Psixologdan bola tarbiyasi borasida foydali tavsiyalar haqida malumot
Maktab ostonasiga oyoq qo‘yish har bir inson uchun nihoyatda katta hayotiy burilishdir. Mana shu davrdan boshlab bolalikning eng beg‘ubor onlariga bir qadar cheklanishlar kirib keladi. Endi bola oilada nafaqat oilaviy ba’zi burchlarni, vaholanki, uz shaxsi uchun zarur bo‘lgan xususiy vazifalarni bajarishi shart davrga o‘tadi. Bu bilan uning oiladagi roli bir qarashda kamayganday emas, aksincha ko‘paygan bo‘ladi. Ya’ni u o‘z obro‘sini endi nafaqat oila a’zolari o‘rtasida, aksincha, jamiyat o‘rtasida oila obro‘sini o‘z shaxsiy harakati bilan himoya qilish davri boshlanadi.
Maktab davri
Ruhiy muhiti sog‘lom oila a’zosi bo‘lgan bolaning birinchi bor maktabga borishi qanchalik hayajonli bo‘lmasin bola uchun jiddiy qiynchiliklar tug‘dirmaydi. Chunki maktabda o‘qituvchi hamma bolalarga bir ko‘z bilan qaraydi. Oilada ham bolaga maktabga borganligi munosabati bilan alohida erkatoyga qarash qilmasdan, maktab uning o‘zi uchun kerak bo‘lgan burch, sifatida qaragan ma’qul. Chunki, mana shunday qaralgandagina bola uy vazifalariga, maktabda berilgan topshiriqlarga shaxsiy burch sifatida qarashga o‘rganib boradi.
O‘zini hurmat qilmaydigan shaxs boshqalarni ham hurmat qilmaydi
O‘z burchini sezgan shaxsda esa o‘z shaxsiga hurmat tuyg‘usi tobora ortib yaxshi shakllanadi. Hammamizga ma’lum tushuncha, ya’ni o‘zini hurmat qilmaydigan shaxs boshqalarni hurmat qilishni bilmaydi. Bu o‘rinda tarbiyaning, maktab va oila tarbiyasining bola shaxsiyatiga bir yo‘nalishda mutanosib olib borilishi jiddiy e’tiborga molik.
Birgina misol keltiraylik.
Sobirning maktabdagi ilk kunlari. Onasi unga tanaffuslarda tashqariga toza havoga chiqqin. “Tez chopib, albatta, toza havoga chiqqin». Sobir onasiga shunday deyapti: “Tanaffuslar juda kichkina. qo‘ng‘iroq chalinadi, narsalarimni yig‘ishtirib ko‘cha eshigiga yetganimcha yana kirishga chalinadi”.
“Narsalaringni tezroq yig‘ishtir, chopib chiqqin”.
“Eee, bilmaysizda, maktabda chopish mumkin emas”.
Mana bu misolchada Sobirning onasi birgina so‘zni noaniqroq ishlatgani, maktab va oila talabining bola qalbida nomutanosib kelganiga uning bu muammoga hali javob topolmagani ko‘rinmoqda.
Biz kattalar bu nomutanosiblikni sezmay ham o‘tishimiz mumkin. Ammo bola qalbi hali o‘ta musaffo bo‘lganligidan unga talab, tushuncha, qoida yoki oddiy bir so‘z va hokazo birinchi bor qanday yozilsa yoki aytilsa u o‘zi uchun shunday tushuncha hosil qiladi. “Maktabda chopish mumkin emas”.
Jinsiy tarbiya
Oddiy tushunchalar ham har kimda har xil tezlik va quvvatda iz qoldiradi. Bu hodisa birinchi o‘rinda insonning shaxsiy xususiyat, qobiliyat va yoshi bilan bog‘liq bo‘ladi. Mana shu o‘rinda biz birinchi bor shu paytgacha bola, deb aytib kelgan tushunchani ikkiga ajratishimiz lozim bo‘ladi, ya’ni qiz bola va o‘g‘il bolaga.
To‘g‘ri, farzand tug‘ilgandan boshlab oilada uning jinsiga qarab muomala qilinadi va bu bilan jinsiy tarbiya oilada boshlab yuboriladi. Ammo boshlang‘ich maktab yoshiga kelib ayniqsa, ikkinchi, uchinchi sinflarda bolalarning jinsiy farqi ko‘payib boradi. Buni oilada alohida hisobga olinsagina oilaviy ruhiy muhitga putur yetmagan bo‘ladi va oila a’zolari oilaviy holatda o‘zlarini erkin sezadi.
Xalqimiz orasida qadimdan bu narsaga e’tibor berilgan. Shuning uchun ham qiz bola yoshlikdanoq oilada yordamchi sifatida ko‘zga tezroq tashlangan, uning sho‘xliklariga, akasi yoki ukasini tejab-tergashlariga «qiz bola-da», deb kattalar uni oldinroq sezishgan.
