʻrtasidagi madaniy va adabiy aloqalarga asoslanadi; shunga muvofiq ravishda adabiy jarayonning tipologik oʻxshashliklari hamda «adabiy aloqalar va taʼsirlar» farqlanadi. Odatda, ular oʻzaro taʼsir, aloqada boʻlsada, biroq bu narsa ularning qoʻshilib, qorishib ketishini tasdiqlamaydi.
Ensiklopediya.uz
QIYOSIY-TARIXIY ADABIYOTSHUNOSLIK