Qandsiz diabet — sabablari, turlari, alomatlari, tashxislash, davolash, parhez

Qandsiz diabet — sabablari, turlari, alomatlari, tashxislash, davolash, parhez

Qandsiz diabet yoki qandsiz siydik tanqisligi — vazopressin (antidiuretik gormon) yetishmovchiligi tufayli kuchli chanqoqlik va buyraklarni ko’p miqdorda past konsentratsiyali siydik ajratishi bilan tavsiflanadigan kasallikdir. Bu noyob kasallik ayollar, erkaklar va bolalar orasida teng ravishda kuzatiladi. Biroq 18 yoshdan 25 yoshgacha bo’lgan yoshlar ko’proq kasallanishga moyildir.

svg%3EQandsiz diabet kasalligi haqida to'liq ma'lumot

Vazopressin

Vazopressin — gipotalamusda sintez qilinadigan (ishlab chiqariladigan) gormon bo’lib, keyin u gipofizga tushadi va u yerdan qonga o’tadi.

Vazopressinning sintezi asosan natriy bilan nazorat qilinadi: qonda natriy kontsentratsiyasining ortishi bilan gormon ishlab chiqarilishi oshadi, kamayganda esa kamayadi.

Bundan tashqari, stressli vaziyatlarda, organizmda suyuqlikning kamayishida va nikotin kirishida gormonning sintezi kuchayadi.

Shuningdek, vazopressin ishlab chiqarilishi arterial bosimning ortishida, renin-angiotenzin tizimining zaiflashuvida, tana haroratining pasayishida, spirtli ichimliklar va ba’zi dorilar (masalan, klopelin, galoperidol, glyukokortikoidlar) qabul qilishda kamayadi.

Vazopressin buyrak faoliyatiga qanday ta’sir qiladi?

Ushbu gormonning asosiy vazifasi — buyraklardagi suvni qayta so’rilishiga yordam berib, siydik hosil bo’lishini kamaytirishdir.

Ta’sir mexanizmi

Qon oqimi bilan gormon buyrak naychalariga yetib boradi, so’ng maxsus retseptorlarga birikib, ularning suv molekulasi uchun o’tkazuvchanligini oshiradi. Buning natijasida suv qayta so’riladi va siydik konsentratsiyalangan bo’ladi.

Siydik rezorbsiyasi bilan bir qatorda, vazopressin organizmda sodir bo’ladigan bir nechta jarayonlarni tartibga soladi. Uning funktsiyalari:

  • Qon aylanish tizimining kapillyarlari, shu jumladan buyrak koptokchalari kapillyarlarini torayishiga yordam beradi.
  • Qon bosimini ushlab turadi.
  • Buyrak usti bezi po’sti gormonlari ishlab chiqarilishini tartibga soluvchi adrenokortikotrop gormon (gipofiz bezida sintez qilinadi) sekretsiyasiga ta’sir qiladi.
  • Qalqonsimon bezning tiroksin ishlab chiqarishini rag’batlantiradigan tireotrop gormon (gipofiz bezida sintez qilinadi) ajralishini kuchaytiradi.
  • Trombotsitlarni agregatsiyasini (yopishib qolishini) chaqirishi va qon ivishining ba’zi omillarini ajratishi sababli qon ivishini yaxshilaydi.
  • Hujayra ichidagi va tomir ichidagi suyuqlik hajmini kamaytiradi.
  • Organizm suyuqliklari osmolyarligini (1 l suyuqlikda erigan zarralar konsentratsiyasi) tartibga soladi: qon, siydikda.
  • Renin-angiotenzin tizimini rag’batlantiradi.

Vazopressin yetishmovchiligi bilan noyob kasallik — qandsiz diabet rivojlanadi.

Qandsiz diabet turlari

Qandsiz diabet rivojlanish mexanizmlarini hisobga olgan holda uni ikki asosiy turga bo’lish mumkin:

  • Markaziy qandsiz diabet. Gipotalamusta vazopressin ishlab chiqarilishi yetishmovchiligi yoki uning gipofiz bezidan qonga o’tishi buzilishi natijasida shakllanadi.
  • Buyrakli (nefrogen) qandsiz diabet. Ushbu shaklda vazopressin darajasi me’yorda bo’ladi, ammo buyrak to’qimasi unga reaktsiya bermaydi.

Bundan tashqari, ba’zida stressga javoban psixogen polidipsiya (kuchli chanqash) rivojlanadi.

