Prostatit — sabablari, belgilari, alomatlari, o’tkir va surunkali shaklini davolash, oldini olish
Prostatit — prostata bezining yallig’lanishidir. Prostata bezi erkak jinsiy a’zolarining ikkinchi darajali qismidir. Bez qovuq ostida, uning bo’yni atrofida joylashgan. Siydik chiqarish kanali (uretra) prostatadan o’tadi, ya’ni prostata siydik chiqarish nayini o’rab turadi. Aynan shu sababli, prostata kattalashganida, siydik yo’llarini siqib qo’yadi va siydik o’tishiga to’sqinlik qiladi.
35 yoshdan oshgan erkaklarda prostata kattalashishi tez-tez kuzatiladi. Bu odatiy hodisa. 50 yoshdan katta erkaklarda kasallik siydik-tanosil tizimi faoliyatining buzilishi oqibati hisoblanadi, ya’ni prostata bezining yalig’lanishi natijasida. Yodda tutish kerak, prostata bezi qancha kattalashsa, siydik shuncha ko’proq to’siladi va shu tariqa organizm tobora siydik bilan zaharlanib boradi.
Kasallik yetarlicha keng tarqalgan va jinsiy yetuk erkaklarning 80 foizidan ko’prog’ida tashxis qo’yilgan, ularning qariyb 30 foizi 20 dan 40 yoshgacha bo’lgan yosh guruhida aniqlangan. Agar biz statistik tadqiqotlarga murojaat qiladigan bo’lsak, har 10 ta bemorda prostatit aniqlanadi.
Prostatitning sabablari
Prostatit rivojlanishining sabablari quyidagicha:
- Prostatitning asosiy sababi qon aylanishining buzilishi bo’lib, bu prostata bezining kattalashishiga olib keladi. Qon aylanishi buzilishining sababi esa — o’troq va kamharakat hayot tarzi, shuningdek, katta vazn.
- Prostatitning yana bir sababi infektsiya tushishidir. Ko’pincha infektsiya gonoreya yoki uretrit natijasida tushadi, kamroq holatlarda — angina, gripp, sil kasalligining asoratlari natijasida.
- Prostataning bakterial tabiatli yallig’lanishi prostata beziga bakterial kontragentlarning qon, limfa, himoyalanmagan jinsiy aloqa orqali tushganida boshlanadi, boshqacha so’z bilan aytganda organizmning biologik suyuqliklari bilan o’tgach. Odam terisida doimiy ravishda mavjud bo’lgan turli mikroorganizmlar, hatto qorin bo’shlig’i a’zolaridagi, masalan, ichakda, muayyan sharoitlarda kasallik rivojlanishiga sabab bo’lishi mumkin.
- Kichik tos a’zolari va yumshoq to’qimalarining jarohatlari, ularning qon aylanishi buzilishi ko’pincha prostatitga olib keladi. Qoida tariqasida, bu ko’pincha kasbiy xavf-xatarlar bilan bog’liq bo’lgan haydovchilarga tegishlidir — doimiy vibratsiya, silkinish, mushaklarga ortiqcha yuk tushishi.
- Shuningdek kasallikning rivojlanishiga tez-tez sovqotish va kam jismoniy faoliyat, surunkali siydik-tanosil kasalliklari yoki gormonal muvozanat buzilishi, siydik tutilishi va nomuntazam jinsiy hayot ham hissa qo’shadi.
Erkaklarning jo’shqin jinsiy faoliyatida tezda asabiy va jismoniy charchoq yuzaga keladi, gormonal tizim faoliyati, jinsiy bezlar sekretsiyasi buziladi, bu esa asta-sekin potentsiyaning pasayishiga olib keladi. To’xtatilgan jinsiy aloqalar ham erkak sog’lig’iga ijboiy ta’sir ko’rsatmaydi.
- Kamharakat hayt tarzi endokrin, asab va yurak-tomir tizimi faoliyatiga ta’sirini o’tkazadi. Kichik tos a’zolarining dimlanish hodisali qon ta’minlanishining yomonlashuvi qayd qilinadi, prostata to’qimalarida kislorod yetishmasligi yuzaga keladi — bularning barchasi patogen mikroorganizmlarning rivojlanishiga sharoit yaratib beradi, ular esa o’z navbatida prostatit rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Bu omillar yallig’lanish jarayonining asosiy sababchisi emas, balki prostataga infektsiyaning kirib borish uchun eshiklarni ochib berishga xizmat qiladi.
