Qariyb 3 barobar qimmatlagan maktab darsliklari: Bundan korrupsiyaning isi kelmoqda
Biror tashkilot yoki shaxsga osongina qora chaplab, mehnati va nomini yo‘q qilishning zamonaviy usullari — ijtimoiy tarmoq orqali media xurujini uyushtirib, xalaqit qilayotganlarni va tizimni yo‘q qilish odatiy mexanizmga aylanyapti.
“Oxirgi 3 yilda ko‘pchilikning dumini bosib qo‘ydik” – maktab darsliklarining ijara narxlarini keskin ortishi tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda maktab darsliklari ijarasi uchun narxning 108 foizga oshirilgani keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. “Daryo” nashri jamoatchlik faollari tomonidan kitob ijarasi narxining ortib ketishi va uni chop etish masalasi yuzasidan bildirilgan firklar hamda holat yuzasidan mas’ullarning bayonotlarini jamladi.
O‘zimizning qorako‘zlar: darsliklarni kim chop etadi?
Maktab darsliklarining ijara narxi uch baravargacha oshishi jamoatchilikning diqqat e’tiboridagi asosiy masalaga aylandi. Hamma gapiryapti, ommaviy axborot vositalari ham o‘z materiallarini e’lon qilmoqda. Xalq ta’lim vazirligi esa o‘zini oqlamagan eksperimentlar, jamoatchilik ayyuhannosiga uchrayotgan — bir joyda depsinib turgan idoraga aylandi-qoldi.
2022-yilgi davlat bujeti parametrlariga ko‘ra, Respublika maqsadli kitob jamg‘armasiga 605 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi kerak edi. Xo‘sh, ushbu mablag‘lar qaysi kompaniyalarga ketmoqda?
Davlat xaridlari portali yangilangan (badtar bo‘lgan)dan beri, aniqrog‘i 2022-yilning 1-yanvaridan Xalq ta’limi vazirligi tomonidan darsliklar chop etishga e’lon qilingan tenderlarda “Kolorpak” MCHJ, agar adashmagan bo‘lsak, 260 mlrd so‘mdan ortiq buyurtmani yutgan. O‘ZBEKISTON NASHRIYOT MATBAA IJODIY UYI esa (100 foiz davlatniki), hisob-kitobimizcha, 110 mlrd so‘mdan ortiq davlat buyurtmasini olgan. G‘afur G‘ulom nashriyoti (to‘liq davlatniki) esa taxminan 26 mlrd so‘m atrofida buyurtma olgan. Yangiyul Poligraph Service MCHJ esa taxminan 47 mlrd so‘mlik buyurtma olgan.
(Bularning barchasi taxminiy xomcho‘t, hali tugallanmagan tenderlar ham bor. Lekin yana o‘sha o‘zimizning qorako‘zlarimizga tegishli kompaniyalar o‘rtasida taqsimlab olinayotgandek).
“Kolorpak” MCHJ haqida. Mazkur MCHJning 26,6 foiz ulushi Zo‘r TVga, 36,7 foizini esa Ismail Irkinovich Israilovga, qolgan qismi Ahmedov Shuhrat Yakubjonovga tegishli. Kompaniya 2021-yilda “O‘qituvchi” nashriyotini 22 milliard 3 million so‘mga xususiylashtirib olgan.
Yangiyul Poligraph Service MCHJ esa, yuridik shaxslar reyestriga ko‘ra, 49,3 foiz ulushi Djurayeva Zuxra Zelimxanovnaga, yana 49 foizi Xudaykulov Rustam Suleymanovichga tegishli.
P.S.: Darsliklar Konstitutsiya va davlat kafolatlagan bepul maktab ta’limining uzviy va ajralmas qismidir. Ayniqsa, prezident Shavkat Mirziyoyev najotni ta’limda ko‘rayotgan ekan, maktab darsliklari bepul bo‘lishi lozim.
“Davletovuz” Telegram kanali
“Bunday masalalar ota-onalar bilan kelishib hal etilsin”
Darsliklar narxi borasida juda ko‘p fikrlar aytilmoqda. Mening fikrimcha, ushbu masalaga bozorda sotilayotgan kitoblardek qarab, narxdan norozilikni bolasiga kitob uchun pul qizg‘anish deb talqin qilish noto‘g‘ri.