Shu bilan birga, qandsiz diabet homiladorlik paytida shakllanishi mumkin. Buning sababi — yo’ldosh (platsenta) fermentlari bilan vazopressinning parchalanishidir. Odatda, kasallikning belgilari homiladorlikning uchinchi trimestrida namoyon bo’ladi, lekin tug’ruqdan keyin ular o’z-o’zidan yo’qolib ketadi.

Rivojlanish sabablari

Qanday shakldagi qandsiz diabet rivojlanishga olib kelishiga qarab, sabablar ikkiga bo’linadi.

Markaziy qandsiz diabet sabablari

Miya shikastlanishlari:

  • Gipofiz yoki gipotalamus o’smalari;
  • Bosh miyadagi operatsiyalardan keyingi asoratlar;
  • Sifilis;
  • Ba’zan o’tkazilgan infektsiyalardan so’ng rivojlanadi: O’RVI , gripp va
  • boshqalar;
  • Ensefalit (bosh miyaning yallig’lanishi);
  • Bosh suyagi va bosh miya jarohati;
  • Gipotalamus yoki gipofizda qon aylanishning yomonlashuvi;
  • Gipofiz yoki gipotalamusning faoliyatiga ta’sir ko’rastishi bilan kechadigan yomon sifatli o’smalarning miyaga metastazi;
  • Kasallik tug’ma bo’lishi mumkin.

Nefrogen qandsiz diabet sabablari

  • Kasallik tug’ma bo’lishi mumkin (eng keng tarqalgan sababi);
  • Kasallik ba’zan buyrakning miya moddasi yoki nefronning siydik naychalari shikastlanishi bilan kechadigan ma’lum sharoitlar yoki kasalliklar bilan bog’liq bo’ladi;
  • Noyob anemiya (o’roqsimon hujayrali);
  • Buyrak polikistozi (ko’p kistalar) yoki amiloidoz (amiloid to’qimasida cho’kma);
  • Surunkali buyrak yetishmovchiligi;
  • Qonda kaliyning ortishi yoki kalsiyning pasayishi;
  • Buyrak to’qimasiga toksik ta’sir qiluvchi dorilarni qabul qilish (masalan, Litiy, Amfoteritsin B, Demeklotsilin);
  • Ba’zida zaiflashgan bemorlarda yoki qarilik davrida paydo bo’ladi.

Biroq, barcha holatlarning 30% da qandsiz diabet kasalligining sababi aniqlanmaganligicha qoladi. Chunki o’tkaziladigan barcha tadqiqotlar ushbu kasallikning rivojlanishiga olib keladigan har qanday kasallik yoki omil mavjudligini ko’rsatmaydi.

Qandsiz diabet alomatlari

Qandsiz diabet rivojlanishiga olib keladigan sabablar turli bo’lishiga qaramasdan, kasallikning belgilari va alomatlari barcha turlarida deyarli bir xil.

Biroq, kasallik alomatlarining namoyon bo’lish kuchliligi darajasi ikki narsaga bog’liq:

  • Nefron kanalchalarining retseptorlari vazopressinga qanchalik sezgir emasligi;
  • Antidiuretik gormonning yetishmaslik darajasi yoki uning yo’qligi;

Odatda, kasallik to’satdan boshlanadi, ammo u asta-sekin rivojlanishi ham mumkin.

Kasallikning dastlabki belgilari — juda kuchli azob beruvchi chanqoqlik (polidipsiya) va bemorni hatto kechasi ham bezovta qiladigan tez-tez, ko’p miqdorda siyish (poliuriya) sanaladi.

Bir sutkada 3 litrdan 15 litrgacha siydik ajralishi mumkin, ba’zan uning miqdori kuniga 20 litrgacha yetadi. Shuning uchun bemorni kuchli chanqoq bezovta qiladi.

Keyinchalik, kasallik rivojlanib borishi bilan quyidagi alomatlar qo’shiladi:

  • Suvsizlanish belgilari (organizmda suv yetishmasligi) paydo bo’ladi: teri va shilliq qavat quruqligi (og’iz qurishi), tana vazni pasayishi.
  • Ko’p miqdorda suyuqlik qabul qilish sababli oshqozon kengayadi, ba’zan hatto pastga siljiydi.
  • Organizmdagi  suv yetishmovchiligi tufayli oshqozon va ichakdagi ovqat hazm qilish fermentlari ishlab chiqarilishi buziladi. Shuning uchun bemorda ishtaha pasayadi, gastrit yoki kolit rivojlanadi, ich qotishiga moyillik bo’ladi.
  • Katta miqdordagi siydik chiqarilishi sababli qovuq cho’ziladi.
  • Organizmga suv yetishmasligi sababli terlash kamayadi.
  • Ko’pincha qon bosimi pasayadi va yurak urish tezligi ortadi.
  • Ba’zida tushunarsiz ko’ngil aynishi va qayt qilish kuzatiladi.
  • Bemor tezda charchaydi.
  • Tana harorati ko’tarilishi mumkin.
  • Ba’zida kechasi siydik tuta olmaslik (enurez) rivojlanadi.