- To’g’ri ichakda yoki siydik chiqarish kanalida mavjud yallig’lanish ko’pincha prostata bezining ikkilamchi infektsiyalanishiga sabab bo’ladi.
- Prostatitning rivojlanishi uchun turtki omil — surunkali ich qotishidir. Hojat chiqarish bilan bog’liq doimiy buzilishlar prostata bezining yallig’lanishiga olib kelishi mumkin.
- Ushbu kasallikning rivojlanishida immunitet tizimining roli ham mavjud. Chunki zararli odatlar, hissiy tashvishlar, to’yib ovqatlanmaslik, jismoniy charchoq natijasida immunitet zailashadi va inson organizmi turli xil infektsion agentlarga qarshi kurashishga qiynaladi, shu jumladan prostata bezi yallig’lanishini chiqaradiganlarga ham.
- Prostatitning sabablari orasida urologik infektsiyalar va ba’zi boshdan kechirilgan venerologik kasalliklari, masalan, gonoreya yoki uretrit ham bor. Bronxit, tonzillit, davolanmagan tish kariesi kabi surunkali kasalliklar ham bu kasallikni keltirib chiqarishi mumkin.
Prostatit belgilari
O’tkir prostatitning belgilari tana haroratining ko’tarilishi va tez-tez siyish bo’lib, siydik chiqarish achishish va zaif bosim bilan kechadi. Bundan tashqari, prostatitning belgilari — defekatsiya paytida to’g’ri ichakdagi og’riq va oraliqdagi noqulaylik hissi bo’lishi mumkin. Yiringli yallig’lanish bosqichida, abstsess o’z-o’zidan yorilishi va siydik yoki to’g’ri ichakdan yiring chiqishi ehtimoldan yiroq emas.
Surunkali prostatit belgilari uretra va oraliqdagi achishish, defakatsiya yoki siyish oxirida yiring ajralishi, organizmning tez charchashi va ta’sirlanishi kabi namoyon bo’ladi.
Prostatitda qiynalib siyish juda xavflidir, u o’z vaqtida davolanmasa, siydikni o’tkir ushlanib qolishiga olib kelishi mumkin.
Erkaklar jinsiy qiziqishning to’liq yoki qisman yo’qolishi, tez urug’ chiqarish, ba’zan kechalari og’riqli, uzoq muddatli erektsiya kabi prostatit rivojlanishining bilvosita belgilarini e’tiborsiz qoldirmasliklari kerak. Bu alomatlarning barchasi hali asoratlanmagan va nisbatan oson davolansa bo’ladigan bosqichdagi prostata bezining yallig’lanishi uchun xosdir.
Agar mutaxassis bo’lmagan kishilar uchun ham ma’lum bo’ladigan namoyonlar haqida gapiradigan bo’lsak, ko’p hollarda, bemorlar ertalab uretradan shaffof va ba’zan yiringli ajralmalar chiqishi va siydikda oq nuqtachalar va tolalar aniqlanishini qayd qilishadi.
Prostatitning alomatlari
O’tkir shakl. Ko’pgina kasalliklar singari, prostatit ham o’tkir va surunkali shaklga bo’linadi. Umumiy simptomatologiya kasallik o’tkir shaklining namoyon bo’lishiga xosdir.
- Bemorda umumiy zaiflik, yaqqol charchoqlik rivojlanadi;
- Ko’pincha tana haroratining ko’tarilishi, bosh og’rig’i bilan kechadi;
- Qoida tariqasida oraliqdagi og’riq aniq xarakterga ega, chov sohasini qamrab oladi va siyish yoki defekatsiya paytida kuchayadi;
- Siydik pufagining to’liq bo’shalmaganligi tufayli yengillik bermaydigan tez-tez hojatxonaga chiqishlar bemorni asabiy va qo’zg’aluvchan qilib qo’yadi. Og’ir holatlarda o’tkir siydik ushlanib qolishi rivojlanadi.