Odam o‘z ixtiyori bilan kitob sotib olishi/olmasligi ixtiyoriylik asosida bo‘ladigan ish. Unda bir joyda narx yoqmasa boshqa joydan surishtirish yo umuman olmaslik variantlari bor. Kitob uchun ma’lum bir summani ravo ko‘rish/ko‘rmaslik esa umuman boshqa masala va uni boshqa holatda muhokama qilgan ma’qul.
Darsliklar esa bolasi davlat maktabida o‘qiydigan hamma to‘lashi shart bo‘lgan pul. Bunda hech kim ota-onalardan darsliklar ijaraga berilishi masalasini ham, uning shartlarini ham avvallari muhokama qilmagan, ijtimoiy kelishuv bo‘lmagan. Endi esa yana kengashmay narx 2-3 baravar oshirilyapti.
Bir tomon har doim o‘zicha shartlarni o‘zgartiradigan va boshqa tomon bajarishga majbur bo‘ladigan holat aslo shartnomaviy munosabat emas. Shunday holda ota-onalarga har yili shartnoma imzolatilishi va shartlar o‘zgaraverishi, iste’molchida esa tanlov imkoniyati bo‘lmasligi adolatsizlik.
Taklif shuki, bunday masalalar ota-onalar bilan kelishib hal etilsin. Hozirgi narxlar o‘zgarmas ekan, davlat masalaning ijtimoiy ahamiyatini e’tiborga olib va o‘zining bepul ta’limni ta’minlash mas’uliyatidan kelib chiqib, “yostiqcha” paydo qilishi, ya’ni avvalgi yilgi ijara narxlari bilan hozirgisi o‘rtasidagi farqni to‘lab berishi adolatdan bo‘ladi.
Darsliklar butkul bepul bo‘lgani yaxshi deb populistlik qilishim mumkin edi-yu, ammo bir muddat darsliklar chop etilishi jarayonida qatnashganim uchun bilamanki, to‘liq davlat to‘lasa, o‘g‘riliklar karrasiga ortadi, budjetni yana xalq to‘ldirishiga to‘g‘ri keladi. Oshgan soliqlar shaklida baribir shu pulni to‘laymiz keyin. Undan ko‘ra, ramziy miqdorda bo‘lsa ham, oz qismini qo‘ldan berib, hisobini o‘zimiz so‘rab turganimiz ma’qul.
Shahnoza Soatova, bloger“Bizda xususiy sektor o‘zimizni qorako‘zlar”
2021/2022-o‘quv yili uchun darsliklar to‘plamlarining ijara to‘lovi miqdorlari Foto: Bahodir Ahmedov
2022/2023-o‘quv yili uchun darsliklar to‘plamlarining ijara to‘lovi miqdorlari Foto: Bahodir Ahmedov
Maktab darsliklari ijarasi narxining oshishiga darsliklar bosish “O‘qituvchi” nashriyoti “Kolorpak” MCHJga o‘tkazilgani sabab ekani haqida gaplar yuribdi. Bu kompaniya haqida bilsangiz kerak. “Gazeta.uz” yaxshi o‘rganish qilgan bu haqda.
Davlatdan xususiy sektorga o‘tkazilgani yaxshi, albatta. Lekin bizda vaziyat jichcha boshqacharoq.
Bizda xususiy sektor o‘zimizni qorako‘zlar
Bahodir Ahmedov, advokatKitoblarni pullik ijaraga berish Konstitutsiyaga zid, deb hisoblaymiz
Rasul Kusherboyev Foto: “Daryo”
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega.
Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi”, deb belgilangan.
Ushbu Konstitutsion norma talablaridan kelib chiqilsa davlat umumta’lim maktablarida ta’lim berish bilan bog‘liq barcha jarayonlar bepul hisoblanadi. Bunda darsliklar bilan o‘quvchilarni ta’minlash ham.
Shu bois, maktablarda darslik kitoblarni pullik ijaraga berish ham Konstitutsiyaga zid, deb hisoblaymiz.
Bu bizning nuqtayi nazarimiz va uni to‘g‘ri, deb hisoblaymiz. Biroq bu boradagi yakuniy xulosani Konstitutsiyaviy sudimiz bildirganida yanada maqsadga muvofiq ish bo‘lardi.