Tashnalik va tez-tez siyish tunlari ham davom etar ekan, bemorda ruhiy va hissiy buzilishlar rivojlanadi:

  • Uyqusizlik va bosh og’rig’i;
  • Emotsional labillik (ba’zan hatto psixozlar rivojlanadi) va qo’zg’aluvchanlik;
  • Aqliy faollikning pasayishi.

Bu qandsiz diabetning odatiy holatlardagi belgilaridir. Biroq, kasallikning namoyon bo’lishi erkaklar va ayollar, shuningdek, bolalarda birmuncha farq qilishi mumkin.

Erkaklarda

Yuqorida ko’rsatilgan belgilarga qo’shimcha ravishda libidoning (qarama-qarshi jinsga bo’lgan qiziqish) va potentsiyaning (jinsiy quvvatning) pasayishi qo’shiladi.

Ayollarda

Kasallik odatiy belgilar bilan kechadi. Biroq, ba’zan ayollarda hayz sikli buziladi, bepushtlik rivojlanadi, homiladorlik esa o’z-o’zidan homila tushishi bilan yakunlanadi.

Bolalarda

Uch yoshdan katta bolalar va o’smirlarda kasallik belgilari deyarli kattalarnikiga o’xshash bo’ladi.

Biroq, ba’zan kasallik belgilari yaqqol namoyon bo’lmaydi: bola yomon ovqatlanadi va vazni ortadi, ovqat qabul qilishda tez-tez qayt qilishdan aziyat chekadi, qabziyat va kechalari siydik tuta olmasligi bo’ladi, bo’g’imlardagi og’riqdan shikoyat qiladi. Bunday holda, tashxis kech qo’yiladi, bola jismoniy va ruhiy rivojlanishda orqada qolib bo’lgan bo’ladi.

Lekin yangi tug’ilgan chaqaloqlar va biroz kattaroq go’daklarda (ayniqsa nefrogen turida) kasallikning namoyon bo’lishi kattalarnikidan farq qiladi va yorqin namoyon bo’ladi.

Bir yoshgacha bo’lgan bolalarda kasallik belgilari quyidagicha bo’ladi:

  • Chaqaloq ona sutidan ko’ra suvni afzal ko’radi, lekin ba’zan chanqoqlik bo’lmaydi;
  • Chaqaloq tez-tez va ko’p miqdorda siyadi;
  • Tashvishlanishi mavjud bo’ladi;
  • Tana vazni tezda yo’qotiladi (bola tom ma’noda «ko’z oldida» ozib ketadi);
  • To’qimalarning turgori pasayadi (agar teri bir qavatga to’planib, qo’yib yuborilsa, u normal holatga asta-sekin qaytadi);
  • Ko’z yosh oz bo’ladi yoki umuman bo’lmaydi;
  • Tez-tez takrorlanadigan qayt qilish kuzatiladi;
  • Yurak ritmi tezlashadi;
  • Tana harorati tezda ko’tarilishi va pasayishi mumkin.

Bir yoshgacha bo’lgan bolalar suv ichish istagini ifoda eta olmaydi, shuning uchun ko’pincha ularning holati yomonlashadi: hushini yo’qotadi va tutqanonqlar rivojlanishi mumkin. Afsuski, hatto ba’zan o’lim ham yuz beradi.

Tashxislash

Birinchidan, shifokor bir nechta narsalarga aniqlik kiritadi:

  • Bemor qancha suyuqlik ichishi va qancha miqdorda siydik chiqarishi. Agar uning hajmi 3 litrdan ko’p bo’lsa, bu qandsiz diabet foydasiga dalil bo’ladi.
  • Tunda siydikni ushlab tura olmaslik va tez-tez ko’p miqdorda siyish (nikturiya) mavjudmi, shuningdek, bemorlar kechalari suvni ichadimi. Agar shunday bo’lsa, u holda ichiladigan suyuqlik va chiqariladigan siydik miqdori aniqlanishi kerak.
  • Yuqori chanqoqlik psixologik sabablar bilan bog’liq emasmi. Agar alomatlar bemor sevimli mashg’ulotlari bilan shug’ullanganida, sayr qilishida yoki mehmonda bo’lganida kuzatilmasa, ehtimol, u psixogen polidipsiyaga ega.
  • Qandsiz diabet rivojlanishiga turtki beradigan kasalliklar (o’smalar, endokrin kasalliklar va boshqalar) mavjudmi.

