QANDOLATCHILIK
QANDOLATCHILIK, shirapazlik — hunarmandchilikning mahalliy shakarpazlik mahsulotlari, mahalliy shirinliklar, qandqurslar tayyorlanadigan sohasi. Sharq mamlakatlarida qadimdan rivoj topib, ayniqsa, oʻrta asrlarda keng tarqalgan. Urta Osiyoning Buxoro, Samarqand, Xiva, Toshhovuz, Xoʻjand, Qoʻqon, Chimkent, Toshkent singari yirik shaharlarida qandolatchilar shinni, asal, turli mevalarning shiralaridan, shuningdek, un, kunjut, oʻrik, bodom magʻizi, yongʻoq va boshqalardan foydalanib, turlituman obaki, holva, novvot, pechak, pashmak, parvarda, nisholda, murabbolar, atirgul gul barglarini shakar bilan aralashtirib gulqand, muz bilan shinni yoki meva sharbatini qoʻshib muzqaymoqlar tayyorlaganlar. Shaharlarda, yirik qishloq bozorlarida Qandolatchilik rastalari boʻlgan. Qandolatchilar 4—5, baʼzan 10—12 kishilik ustaxonalarga uyushgan, ularning doʻkonlari, asosan, xonadonlarda hovlining bir qismini tashkil etgan. Qandolatchilarning asboblari choʻyan va mis qozonlar, mis tovoqtogʻora, yogʻoch qorgich, chilchoʻp, tarozi kabilardan iborat boʻlib, kattakichik oʻchoqlar, uzum shirasi olinadigan maxsus qurilmalardan foydalanganlar.
Ensiklopediya.uz
QANDOLATCHILIK