Rasul Kusherboyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Ko‘priklar qiymatini uch karra shishirgan muttahamlar kitoblar narxini uch karra shishirishidan hayron qolmaslik kerak
O‘zbek chinovniklari uzun dam olish kunlari oyog‘ini uzatib dam olib yotgan vaqtda tarmoq qaynab, qovurilib, dimlanib yotipti. Maktab darsliklarining ijara haqi 3, hatto 3,4 barobargacha qimmatlagan. Hech kim saylamagan o‘zbek chinovnigiga ne muammo? Bolasi yo hamma xarajati ichida bo‘lgan xususiy maktabga yo oriylar uchun mo‘ljallangan yopiq elita maktablariga borsa.
Darvoqe, oxir oqibatda xuddi shunday bo‘lishini bir yil avval “O‘qituvchi matbaa uyi” “Kolorpak” MCHJga nazoratiga o‘tganida, darsliklarini tayyorlash buyurtmasi to‘satdan davlat nashriyotidan olinib “Kolorpak” MCHJga berilganida aytib o‘tgandik. Qog‘oz narxi oshgani umuman ahamiyatsiz, logistika qiyinlashgani o‘ringa ega emas. Bular trillionlab summada kafolatlangan buyurtmalarni o‘zlashtirish uchun narxlarni baribir shishirishardi.
Shu ma’noda men e’tirozlar manzilini tushunmayman. Nega Xalq ta’limi vazirligiga, qanaqadir pulxonaga aylanib qolgan markazlar, inspeksiyalarga shikoyat qilinmoqda? Axir ular sheriklarku! Gorizontal bo‘yicha sheriklar. Shuning uchun ham darsliklar uch karra qimmatlagan.
Xo‘sh, nima qilmoq kerak deysizmi? O‘zbekistonda hozircha xalq saylagan bitta institut bor. Prezident. Qolgani hammasi chala, amorf va o‘lik. Neki xalqda dard bo‘lsa, faqat Prezident nimanidir o‘zgartirish mumkin. Shuning uchun umid davlat rahbaridan.
Xo‘p, ungacha nima qilish kerak deysizmi?
Birinchidan, uch karra qimmatlashtirilgan kitob olishdan bosh tortish kerak.
Ikkinchidan, bundan buyog‘iga, qiymati 1 million dollardan ortiq har qanday buyurtma va tender xalqaro maqomga ega bo‘lishi zarur. Bilgichlar buncha katta hajmdagi darslik va qo‘llanmalarni Finlandiya yo Turkiyada chop etib kelish ham arzon, sifatliroq bo‘lardi deyishmoqda. Nima, o‘quvchi va ota-onalarning kitob mahri “Kolorpak”ka tushganmi?
Oxirida oxirgi replika. Menda, to‘g‘risi bittagina javobi yo‘q jiddiy savol bor xolos: Nega bu odamni tadbirkor sifatida ko‘rishadi, axir bu odam qip-qizil Berezovskiy toifasidagi tipku. Ziyoni davlatga va xalqqa, foydasi esa cho‘ntagimga qabilida ish tutuvchi muttaham Berezovskiy. Qamalishi yo quvilishi kerak bo‘lgan Berezovskiy.
Otabek Bakirov, iqtisodchi
Darsliklar bo‘yicha hamma o‘yin Respublika ta’lim markazida bo‘ladi
Markaz direktori Shuhrat Sattarov o‘z tanishlariga va talabalariga darslik yozdirgan desam ishonasizmi?
Darsliklar xato chiqib, qayta nashr etilgani buning isboti va ularning aybi ota-onalarga yuk bo‘lmasligi kerak.
Musiqa va O‘zbekiston tarixi kitoblari bo‘yicha alohida o‘rganish boshladik. Ammo dizaynerlarning bank plastik kartasiga milliardlab tushirilgan pullarni hisobini berish vaqti keldi, menimcha.
Maketni boshqa nashriyotdan sotib olib kitob boshqa nashriyot chop etsa kitob qimmat bo‘ladi va hurmatli vazir bunga qog‘oz narxi qimmatlaganining mutlaqo aloqasi yo‘q. Atrofingizdagilar sizni prosta “lox” qilyapti.
Janob vazir markaz rahbarini ishdan ola olmaysiz, kuchingiz yetmaydi. Ammo tekshirish uchun bosh prokurordan yozma tarzda iltimos qilsangiz bo‘ladi.
