QADIMGI RUS DAVLATI
QADIMGI RUS DAVLATI, Kiyev Rusi — oʻrta asrlarda Sharqiy Yevropadagi davlat. 9-asrning soʻnggi choragida Ryurikovichlar sulolasi knyazlari hukmronligi ostida sharqiy slavyanlarning 2 asosiy markazi — Novgorod va Kiyev, shuningdek, «varyaglardan greklarga» savdo yoʻli boʻylab joylashgan yerlarni (Eski Ladoga, Gnyozdovo va boshqalar atrofidagi qishloqlar) birlashtirilishi natijasida vujudga kelgan. 882 yil knyaz Oleg Kiyevni bosib olib uni davlat poytaxti qilgan. 988—89 yillarda Vladimir I Svyatoslavich xristianlikni davlat dini sifatida joriy etgan. Shaharlarda (Kiyev, Novgorod, Ladoga, Beloozero, Rostov, Suzdal, Pskov, Polosk va boshqalar) hunarmandchilik va savdo rivojlangan; meʼmoriy va yozma obidalar yaratilgan. Janubiy va gʻarbiy slavyanlar, Vizantiya, Gʻarbiy va Shim. Yevropa, Kavkaz, Oʻrta Osiyo bilan aloqalar oʻrnatilib, ular yanada mustahkamlangan.
Ensiklopediya.uz
QADIMGI RUS DAVLATI