QARILIK
QARILIK, keksalik (qarish) — organizm hayotining yoshga bogʻliq muayyan bir davri, muqarrar ravishda yuz beradigan jarayon. Aʼzo va sistemalarda oʻziga xos oʻzgarishlar roʻy berib boradi, bu esa asta-sekin organizmning hayotga moslashuv imkoniyatlari susayishiga olib keladi. Odamlarning Qarilik davri 75 yoshdan keyin boshlanadi (90 yoshdan oshgan kishilar uzoq umr koʻruvchilardir), bu fiziologik Qarilik dir, bunda akliy va jismoniy quvvat, maʼlum ish qobiliyati, xushchaqchaqlik va atrofga qiziqish saqlanadi. Turli noxush tashqi va ichki taʼsirotlar barvaqt yoki patologik Qarilikga olib keladi. Odatda, Qarilikning dastlabki belgilari odamda yetuklik davridan (shartli ravishda 60 yoshdan) soʻng boshlanadi. Lekin aslini olganda, Qarilik organizmning oʻsishi va rivojlanishi toʻxtagandan keyin sezila boshlaydi. Mas, 30—35 yoshlarda biologik jarayonlarning faollik darajasi pasaya boshlaydi. Qarish turli toʻqima va aʼzolarda bir vaqtda boshlanmaydi va turli darajada kechadi, u organizm hujayralari yashash xususiyatlarining asta-sekin susaya borishidan iborat. Dastlab Qarilik tufayli boshlangan oʻzgarishlar amalda organizmning hayot sharoitlarining keskin oʻzgarishlariga moslashuvchanlik jarayonini buzmasada, ammo borabora yosh ulgʻayib, oʻzgarishlar kuchayganda organizm bunga endi ancha qiynalib moslashadi. Xususan, bu kasallik davrida, jismoniy va ruhiy zoʻriqishlarda bilinadi.
Ensiklopediya.uz
QARILIK