Surunkali shakl. O’tkir shaklidan farqli o’laroq, surunkali prostatit alomatlarsiz tabiatga ega va latent kechadi (ya’ni, sezilari xarakterli belgilarsiz holda). Klinik tasvir ko’pincha xira bo’ladi, bemorlar jiddiy bezovtalikka yetarli e’tibor bermaydilar va shifokorga murojaat qilish zarur emas deb hisoblashadi, prostatit alomatlarini prostata bezi adenomasi bilan adashtirishadi. Ushbu ikki kasallikni davolash tamoyillari mutlaqo farq qiladi, shuningdek asoratlari va oqibatlari ham.
Ko’pincha, o’zini yomon his qilish, jinsiy quvvat bilan bog’liq muammolar va erkakning asabiyligi charchoq va dam olmaslikka yo’yiladi, ya’ni kishi kasal ekanligi va tibbiy yordamga muhtojligini tan olmaydi. Ushbu kasallikning o’z vaqtida aniqlanishida muhim ahamiyatga ega bo’lgan har yillik profilaktik tekshiruvlar kasallikni dastlabki bosqichlarda tashxislash imkonini beradi.
Yallig’lanish jarayonining surunkali shakli oraliq, chov va qov sohasida yaqqol sezilmaydigan, tezda o’tib ketadigan og’riqlar bilan namyon bo’ladi. Odatda jinsiy aloqaning davomiyligi o’zgaradi, u uzayishi yoki aksincha, kamayishi mumkin, jinsiy hissiyotlarning yorqinligi ham o’zgaradi. Siydik chiqarish kanalidan ajralmalar chiqishi kuzatiladi, ayniqsa ertalablar, yoki siydikda oq-oq moddalar bo’lishi qayq qilinadi.
Yallig’lanish jarayoni siydik chiqarish kanali bo’shlig’ining siqilib qolishga olib kelishi tufayli siydik chiqarish buzilishlari sodir bo’ladi va erkaklar birinchi o’rinda bunga ahamiyat berishlari kerak: siydik oqimi zaif bo’ladi, tomchilab chiqishi kuzatiladi va siydik chiqarish boshi yoki oxirida qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Ko’pgina bemorlar siydik pufagining to’liq bo’shalmasligi yoki siydikning nazoratsiz oqishini kuzatishganini qayd qilishadi.
Yallig’lanish jarayoni nerv oxirlariga qo’zg’atuvchi ta’sir ko’rsatadi va natijada tez-tez siydik chiqarishga chaqiriqlar yuzaga keladi, ayniqsa kechqurun, bunda siydik chiqarish kichik miqdorlarda bo’ladi. Bu alomatlar patologik jarayonning rivojlanishi haqida gapiradi va darhol shifokorga murojaat qilishni talab qiladi. Faqatgina mutaxassis to’g’ri tashxis qo’yishi va kerakli davolanishni belgilashi mumkin. Afsuski, bu alomatlar ortida prostata saratoni kabi dahshatli kasallik yashiringan bo’lishi ham mumkin.
Prostata bezining yallig’lanish jarayoni o’z vaqtida davolay boshlansa, jinsiy sohada sezilarli buzilishiga olib kelmaydi. Biroq, davolash bo’lmasa, ko’pincha reproduktiv yoshdagi erkaklarda jinsiy istakning yo’qolishi va bepushtlik rivojlanadi. Davolanilmagan prostatitning asoratlari orasida tez-tez uchrab turadiganlari siydik yo’li ikkilamchi infektsiyalari va buyrak yetishmovchiligi rivojlanishidir. Qovuq toshlari va siydikning ushlanib qolishi ham undan kamroq xavfli emas.
Kasallik rivojlanadi va siydik pufagini qamrab oladi — qon aylanish yomonlashishi tufayli siydik ajralishi buziladi va devorlarining sklerozlanishi sodir bo’ladi, bu patologik o’zgarishlar tiklanmas hisoblanadi.
O’tkir va surunkali prostatitni davolash
Prostatit kasalligi uzoq vaqtlardan buyon ma’lum va har qanday yoshdagi erkaklar orasida keng tarqalgan bo’lsa-da, uni davolash qiyin bo’lishi mumkin.
O’tkir prostatitni davolashda odatda hech qanday qiyinchiliklar tug’ilmaydi, biroq surunkali prostatitni har doim ham tuzatishning imkoni bo’lmaydi. Olimlarning prostata bezining surunkali yallig’lanishini qanday davolash kerakligi haqida ko’plab nuqtai nazarlari mavjud.