Sattarov va inomarkalar borasida zo‘rlari bor!
“Kompromatuzb” Telegram kanali
Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov kitoblarni nashrga tayyorlash va chop etish yuzasidan tushuntirish berdi:
Shuhrat Sattorov Foto: “Xabar”
Ijtimoiy tarmoq orqali menga va Respublika ta’lim markaziga uyushtirilayotgan axborot xurujlaridan sezdimki, bizga qarshi jiddiy kurash boshlangan. Oxirgi 3 yilda ko‘pchilikning dumini bosib qo‘ydik. Bular orasida eng katta burilish — darsliklar tayyorlash vazifasining nashriyotlardan olib, Respublika ta’lim markaziga berilgani bo‘ldi. Buning bosh sababi deyarli 20-30 yildan beri bir xil mazmundagi darsliklarning chop etilayotgani, shuningdek, ta’lim mazmunini yangilashda tub burilish yasash edi.
Shu yilning 6 oyida Respublika ta’lim markazida har kuni 2,5 tadan, jami 300 nomdagi darslik-qo‘llanma tayyorlandi. Bu yil jami 60 mln darslik bosilishi reja qilingan. Bu O‘zbekiston tarixida misli ko‘rilmagan raqam. Ilk marotaba xorij darsliklari moslashtirildi, tarjima qilindi, birga yozildi. Bu orada eski avlod mualliflar maktabini yangilash uchun ayrimlardan voz kechilib, 350 nafarlik yangi avlod mualliflari maktabi shakllana boshladi.
Uyushtirilgan materiallarda darsliklar ijara narxi oshib ketganini Respublika ta’lim markazi bilan bog‘lashibdi. Darsliklarning yaratilish narxini shakllantirish uchun odatda yil boshida nashriyotlardan narx o‘rganamiz va bu narxlar ekspertiza xulosalari bilan asoslanadi. Ya’ni ularni yaratish uchun bozordan oshiq yoki sun’iy narx qo‘yishning imkoni yo‘q. Darslik ijara narxining qisman ko‘tarilishi xalqaro bozorda qog‘oz narxining oshib borayotgani bilan bog‘liq.
Darsliklar sifati, mazmuni va yangi yondashuv bilan maktablarga yangi ruh, yangicha muhit kirib boryapti. Buni o‘qituvchilar his qilishyapti, o‘quvchilar his qilishyapti. Bu masalada men ochiqchasiga muzokaraga tayyorman.
“KompramatUz” kanalida esa dizaynerlarga milliardlab oylik yozilgani, menda inomarka moshinalarning borligi haqida yozilibdi. Oylik masalasida har kim o‘z mehnatiga yarasha pul olgan, hammasi shartnoma asosida amalga oshirilgan va bir so‘m ham mehnat bozoridan ortiqcha yoki asossiz to‘lanmagan. Avtomobil masalasida esa o‘zim aytib qo‘ya qolay — oilamda foydalanish uchun 1 yil avval Tracker avtomobilini kreditga olganman. Xizmat mashinam — Gentra.
Darvoqe, darslik ijara narxi borasida boshqa tashkilot faoliyat ko‘rsatadi, shuning uchun men Respublika ta’lim markazi faoliyati vakolati doirasida, darslikning fayl holatiga kelguniga qadar jarayon haqida mulohaza qilyapman.
Biror tashkilot yoki shaxsga osongina qora chaplab, mehnati va nomini yo‘q qilishning zamonaviy usullari — ijtimoiy tarmoq orqali media xurujini uyushtirib, xalaqit qilayotganlarni va tizimni yo‘q qilish odatiy mexanizmga aylanyapti.
Agar menga va jamoaga qarshi shunday yo‘ldan borilayotgan bo‘lsa, men boshlagan ishlarni to‘xtatib, ta’limdan ketishga tayyorman. Chunki, bundan tashqari boshqa ko‘plab sohalarda ham ishlay olaman.
Niyatim doim xolis bo‘lgan — maktab ta’limi uchun qiziqarli, zamonaviy ta’lim muhiti yaratish. Atrofimdagi yuzlab ekspertlar, ziyoli insonlarni ham shu maqsad jipslashtirgan.
Bu kanal adminiga aytarim shuki, mard bo‘lsang, maydonga chiq, qilgan halol mehnatimizga mard bo‘lib baho ber.