Agar barcha alomatlar va shikoyatlar bemorda, ehtimol, qandsiz diabet mavjudligidan darak bersa, ambulatoriya sharoitida quyidagi taqiqotlar amalga oshiriladi :

  • Siydikning osmolyarligi va nisbiy zichligi (buyraklarning filtrlash funktsiyasini xarakterlaydi), shuningdek qon zardobining osmolyarligi aniqlanadi;
  • Bosh miya kompyuterli tomografiyasi yoki magnit-yadroviy tomografiyasi;
  • Turk egati va bosh suyagi rentgenogrammasi;
  • Exoensefalografiya (EEG);
  • Ekskretorli urografiya;
  • Buyrak UT tekshiruvi;
  • Qon zardobida natriy, kaltsiy, kaliy, azot, mochevina, glyukoza (qand) darajasi aniqlanadi;
  • Zimnitskiy testi.

Bundan tashqari, bemorni nevropatolog, okulist va neyrojarrohlar ham tekshiradi.

Laboratoriya ma’lumotlariga asoslanib, qandsiz diabet tashxislanishi mezonlari quyidagilardan iborat:

  • Qonda natriyning ko’payishi (155 mEkv / l dan ortiq)
  • Qon plazmasi osmolyarligining ortishi (290 mosm/kg dan ortiq)
  • Siydik osmolyarligining pasayishi (100-200 mosm / kg dan kam)
  • Siydik nisbiy zichliging pastligi (1010 dan kam)

Siydik va qonning osmolyarligi me’yoriy chegaralar oralig’ida bo’lsa-da, bemorning shikoyati va alomatlari qandsiz diabet mavjudligini ko’rsatsa, suyuqlikni cheklash bilan test o’tkaziladi. Sinovning mazmuni shundaki, organizmga suyuqlikni kam miqdorda tushishi muayyan vaqtdan (odatda 6-9 soatdan) keyin vazopressin ishlab chiqarilishni rag’batlantiradi.

Shuni ta’kidlash kerakki, bu test nafaqat tashxis qo’yish, balki patologiyaning turini aniqlash imkonini ham beradi.

Suyuqlikni cheklash bilan sinov o’tkazish usuli

Kechasi uxlab uyg’ongandan so’ng, bemorning och qoringa vazni, arterial bosimi va pulsi o’lchanadi. Bundan tashqari, qonda natriyning miqdori va qon plazmasining osmolyarligi, siydikning osmolyarligi va nisbiy zichligi aniqlanadi.

Shundan so’ng bemor chiday olgunicha eng uzoq vaqt davomida suyuqliklar (suv, sharbat, choy) ichishni to’xtatadi. Keyin muntazam ravishda (har bir yoki ikki soatda), bemor og’irligi o’lchanadi va barcha laboratoriya testlari takrorlanadi.

Bemorda sinov o’tkazish to’xtatiladi, agar:

  • Tana vaznini yo’qotish 3-5% dan oshib ketsa;
  • Chidab bo’lmas chanqoqlik kuzatilsa;
  • Umumiy holat keskin yomonlashsa (ko’ngil aynishi, qusish, bosh og’rig’i, yurak urishi tezlashishi);
  • Qonning natriy va osmolyarlik darajasi me’yoriy raqamlardan oshib ketsa.

Sinov natijalari nimani anglatadi?

Qonning natriy va osmolyarlik darajasining oshishi, shuningdek, tana vaznining 3-5% ga kamayishi markaziy qandsiz diabet mavjudligini ko’rsatadi.

Ajraladigan siydik miqdori kamayishi va vazn yo’qotmaslik, shuningdek natriy ko’rsatkichlarining normal qiymatlarda bo’lishi, buyrakli qandsiz diabet mavjudligini anglatadi.

Ushbu test natijasida qandsiz diabet mavjudligi tasdiqlansa, keyingi tashxislash uchun minirinli test o’tkaziladi.

