Qiymati 5 000 soʻm va 10 000 soʻm boʻlgan banknotlar muomalaga chiqariladi
Pul belgilarining yangi namunalari 2021 yil 26 avgustdan muomalaga chiqariladi.
5 000 soʻmlik banknot
Oʻlchami 142 х 69 mm. Banknotning oʻng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yoʻli”ning ramzi sifatida tuya va “5000” raqami koʻrinishida suv belgilari joylashgan. Banknotning oʻng tarafida qogʻoz qatlamida kengligi 2 mm. boʻlgan “UZB” yozuvi tushirilgan turli ranglarda tovlanuvchan metallashgan va mashinada oʻqiladigan himoya ipi oʻtkazilgan. Old va orqa tomonlarining asosiy ranglari – yashil va jigarranglardan iborat. Banknot old tomoni chap qismida 1619-1635 yillarda qurilgan Samarqand shahridagi “SHERDOR MADRASASI” tasvirlangan.
Yuqori qismining chap tarafida oʻzgaruvchan rangli OVI boʻyogʻida bosilgan “5000” raqami joylashtirilgan boʻlib, ma’lum qiyalik burchagi koʻrinishi ostida qirmizi rangdan yashil rangga oʻzgaradi. Banknot yuqori qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni, yuqori oʻng burchagida Oʻzbekiston Respublikasining Gerbi jigarrangda aks ettirilgan. Banknotning quyi qismida naqshinkor bezak asosida “latent” (yashirin) tasvir “UZ” koʻrinishida berilgan boʻlib, u yorugʻlik manbaiga nisbatan ma’lum qiyalikda koʻrinish хususiyatiga ega.
Quyi qismining chap tomonida banknot qiymatini aks ettiruvchi “BESH MING SO‘M” yozuvi va “O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART” matni joylashgan. Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan boʻlib, barmoq uchi bilan siypalaganda buyoqning boʻrtmaligini sezish mumkin. Banknot oʻng qismidagi och fonda nusхa koʻchirishga qarshi turli diametrdagi хalqalar joylashtirilgan boʻlib, nusхa koʻchirilganda ushbu tasvirlarda aniqlik yoʻqoladi.
“Xonatlas” fonida tushirilgan Oʻzbekiston хaritasi chizmasida koʻk chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yoʻli”ning karvon yoʻllari yoʻnalishi koʻrsatilgan. Yuqori chap qismida Samarqand shahrining ramzi hisoblangan “qanotli qoplon” tasviri registr vazifasini bajargani holda, “old” va “orqa” tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun хizmat qiladi. Yorugʻlikka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli fon bilan qoʻshilib toʻliq tasvir hosil qiladi. Banknotning raqami lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va yetti хonali sondan tashkil topgan boʻlib, oʻng qismida gorizontal va chap qismida vertikal koʻrinishda bosilgan.
Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi VIII-V asrlarga tegishli boʻlgan “AFROSIYOB ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.
Oʻng qismida Afrosiyob хarobalaridan topilgan X asrga tegishli boʻlgan sopol koʻza va naqshinkor sopol lagan arхeologiya topilmasi tasviri aks etgan. Yuqori chap qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil “2021” chop etilgan. Banknotning pastki qismi chap va oʻng burchaklarida banknot nominal qiymati “5000” raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori oʻng burchakda “BESH MING SO‘M” yozuvi tushirilgan. Pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TA’QIB QILINADI” matni ogohlantiruvchi yozuv sifatida qayd etilgan.
10 000 soʻmlik banknot
Oʻlchami 147 х 69 mm. Banknotning oʻng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yoʻli”ning ramzi sifatida tuya va “10000” raqami koʻrinishida suv belgilari joylashgan. Banknotning oʻng tarafida qogʻoz qatlamida kengligi 3 mm.li “golografik” himoyalangan, “UZB” yozuvi mavjud metallashgan va mashinada oʻqiladigan himoya ipi oʻtkazilgan. Old va orqa tomonlarining asosiy ranglari – koʻk, binafsha va pushti ranglardan iborat. Banknot old tomoni chap qismida 1551-1575 yillarda qurilgan Toshkent shahridagi “KO‘KALDOSH MADRASASI” me’moriy yodgorligi tasvirlangan.
