Qayumov Malik Kayumovich Tarjimai hol haqida malumot
Tarjimai hol
“O‘zbekiston xalq artisti”, “Mehnat Qahramoni” unvonlari sohibi “El-yurt hurmati” ordeni sohibi bo‘lgan Malik Qayumov “Soyuzkinoxronika”ning O‘rta Osiyo respublikalari bo‘yicha muxbiri, ijodiy faoliyatida 100 dan ortiq hujjatli filmlar yaratib, o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati, fani va san’atini jahonga tanitgan ulkan san’atkor, o‘zbek hujjatli kinosiga asos solib, o‘zbek kino san’atini nodir asarlari bilan boyitdi.
O‘zbek kinosan’atining ulkan namoyandasi Malik Qayumov 1912 yil Toshkentda tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1929 yil “Sharq yulduzi” (O‘zbek Davlat kinosi) kinostudiyasida boshlab, “Bog‘doddagi amirkon”, “Ajoyib kun”, “Qumlikdagi voha”, “Qumdagi quduq” va boshqa filmlarda suratga tushish bilan bir qatorda operator yordamchisi bo‘lib ishlagan.
1930—1932 yillar Moskva Butunittifoq Davlat kinematografiya institutining operatorlik bo‘limida tahsil oligach, 1932 yildan Toshkent xronika kinostudiyasida operator va “Soyuzkinoxronika”ning O‘rta Osiyo respublikalari bo‘yicha muxbiri bo‘lib faoliyat ko‘rsata boshlagan. Ikkinchi Jahon urushi yillarida Malik Qayumov o‘z ixtiyori bilan hujjatli filmlar Markaziy studiyasining harbiy kinooperatori sifatida urushga ketadi. Filmda fashizmga qarshi kurashda askarlar jasorati va mardonavorligini kinotasmaga xotirlayoganda fidokorlikni namoyon etgan.
1946 yildan Toshkent badiiy va hujjatli-xronikal filmlar studiyasining (“O‘zbekfilm”) rejissyor operatori va badiiy rahbari bo‘lib ishlay boshladi.
1961 yildan O‘zbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasining direktori, keyinchalik badiiy rahbari vazifasida faoliyat ko‘rsatadi. O‘zbekiston kinematografiya xodimlarining IV chaqiruvida Malik Qayumov O‘zbekiston kinematografiya xodimlari uyushmasining birinchi kotibi bo‘lib saylanadi.
Iqtidorli kinooperator o‘zining ko‘p yillik ijodiy faoliyati davomida 200 dan ortiq hujjatli va ilmiy-ommabop filmlar suratga olib, jahonga o‘zbek xalqi tarixi, madaniyati, fan va san’atini tanishtirish bilan birga, o‘zbek hujjatli kinosiga asos solib, o‘zbek kino san’atini nodir film asarlari bilan boyitdi va ushbu yo‘nalishdagi maktab yaratdi.
Uning “Ona yera”, “To‘rt darvoza shahri”, “Bizning O‘zbekistonga keling”, “Bahordan bahorgacha”, “Go‘zallikning uch siri”, “Samarqand doim men bilan”, “O‘zbek xaritasi”, “Tinchlik va do‘stlik kinofestivali”, “Insonnyatning besh qo‘li”, “Qirq yil va bir kun”, “Bahordan bahorgacha”, “”O‘zbekiston bo‘ylab sayohat”, “Toshkent — tinchlik shahri”, “Toshkent, zilzila”, “San’atga bag‘ishlangan umr”, “O‘zbekiston san’ati”, “13 qaldirg‘och”, “Sharqda shunday saxiy shaxslar bor” kabi hujjatli filmlari o‘zbek kino san’atining ulkan yutug‘i sifatida e’tirof etiladi.
Malik Qayumov ijodida “Hindiston tongi”, “Vetnam — mening Vatanim”, “Hindiqush bo‘ylab yo‘l”, “Oltin Bengaliya” kabi xorijiy mamlakatlar haqidagi hujjatli filmlari alohida o‘rin tutadi.
Uning ko‘plab filmlari xalqaro va Butun ittifoq kinofestivallarida yuksak baholanib, sovrin va diplomlar bilan taqdirlangan.