Minirinli test o’tkazish tartibi

Bemorga tabletkalarda Minirin tayinlanadi va qabul qilishdan oldin va qabul qilish fonida Zimnitskiy bo’yicha siydikni namunasi olinadi.

Sinov natijalari nimani anglatadi?

Markaziy qandsiz diabetda chiqariladigan siydikning miqdori kamayadi, uning nisbiy zichligi esa ko’tariladi. Nefrogen qandsiz diabetda esa bu ko’rsatkichlar deyarli o’zgarmaydi.

Shuni ta’kidlash kerakki, kasallikni tashxislash uchun qondagi vazopressin darajasi aniqlanmaydi, chunki bu usul juda qimmat va bajarilishi qiyin.

Differentsial tashxis

Ko’p hollarda qandsiz diabetni qandli diabet va psixogen polidipsiyadan ajratish kerak.

Alomat Qandsiz diabet Qandli diabet Psixogen polidipsiya
Chanqoqlik Kuchli sezilari Sezilarli Kuchli sezilari
Bir sutkada chiqariladigan siydik miqdori 3 dan 15 litrgacha 2-3 litrgacha 3 dan 15 litrgacha
Kasallikning boshlanishi Odatda o’tkir Bosqichma-bosqich Odatda o’tkir
Tunda siydik tuta olmaslik Ba’zan mavjud Bo’lmaydi Ba’zan mavjud
Qonda glyukozaning ortishi Yo’q Xa Yo’q
Siydikda glyukoza mavjudligi Yo’q Xa Yo’q
Siydikning nisbiy zichligi Pasayadi Oshadi Pasayadi
Suyuqlikni cheklash sinovi o’tkazilganda umumiy ahvol Yomonlashadi O’zgarmaydi O’zgarmaydi
Suyuqlikni cheklash sinovi o’tkazilganda chiqariladigan siydik miqdori O’zgarmaydi yoki oz miqdorda kamayadi O’zgarmaydi Me’yoriy ko’rsatkichlargacha pasayadi, uning zichligi ortadi
Qonda siydik kisloatsi darajasi 5 mmol/l dan yuqori Kasallik og’ir kechishida ortadi 5 mmol/l dan past

Qandsiz diabetni davolash

Avvalo, iloji bo’lsa, kasallikka sabab bo’lgan xastalik bartaraf qilinadi. Shundan so’ng qandsiz diabet shakliga qarab dori-darmonlar belgilanadi.

Markaziy qandsiz diabetni davolash

Bemor siydik bilan qancha miqdorda suyuqlik yo’qotishini hisobga olgan holda olib boriladi:

  • Agar siydik miqdori sutkada to’rt litrdan past bo’lsa, dori preparatlari buyurilmaydi. Faqatgina yo’qotilgan suyuqlikni o’rnini to’ldirish va parhez tutish tavsiya etiladi.
  • Siydikning miqdori kuniga to’rt litrdan ko’p bo’lsa, vazopressin o’rnini bosuvchi yoki uning ishlab chiqarilishini rag’batlantiruvchi moddalar belgilanadi.

Dori vositalari bilan davolash

30 yildan ortiq vaqtdan buyon o’rnini bosuvchi terapiya sifatida Desmopressin (Adiuretin) intranazal (dorini burun yo’llariga kiritish) kiritish qo’llanilar edi. Biroq, hozirgi kunda uning ishlab chiqarilishi to’xtatilgan.

Shuning uchun, hozirgi vaqtda vazopressin o’rnini bosuvchi vosita sifatida belgilanadigan yagona preparat Minirindir (Desmopressinning tabletkadagi shakli).

Kasallik alomatlarini bostiradigan Minirin dozasi bemorning yoshiga yoki vazniga bog’liq bo’lmaydi. Chunki hammasi antidiuretik gormonning yetishmasligi darajasiga yoki uning to’liq yo’qligiga bog’liq. Shuning uchun Minirin dozasi qabul qilinish boshlanishining dastlabki uch-to’rt kuni ichida har doim individual ravishda tanlanadi. Davolash minimal dozalardan boshlanadi va zarur bo’lganda ko’paytiriladi. Preparat kuniga uch marta qabul qilinadi.

Vazopressin ishlab chiqarishini rag’batlantiruvchi preparatlarga Xlorpropamid (qandli va qandsiz diabet birgalikda kuzatilganida ayniqsa samarali), Karbamazepin va Miskleron kiradi.

Buyrakli shaklini davolash

Birinchi navbatda organizmga yetarli miqdorda suyuqlik tushishi ta’minlanadi, keyinchalik zarur bo’lsa, dori-darmonlar buyuriladi.

