QITʼA haqida

QITʼA haqida

QITʼA

QITʼA (arab. — boʻlak, qism, parcha) — mumtoz adabiyotda lirik janr. Sheʼriy shakl sifatida qasida va gʻazaldan oldin paydo boʻlgan. Tuzilishiga koʻra, gazalga yaqin turadi, lekin Qitʼada matlaʼ qofiyalanmaydi (ab. vb, gb…), hajmi ham qatʼiy emas, mazmun talabiga koʻra, ikki bayt va undan ortiq (xatto 19 baytgacha) boʻlishi mumkin. Har bir Qitʼa yaxlit asar boʻlib, biron mavzuga bagʻishlanadi. Boshqa lirik janrlarga nisbatan Qitʼada shakl va mazmun erkinligi ustun, mavzu doirasi ham keng. Unda ijtimoiy-siyosiy, diniy-falsafiy axloqiy-taʼlimiy va b. mazmundagi fikrlar hajv va hazilmutoyiba tarzida, shoir hayotining turli lahzalari bilan bogʻliq qayd va mulohazalar sifatida oʻz ifodasini topishi mumkin.

Fors-tojik adabiyotida Qitʼaning dastlabki namunalari Rudakiy ijodida koʻrinadi. Uning janr taraqqiyoti va takomilida fors shoiri Avhadiddin Anvariy (1190-y. v. e.) va Ibn Yamin Faryumodiyning xizmati katta.

Oʻzbek adabiyotida Qitʼaning ilk namunalari «Devonu lugotit turk»da, Xorazmiy, Yusuf Amiriy, Gadoiy, Lutfiy va b. ijodida uchrasa-da, uning taraqqiyoti Alisher Navoiy ijodi bilan bogʻliq. Qitʼadan hech kim Navoiychalik samarali foydalana olgan emas. U eng koʻp Qitʼa yozgan Ibn Yaminning ilgʻor anʼanalarini oʻz davri sharoitiga bogʻlab rivojlantirgan, Qitʼani oʻzbek adabiyotida mustaqil janr darajasiga koʻtargan. 16—19-a. larda Bobur, Poshshoxoja, Munis Xorazmiy, Shavqiy Kattaqoʻrgʻoniy, Shukuriy Fargʻoniy, Ogahiy, Miriy, Avaz Oʻtar, Almaiy va b. shoirlar Naioiy anʼanalarini davom ettirib, oʻzbek qitʼanavisligiga hissa qoʻshdilar. Habibiy, Sobir Abdulla, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir, Chustiy, Charxiy, E. Vohidov va boshqalar Qitʼalar yaratishgan. Hozir Qitʼalar barmoq vaznida ham yozilmoqda.

Ad.: Orzibekov R., Lirikada kichik janrlar, T., 1976; Adabiy tur va janrlar |3 j. li|, 2-j.. T.. 1992.

Ensiklopediya.uz
QITʼA