“Toshkent to‘qimachilik kombinati” filmi 1938 yili Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Jahon ko‘rgazmasida katta Oltin Medal bilan, “Bizning O‘zbekistonga keling” filmi Venetsiyada bo‘lib o‘tgan Xalqaro kinofestivalda katta Oltin Medal bilan, “O‘zbekiston madaniyati obidalari” filmi Osiyo va Afrika mamlakatlari kinofestivalida birinchi darajali diplom bilan, “Bahordan bahorgacha” filmi esa 1964 yilda Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan kinofestivalda birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi.
Malik Qayumov uch marotaba Moskvada bo‘lib o‘tgan Xalqaro kinofestival hay’at a’zosi bo‘lgan, 1966, 1977 yillarda Moskvada bo‘lib o‘tgan kinofestivallar hay’at raisi etib saylangan. Uning o‘zbek kino san’atidagi faoliyati yuqori baholangan.
“Bahordan bahorgacha” filmi uchun “O‘zbekiston Davlat mukofoti”ga sazovor bo‘lgan. U “O‘zbekiston xalq artisti” va “Xalq artisti” hamda “Mehnat Qahramoni” unvonlari sohibidir. 1999 yil “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
M. Qayumov, shuningdek, davlat va jamoat hayotida ham faol ishtirok etadi. 1990-1994 yillar u O‘zbekiston Oliy Kengashi deputati sifatida samarali faoliyat yuritgan.
O‘zbekiston xalq artisti, milliy kino san’atimizning atoqli arbobi Malik Qayumov 2010 yil 29 aprel kuni vafot etdi. San’at arbobi, sodda inson, jonkuyar ustoz Malik Qayumovning yorqin xotirasi xalqimiz yuragida abadiy saqlanib qolajak.
Suratga olgan hujjatli filmlari
“Qudratli oqim”, “Bizning O‘zbekistonga keling”, “Tinchlik va do‘stlik kinofestivali”, “Insonnyatning besh qo‘li”, “Qirq yil va bir kun”, “Bahordan bahorgacha”, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat”, “Toshkent tinchlik shahri”, “Toshkent, zilzila”, “San’atga bag‘ishlangan umr”, “O‘zbekiston san’ati”, “13 qaldirg‘och”, “Sharqda shunday saxiy shaxslar bor”, “Hindiston tongi”, “Vetnam — mening Vatanim”, “Hindiqush bo‘ylab yo‘l”, “Oltin Bengaliya”.
Mukofotlari
· “Toshkent to‘qimachilik kombinati” filmi uchun Katta oltin medal (1938 yil, Nyu-York)
· “Bizning O‘zbekistonga keling” filmi uchun Katta oltin medal (Venetsiya)
· “O‘zbeksiton madaniyati haykallari” uchun birinchi darajali diplom, Osiyo va Afrika mamlakatlari kinofestivalida
· “Bahordan bahorgacha” filmi uchun birinchi darajali diplom (1964 yil, Sankt-Peterburg)
·Moskva Xalqaro kinofestivali hay’at a’zosi
·Moskva kinofestivali hay’ati raisi (1966, 1977 yillar)
· “O‘zbekiston xalq artisti”
• Sotsialistik mehnat qahramoni (05.12.1990)
• Ikkita Lenin ordeni (11.03.1985)
• Ikkita Mehnat Qizil Nishoni ordeni (18.03.1959; 22.06.1971)
• Xalqlar do‘stligi ordeni (1989 yil 17 avgust) — Afg‘oniston Respublikasi bilan madaniy aloqalarni o‘rnatgani uchun
• Qizil Yulduz ordeni (20.04.1943)
• “Hurmat belgisi” ordeni (23.05.1940) — “Qudratli oqim” filmi uchun
• “El-yurt hurmati” ordeni (O‘zbekiston, 1999)
• Ikkita “Mehnat a’lochisi” medali (16.01.1950; 06.12.1951)
• “Jasorat” medali (O‘zbekiston, 1995)
Arboblar
Qayumov Malik Kayumovich
manba:arboblar.uz