Xalq ta’lim vazirligi holatga tushuntirish berdi:
Respublika maqsadli kitob jamg‘armasining Vasiylik kengashi darsliklar va mashq daftarlarining ijara to‘lovi miqdorlarini belgiladi.
Qayd etilishicha, joriy yilda prezident farmoni bilan umumta’lim maktablarining 3, 6, 7 va 10-sinflari uchun to‘liq, shuningdek, 2 va 3-sinf uchun mashq daftarlari, barcha sinflar uchun ingliz tili, nemis tili va rus tili fanlaridan jami 60 million nusxa yangi avlod darsliklari (2021-yilda 25 million darslik) chop etilmoqda.
Joriy yilda yangi darsliklarning chop etilish xarajatlarining, xususan, dunyo bozorida qog‘oz narxi (faqatgina 2022-yilning o‘zida qog‘oz narxi 60—70 foizga oshgan) va qog‘ozni mamlakatga yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlarining keskin oshib ketishi darsliklarni chop etish uchun harajatlarning ham oshib ketishiga olib kelgan.
Ijara to‘lovi miqdorlari darsliklar uchun amalga oshirilgan xarajatlardan kelib chiqib, bir dona darslik uchun yagona summasini to‘plamdagi darslik va mashq daftarlari soniga ko‘paytirish yo‘li orqali belgilanadi. Bunda yagona summa barcha sinf va ta’lim tillar uchun bir xil etib belgilanadi.
Joriy o‘quv yilida o‘rtacha bir dona darslik (mashq daftari) uchun yagona ijara to‘lovi 5 707 so‘mni tashkil etmoqda va o‘tgan o‘quv yilidagi miqdor (2 740 so‘m)ga nisbatan 2 967 so‘mga (108 foizga) oshgan.
Qariyb 3 barobar qimmatlagan maktab darsliklari: Bundan korrupsiyaning isi kelmoqda
Kishining kulgisi qistaydi, Xalq ta’limi vazirligi “aksilxalqona” qarorlar e’lon qilib, so‘ngra e’tirozlar kuchayavergach “tuflagan tupugini qaytib olish” borasida 2022 yilda sovrindor o‘rinlardan birini egallashga kirishgan, shekilli.
Avval 2025 o‘quv yiligacha kechiktirilgan o‘quvchilar uchun yagona maktab formalari 2022/23 o‘quv yilidan boshlab majburiy bo‘lishi to‘g‘risida hukumat qarori e’lon qilindi. Boshida bu qarorni qo‘llab-quvvatlab, formalarning katta qismi tikilayotgan Namanganga jurnalistlar uchun press-tur uyushtirgan vazirlik, ko‘p o‘tmay, majburiyat yana ortga surilganini e’lon qildi.
So‘ngra 15 yillik mehnat stajiga ega va shu yil bahorda attestatsiyaga jalb etilmagan oliy toifali o‘qituvchilar eng quyi toifaga tushib qolayotgani shov-shuv bo‘ldi. XTV yana munosabat bildirib, bunday o‘qituvchilarning toifasi umrbod oliy bo‘lib qolishini bildirdi.
Keling, maktab darsliklari masalasiga qaytaylik.
2022/23 o‘quv yili uchun darsliklar ijara narxlari ikki-uch barobarga oshirilgan. Ijara narxlarini o‘qib ota-onalar ham, o‘qituvchilar ham hayron. Vazirlik bu masalani tushuntira turib, darsliklar uchun ijara narxlari Moliya vazirligi tomonidan belgilanganini aytdi.
Ammo, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan hujjat – xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari U.Sharifxodjayev imzolagan xat nusxasiga ko‘ra, darsliklarning ijara to‘lovi miqdori Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi vasiylik kengashining 2022 yil 31 avgustdagi 37-09-08/75-sonli bayonnomasi bilan tasdiqlangan.
XTV axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova xatning vazirlikka tegishli ekanini inkor qolmagan holda, Vasiylik kengashi bayonnomasi nusxasini berish haqidagi so‘rovimizni javobsiz qoldirdi.
XTVdan olingan ma’lumotga ko‘ra, yangi o‘quv yilida O‘zbekistondagi 10 130 ta maktabda 6,6 mln o‘quvchi ta’lim oladi. 1-sinflarga 700 ming o‘quvchi qabul qilingan.