Xalq, ko‘pchilik sezgan bu oddiy tushunchaning tagi uzoqqa ketadi. Ruhshunoslarning fiziolog, medik, pedagog va boshqa mutaxassis olimlarning kuzatishlardan kelib chiqib aytishlari shuni bildiradiki, qiz bolalar o‘g‘il bolalarga qaraganda maktabning boshlang‘ich 1 – 3 sinf davrida faolroq bo‘lib, o‘g‘il bolalarni o‘sish va ulg‘ayishda ortda qoldiradi.
Qiz bolalarning bunday tabiiy faolligini oila a’zolari albatta bilishlari kerak. Bu hol alohida e’tiborga olinsa, oilada shaxslarning o‘rni va xususiyatlari to‘liq hisobga olingan bo‘lib ruhiy muhiti ijobiylashib boradi. Aks holda qiz bolaning sho‘xliklariga noto‘g‘ri baho berilgan bo‘ladi. Qiz bola sho‘xlikda ayblanib, o‘g‘il bola nofaollikda salbiy baholanishi mumkin.
Boshlang‘ich sinf, ya’ni olti – to‘qqiz yoshli bolalar maktabgacha yoshdagi qiliqlarini endi takrorlashmaydi. Yosh bola o‘jarlik qilib piyolani otib yuborishi mumkin, bu holda u piyolaning sinishini o‘ylab ham o‘tirmaydi. Ammo bunday ishni boshlang‘ich sinf bolasi qilmaydi. U endi bunday qiliqni o‘ziga ep ko‘rmaydi, chunki atrof, boshqalar uning bunday harakatiga qanday baho berishini u biladi va shundan uyaladi. Bu o‘rinda insonni jamiyat orasida shaxs sifatida shakllantiruvchi eng katta tuyg‘ulardan biri, mana shu keng ma’nodagi ijtimoiy tushuncha bo‘lmish, boshqa jonzotlar orasida uchramaydigan uyat ekanligini bilishimiz va unutmasligimiz kerak.
Oilada bolani izza qilmang!
Oilada bolani hech vaqt uyaltirmaslik va izza qilmaslik lozim. Har qanday inson boshqalar oldida uyalishni, uyalganlikni og‘ir esdan chiqaradi. Ko‘pchilik orasida izza bo‘lganligini bir umr esdan chiqarmasligi mumkin.
Shunday ekan, oilangizda ruhiy muhit sog‘lom bo‘lsin desangiz bolangizning hozirgina qilgan noo‘rin, xato, adashilgan, anglashilmovchilik yuzasidan, uning tajribasizligidan kelib chiqqan hatti-harakatini qoralab uni jazolab o‘tirmang, ayniqsa voqeani yuziga solib izza qilmang. Shu borada agar bu voqeadan uning biror tanishi voqif bo‘lishi xavfi bo‘lsa, kechinma yanada kuchliroq tus olishi mumkin.
Bolani xato bo‘lishi mumkin bo‘lgan ishlardan ogohlantirib tarbiyalab borsangiz uning oiladagi o‘rnini kamsitmagan bo‘lasiz.
Piyola bolangizning qo‘lidan tushib ketib singanda emas, bu piyola sinib bo‘ldi, undan ko‘p vaqt ilgari ish buyurganingizda «ehtiyot bo‘l, sinib qolmasin», degan tarbiyaviy so‘zlardan boshlang.
Bola o‘z irodasi bilan kunduz maktabda buyurilgan ishlarni bajarishga o‘rgansa, kechqurun ishdan qaytganingizdan keyin siz uni dars tayyorlashga o‘tirishga majbur qilishingizga o‘rin qolmaydi.
O‘z burchini bajarishga majbur qilingan oila a’zosining oilada ruhiy o‘rni boshqalar bilan barobar bo‘lishi mumkin emas.
O‘z burchini majburan qilib o‘rgangan bola mustaqillikka o‘rganmaydi. Vaholanki, shunday ekan biz hammamiz o‘z bolamizning mustaqil bo‘lishini juda-juda kutamiz va mustaqillikka o‘rgatib boramiz.
Mustaqil, o‘zini o‘zi tejab-tergashga o‘rganib borgan bolagina o‘z hayotini to‘liq ta’min qilib boradi. Agarda bolaga doim uning ruhiy va amaliy ishlarini ko‘rsatib, ularni bajarishga majbur qilib borsangiz bu holda oilada notenglik yuzaga keladi va oila a’zolari o‘rtasida notenglik bo‘lgan holda ruhiy muhit sog‘lom bo‘lmaydi.
Shunday ekan bolangizning biror holda o‘z vazifalarini bajarmaganligini ko‘rsangiz albatta majbur qilishga shoshilmang. U o‘z vazifasini bajarmaganligidan oila a’zolari, o‘rtoqlari, sinfdoshlari oldida biror marta xijolat cheksa, uyalsa, ayniqsa o‘ziga kerak bo‘lgan narsani bilmasdan, o‘sha narsaga zarurat sezib uni topolmay qolsa boshqa bunday qilmaslikka o‘rganadi. Chunki uyat, insonning o‘z oldida o‘zining uyalishi yaxshi ma’noda insonni o‘zlikka olib boradi.
© Mahmud Yo‘ldoshev,
Psixologiya fanlari nomzodi .
Farzand.uz
Kasalliklar
Psixologdan bola tarbiyasi borasida foydali tavsiyalar