Psixopat qanday odam? haqida malumot

Psixopat qanday odam? haqida malumot

Shaxsning patologik tipda o‘zgarishiga psixopatiya deb aytiladi. Psixopatiya kasallik emas, balki hulq-atvorning patologik o‘zgarishidir. Psixopat – har qanday vaziyatda ham o‘z shaxsini o‘ta sevadigan va o‘zini birovlardan ustun qo‘yadigan odam. Psixopat o‘zini shu qadar sevadiki, uni maqtagan odamni ko‘klarga ko‘taradi, yomonlagan odamni esa yerga urib yakson qilib tashlaydi. Uning uchun fanatizm juda xos. Psixopat biror narsaga qiziqsa, shuni amalga oshirmasdan qo‘ymaydi. Uning bu ishini birov tanqid qilsa, uni ko‘rarga ko‘zi yo‘q.

Psixopatlar aqlan zaif emas, balki u ruhan zaif odamlardir. Ulardan kuchli rassom, matematik, shoir yoki harbiy sarkardalar yetishib chiqadi. Psixopat o‘ziga va boshqalarga juda talabchan bo‘ladi, o‘ta toza va chiroyli kiyinishga intiladi. Uning hulq-atvorida o‘ta ishchanlik va o‘ta yolqovlik, o‘ta mehribonlik va kuchli qahr kabi bir-biriga zid bo‘lgan xislatlar birgalikda namoyon bo‘ladi. Psixopat har doim o‘zini maqtashga sabab izlaydi, birovlar uni maqtasa dunyoda eng baxtiyor odamga aylanadi. Birovlarning ustidan hukmronlik qilish uning eng yaxshi ko‘rgan xobbisi hisoblanadi. Shu bois psixopat har doim mansabga intiladi. Oilada u baxtsiz odamdir.

Psixopat o‘z rafiqasi va farzandlari bilan hech chiqisha olmaydi. Biroq ishda uning oshig‘i olchi. U ishga butun vujudi bilan kirishib ketadi, xatto u yerda yotib qoladi. Psixopatning do‘stiga aylanmoqchi bo‘lsangiz – uni maqtang, dushmaniga aylanmoqchi bo‘lsangiz – uni tanqid qiling. Demak, psixopatning eng nozik joyi – maqtov va tanqiddir. Psixopatlar qasd olishga o‘ch odamlar ekanligini unutmang.

Psixopatning bolaligi qanday kechadi?

Psixopatiya belgilari ko‘proq 12-14 yoshlarda avj ola boshlaydi. Bu davrda bola og‘ir ruhiy jarohat olsa, ya’ni uning shaxsiga aloqador o‘ta kuchli kamsitish va haqoratomuz holat ro‘y bersa, u alamzada bo‘lib o‘sadi, odamlarni yomon ko‘radi, ulardan qasdini olsa huzur qilaveradi. Manashu alamzadalik uning umrining oxirigacha davom etishi mumkin. Bosh miyaga olingan jarohatlar ham bolaning ruhiy rivojlanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi (masalan, ota-ona bolaning boshiga ko‘p urdi). Ba’zida psixopatiya nasliy xususiyatga ega hisoblanadi.

Odatda uydagi nosog‘lom muhit boladagi psixopatik o‘zgarishlarni yanada kuchaytirib yuboradi. Bunday paytlarda psixologning bola bilan ishlashi befoydaligini ota-onalar unutmasligi kerak. Shuning uchun ham psixologik suhbatga oilaning barcha a’zolari jalb qilinishi lozim. Bu o‘ta murakkab muammo! Biroq uni yechmasdan turib, psixopatiya rivojlanishining oldini olib bo‘lmaydi. Bola ota-ona mehriga to‘yib o‘sishi kerak. Bolaga 5 yoshgacha mehr berish kerak, undan keyin qattiqqo‘l bo‘lish kerak, degan naql mutloqo noto‘g‘ri. Bola 40 yoshga kirsa ham, ota-ona tirik ekan, bolasidan mehrini qachon ayamasligi kerak. Ana shunda u birovdan mehr izlamaydi, birovga tobe bo‘lmaydi.

Prof. Ibodullayev Z.R.
«Asab va ruhiyat» kitobi.

Kasalliklar
Psixopat qanday odam?