Prezidentning “2022–2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida 3-, 6-, 7- va 10-sinflar uchun mo‘ljallangan darsliklar to‘liq yangidan chop etiladi. Shuningdek, 2–3-sinflar uchun mashq daftarlari, barcha sinflar uchun ingliz tili, nemis tili va rus tili fanlaridan jami 60 million nusxa yangi avlod darsliklari chop etilib, noyabr oyi oxirigacha maktablarga yetkaziladi.
Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmatining tushuntirishicha, joriy yilda yangi darsliklarni chop etish xarajatlari oshgani ijara haqi keskin oshishiga sabab bo‘lgan. 2022 yilda jahonda qog‘oz narxi 60-70 foizga balandlagani, qog‘oz importida transport xarajatlari keskin oshgani, bu esa tannarx ko‘tarilishiga sabab bo‘lgani aytilyapti.
Joriy o‘quv yilida o‘rtacha bir dona darslik (mashq daftari) uchun yagona ijara to‘lovi 5707 so‘mni tashkil etmoqda va o‘tgan 2021/22 o‘quv yilidagi miqdor (2740 so‘m)ga nisbatan 2967 so‘m (108 foiz)ga oshgan.
Bitta darslik uchun ijara narxi qanday shakllanadi?
Darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovi miqdorlari darsliklar uchun sarflangan xarajatlarni o‘quvchilar soniga bo‘lish orqali hisoblanadi. Bunda xarajatlar proporsional tarzda darslikning ishlatilish muddatiga bo‘linadi.
Misol uchun: bir dona darslikning tannarxi 25 ming so‘m bo‘lsa, uning 5 yil ishlatilishi, har yili 5 ming so‘mdan yig‘ish kerakligini anglatadi. Jami bir yildagi barcha darsliklarning summasini davriylikka bo‘lib, bitta darslik summasi shakllantiriladi. Bu yil bu 5707 so‘mni tashkil etdi (2021 yilda 2740 so‘m bo‘lgan).
Bir dona kitob narxi o‘z navbatida bir sinf komplektidagi darslik va mashq daftarlari soniga ko‘paytiriladi. Bitta sinfda 20 ta kitob bo‘lsa, yillik ijara summasi 20×5707=114 140 so‘m bo‘ladi.
Kimgadir 100-115 ming so‘mning nari-berisidagi to‘lov unchalik qiyin ko‘rinmas, ijtimoiy tarmoqlarda yangrayotgan e’tirozlar ayrimlarning ensasini ham qotirar, ayrimlar bitta tushlikka bundan ham ko‘p sarflanishini pisanda qilmoqda. Biroq yurtimiz aholisi, ayniqsa qishloq joylarda yashovchi ko‘p bolali oilalarda 3-4 nafar farzand maktabga boradi, oylik daromadi 1 mln so‘m atrofida bo‘lgan bunday oilalarga birdan 330–450 ming so‘m chiqim katta zarba bo‘ladi. Bunga ular o‘z bolalariga o‘quv qurollari, yangi forma va hokazolar olib berishlarini ham qo‘shing.
Birinchi sinf o‘quvchilari, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oilalarning farzandlari, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari o‘quvchilariga darsliklar bepul ijaraga berilishi belgilangan.
XTV ma’lumotiga ko‘ra, darslikni chop etishga sarflangan mablag‘, darslik foydalaniladigan muddat (yilga) bo‘linib yig‘iladi. Yig‘ilgan mablag‘lar Kitob jamg‘armasida to‘planib, mazkur kitobni keyingi yilda chiqarishga sarflanadi.
Misol uchun: 2017 yilda chiqarilganida bitta darslik tannarxi 5 ming bo‘lgan va 5 yil davomida 1000 so‘mdan yig‘ilgan. 2022 yilda darslikni chiqarish uchun 25 ming sarflangan va tabiiyki, bu mablag‘ni to‘plash uchun 5 ming so‘mdan 5 yil davomida yig‘ib borish kerak.
Ammo XTVning o‘zi bor-yo‘g‘i 4 ta sinf (3-, 6-, 7- va 10-sinf) uchun darsliklar to‘liq yangidan chop etilganini ta’kidlab turibdi. 1-sinflarga ham tekin beriladi. Bolalari 2-, 4-, 5-, 8– va 9-sinflarga boruvchi ota-onalar eski darsliklar uchun ikki-uch barobar oshirilgan ijara haqi to‘laydimi shunda?