Dori vositalari bilan davolash

Amalda qanchalik parodoksal bo’lmasin, siydik miqdorini kamaytiruvchi preparatar — tiazidli diuretiklar (siydik haydovchilar) buyuriladi: Gidroxlorotiazid, Indapamid, Triampur. Ularning ishlatilishi nefronning siydik naychalarida xlorni qayta so’rilishiga to’siq bo’lishiga asoslanadi. Natijada, qondagi natriy miqdori biroz pasayadi, suvning qayta so’rilishi esa oshadi.

Davolashga yordamchi sifatida, ba’zan yallig’lanishga qarshi dorilar buyuriladi (Ibuprofen, Indometasin va Aspirin). Ulardan foydalanish nefronning siydik naychalariga ma’lum moddalar oqimini kamaytirishga olib keladi, natijada siydik hajmi kamayadi va osmolyarlik darajasi oshadi.

Shu bilan birga, qandsiz diabetni muvaffaqiyatli davolashga muayyan parhez qoidalariga rioya qilmasdan erishib bo’lmaydi.

Qandsiz diabet uchun parhez

Ushbu kasallikda ovqatlanish chanqoqlik va ko’p miqdorda siydik ajralishini kamytirish, shuningdek siydik bilan chiqib ketadigan oziq moddalar o’rnini to’ldirishga qaratiladi.

Shuning uchun, avvalambor, tuz ishlatilishi cheklanadi (kuniga 5-6 grammdan oshmasligi kerak), ovqatga tuz solinmaydi.

Quritilgan mevalar foydalidir, chunki ular tarkibida kaliy mavjud bo’lib, u endogen vazopressin ishlab chiqarilishini ko’paytiradi. Bundan tashqari, chanqoqni kuchaytirmaslik uchun shirinliklardan voz kechish kerak. Shuningdek, spirtli ichimliklar ichishdan saqlanish tavsiya etiladi.

Taomnomaga yetarli darajada yangi sabzavotlar, mevalar, rezalar, sut va sut mahsulotlari kiritiladi. Bundan tashqari, sharbatlar, kompotlar, mevali ichimliklar foydalidir.

Organizmga fosfor tushishi ham juda muhim (bu miyaning normal ishlashi uchun zarur), shuning uchun yog’siz baliq, dengiz mahsulotlari va baliq yog’ini iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, yog’siz go’sht va tuxum sarig’i foydali bo’lishi mumkin. Shunga qaramay, qandsiz diabetda buyraklarga yuk tushirmaslik uchun oqsillarni cheklash kerak. Lekin yog’lar (masalan, saryog’ va o’simlik moyi) va uglevodlar (kartoshka, makaron va boshqalar) taomnomada yetarli miqdorda bo’lishi kerak.

Oziq-ovqat mahsulotlarini bo’laklarga bo’lib qabul qilish tavsiya etiladi: kuniga 5-6 marta.

Bu tavsiyalarning barchasi 7 yoki 10-raqamli parhez stoliga mos keladi.

Xalqona tabobat

Bu kasallikka chalingan bemorlarning ahvolini yaxshilash uchun ona tabiat bir necha ajoyib retseptlar saqlaydi.

Chanqoqlikni kamaytirish uchun:

  • 60 gr maydalangan qariqiz (lopux) ildizini olib, termosga soling va ustidan bir litr qayniq suv quying. Bir kechaga qoldiring, ertalab esa suzib oling. Uchdan ikki stakandan kuniga uch marta qabul qiling.
  • 20 gr marjondaraxt (buzina) gullarini olib, ustidan bir stakan qaynoq suv quyib, bir soatcha qoldiring. Keyin suzib oling va ta’bga ko’ra asal qo’shing. Kuniga uch marta bir stakandan qabul qiling.
  • 5 gramm (bir choy qoshiq) to’g’ralgan yosh yong’oq barglarini oling va bir stakan qaynoq suv soling. Biroz tindiring, so’ng choy kabi qabul qiling.

Miya hujayralari oziqlanishini yaxshilash uchun kuniga bir choy qoshiqdan no’xat unini iste’mol qiling, u glyutamin kislotasiga boy. Uyquni yaxshilash va bezovtalanishni kamaytirish uchun tinchlantiruvchi o’simliklar damlamalari qabul qilinishi mumkin.

Kasalliklar
alomatlari, davolash, parhez, Qandsiz diabet — sabablari, tashxislash, turlari