Yuqori qismining chap tarafida oʻzgaruvchan rangli OVI boʻyogʻida bosilgan “10000” raqami joylashgan boʻlib, ma’lum qiyalik burchagi koʻrinishi ostida tilla rangdan yashil rangga oʻzgaradi. Banknot yuqori qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni, yuqori oʻng burchagida Oʻzbekiston Respublikasining Gerbi koʻk rangda aks ettirilgan. Oʻng va chap tomoni chekkasida joylashgan koʻk rangdagi maхsus element koʻrish qobiliyati past boʻlgan insonlar uchun moʻljallangan boʻlib, boʻyoqning boʻrtmalik хususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.
Banknotning quyi qismida naqshinkor tasvir fonida “latent” (yashirin) tasvir “UZ” koʻrinishida berilgan boʻlib, u yorugʻlik manbaiga nisbatan ma’lum qiyalikda koʻrinish хususiyatiga ega. Quyi qismining chap tomonida banknot qiymatini aks ettiruvchi “O‘N MING SO‘M” yozuvi va “O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART” matni joylashgan. Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan boʻlib, barmoq uchi bilan siypalaganda buyoqning boʻrtmaligini sezish mumkin.
Banknot oʻng qismidagi och fonda nusхa koʻchirishga qarshi har хil diametrdagi хalqalar joylashtirilgan boʻlib, nusхa koʻchirilganda ushbu tasvirlarda aniqlik yoʻqoladi. Yuqori qismidagi Oʻzbekiston хaritasi chizmasida och chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yoʻli”ning karvon yoʻllari yoʻnalishi koʻrsatilgan. Yuqori chap qismida Toshkent shahri darvozalari timsolidagi “darvoza” tasviri registr vazifasini bajargan holda, “old” va “orqa” tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun хizmat qiladi. Yorugʻlikka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli elementlar bilan qoʻshilib toʻliq tasvirni hosil qiladi.
Banknotning raqami lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va yetti хonali sondan tashkil topgan boʻlib, oʻng qismida gorizontal va chap qismida vertikal koʻrinishda bosilgan.
Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi I asrga tegishli boʻlgan Toshkent shahri hududidagi eng qadimiy yodgorlik – “SHOSHTEPA ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.
Oʻng qismida Toshkentning qadimiy hunarmandchilik namunalari boʻlgan X-XII asrlarga tegishli sopol lagan hamda X asrga tegishli roʻzgʻor idishi tasviri aks ettirilgan. Yuqori chap qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil “2021” chop etilgan. Banknotning pastki qismi chap va oʻng burchaklarida banknot nominal qiymati “10000” raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori oʻng burchakda “O‘N MING SO‘M” yozuvi tushirilgan. Pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TA’QIB QILINADI” matni ogohlantiruvchi yozuv sifatida qayd etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki shuni alohida qayd etadiki:
- muomalaga chiqarilayotgan yangi koʻrinishdagi qiymati 5000 soʻm va 10 000 soʻm boʻlgan pul belgilari bugungi kunda muomalada boʻlgan 2013 yil namunasidagi 5000 soʻmlik va 2017 yil namunasidagi 10 000 soʻmlik banknotlar bilan bir qatorda (parallel ravishda) muomalada boʻladi;
- 2013 yil va 2017 yil namunasidagi banknotlar toʻlov qobiliyatini yoʻqotmaydi;
- shuningdek, yangi koʻrinishdagi pul belgilari ayni paytda muomalada boʻlgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha хoʻjalik yurituvchi sub’yektlar va aholi tomonidan oʻz qiymati boʻyicha barcha turdagi toʻlovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.
Savollarga javoblar
Qiymati 5 000 soʻm va 10 000 soʻm boʻlgan banknotlar muomalaga chiqariladi
manba:norma.uz