Konstitutsiyamizda O‘zbekistonda maktab ta’limi bepul ekani belgilab qo‘yilgan. Ammo mantiqan o‘ylab qaralganda ta’lim bepul deganda o‘qituvchiga pul to‘lanmasliginigina nazarda tutmaslik kerak. Ta’lim olish uchun beriladigan darsliklar ham bepul bo‘lishi kerak emasmi?
Xo‘sh, qog‘oz o‘lgurning narxi keskin oshib ketadigan odati bor ekan, elektron darsliklarni joriy etish va ommalashtirish ustida ishlash kerak emasmi? Tashqarida, agar XTVdagilarning mabodo xabari bo‘lmasa, yigirma birinchi asrning yigirma ikkinchi yili o‘tyapti.
Darsliklarni chop etish bosmaxonalar o‘rtasida tender asosida amalga oshirilar ekan. Hozirgi kunga qadar 2022 yildagi 53 million darslik uchun tenderlar o‘tkazilgan. XTV ma’lumotiga ko‘ra, barcha tenderlar e-tender.uz portali orqali o‘tkazilib, uning g‘oliblari portalda aks ettirilgan.
e-tender.uz saytni ochib ko‘rdik. Tushunarsiz. Qaysi korxona qancha summaga qaysi darsliklarni chop etishni yutib olgani haqidagi ma’lumotni topa olmadim, men masalan. Bu ma’lumotlar aniq-tiniq qilib shaffoflashtirilishi lozim.
Bu masalada Bosh prokuratura va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi jiddiy bosh qotirib ko‘rishi kerakka o‘xshaydi.
Chunki xalq ta’limi tizimi davlat budjetidan eng ko‘p mablag‘ oladigan soha hisoblanadi – 2022 yilda 25,8 trillion so‘m. Shundan 605 mlrd so‘mi Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi uchun.
Tarixdan ma’lumki, katta miqdorda pul bor joyda korrupsiya ham bo‘ladi. Qolaversa, darsliklarni chop etish bo‘yicha davlat buyurtmasini bajarish uchun maydonga kirib kelgan “katta o‘yinchilar”da ham gap ko‘p. Kitoblarni chop etayotgan kompaniyalarning ta’sischilari tarkibiga qaralsa, yuqori martabali davlat amaldorlari bilan bog‘liq manfaatlar to‘qnashuvi oydinlashsa ajab emas.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Yangi maktab darsliklari 2022
Powered by Phoca Download
Saytimiz rivojiga hissa
Uzcard: 8600 5504 8563 9786
© 2004-2020 – Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.
- Bosh sahifa
- Portal haqida
- Portal tarixi
- Sayt xaritasi
- Muallif haqida
- Tafakkur gulshani
- Mumtoz faylasuflar hikmati
- Ibratli hikoyatlar
- Jahon xalqlari maqollari
- Jadid matbuoti
- Sovet davri matbuoti
- Qayta qurish davri matbuoti
- Mustaqillik matbuoti
- Hozirgi davr matbuoti
- Tarix
- O‘zbekiston hukmdorlari
- Temuriy malikalar
- Yurt bo‘ynidagi qilich.
- Qomusiy olimlar, sarkardalar
- O‘zbek xalq og‘zaki ijodi
- O‘zbek xalq maqollari
- O‘zbek xalq ertaklari
- O‘zbek xalq topishmoqlari
- O‘zbek mumtoz adabiyoti
- Zamonaviy o‘zbek she’riyati
- Muxlislar ijodidan
- Barcha kitoblar
- Ziyouz jurnalxonasi
- Ziyouz audiokutubxonasi
- Mobil kutubxona
- Maktab darsliklari
- Oliy va OMTM darsliklari
- Durdona to‘plamlar
- Android uchun kitoblar
- Videogalereya
- Узбекская библиотека
- Islomiy sahifamiz
- Forum
- Kross-shou
- Foydali sahifalar
- Saytdan qidirsh
- Ziyouz viktorinasi arxivi
Qiziqarli malumotlar
Qariyb 3 barobar qimmatlagan maktab darsliklari: Bundan korrupsiyaning isi kelmoqda