Biroq, quyidagi paragraflarda mutaxassislar o’rtasida kelishmovchiliklar mavjud emas:
- Davolash samaradorligi bevosita o’z vaqtida boshlanishiga bog’liq;
- Davolash alohida bemorning barcha o’ziga xos sog’liq holatlarini inobatga olgan holda kompleks tarzda amalga oshirilishi kerak. Patologiyaning rivojlanishga olib kelgan sababni aniqlash juda muhimdir;
- Hech qanday yagona dori-darmon va davolash usullari yo’q. Birinchi bemorga yordam bergan narsa ikkinchisiga zarar yetkazishi mumkin;
- Mustaqil ravishda tashxis qo’yish va davolanish qat’iyan taqiqlanadi.
O’tkir bakterial prostatitni davolash
O’tkir bakterial prostatitni davolash to’g’ridan-to’g’ri kasallikning alomatlari qay darajada yaqqol ekanligiga bog’liq. Ba’zida bemorning ahvoli juda og’ir bo’ladi, bu ko’pincha tananing intoksikatsiyasi tufayli yuz beradi.
Kasallik tez rivojlanadi, tana harorati keskin ko’tarilib ketadi, varaja qilish kuzatiladi, kichik tos sohasida, oraliqda, dumg’azada og’riq paydo bo’ladi. Ko’ngil aynishi va qayt qilish qo’shilishi, qovuqni bo’shatish jarayonida sanchish, achish his qilish mumkin. Bu holat o’zining asoratlari bilan xavfli hisoblanadi. Kasallikka bakterial infektsiya, prostata bezining abstsessi rivojlanishi, septitsemiya va septikopiyemiya qo’shilishi mumkin. Ko’pincha asoratlar mavjud bo’lgan surunkali kasalliklar fonida, masalan, qandli diabetning mavjudligida paydo bo’ladi.
Agar kasallik o’tkir kechayotgan bo’lsa, erkak albatta shifoxonaga, urologik profil bo’limiga yotqizilishi kerak. Agar bunday imkoniyat bo’lmasa, bemor umumiy jarrohlik bo’limiga yuboriladi.
O’tkir prostatit bilan kasallangan bemorlarni davolash bo’yicha umumiy strategiya mavjud:
- Yotoq tartibiga amal qilish;
- Antibakterial preparatlarning buyurilishi;
- Prostata bezining massajini taqiqlash. Bu taqiq sepsis rivojlanishining yuqori xavfi bilan bog’liq;
- Qon mikrotsirkulyatsiyasini normallashtirishga, uning suyuqligi va yopishqoqligini oshirishga qaratilgan preparatlarning buyurilishi. Buning uchun Detraleks, Pentoksifillin, Kavinton, Trental singari intravenoz preparatlar qo’llaniladi. Bu dorilarning ta’siri tufayli yallig’langan bezdan limfa va qonning qayta oqishi yaxshilanishi, toksik alomatlarni kamaytirish va va organizmdan parchalanish mahsulotlarini yuvib chiqarishga erishish mumkin.
- Og’zaki NYQP qabul qilish: Ketoprofen, Indometatsin, Ibuprofen, Piroksikam. Ular og’riqni kamaytirish uchun buyuriladi.
- Boshqa analgetiklar buyurilishi ham mumkin, masalan, Nimesil, Nayz, Tempalgin, Ketanov. Og’riqni kamaytirishdan tashqari, bu preparatlar ma’lum darajada yallig’lanishni bartaraf etadi. Urologlar va androloglar o’zlarining amaliyotlarida og’riq qoldiruvchi ta’sirni ta’minlash, yallig’lanishni kamaytirish uchun ichak shamchalaridan keng foydalanadilar. Ularning tarkibi tabletka shaklidagi preparatlar bilan bir xil, lekin mahalliy qo’llanilgani uchun ta’siri kuchayadi. Prostatitda propolisli shamchalardan ham foydalanish mumkin.
- Agar bemor organizmni kuchli intoksikatsiyadan aziyat chekayotgan bo’lsa, reologik eritmalar kiritilishi ko’rsatma beriladi, masalan Gemodez yoki Nekompensan, shuningdek dezintoksikatsion vosita va elektroliktlar ham, ular orasoda Disol, Trisol, Latkosol ertimalari, Ringer eritmasi, glyukoza bilan xlorid kaliy eritmalari mavjud.
Jarrohlik aralashuvi siydik pufagini mustaqil bo’shatish imkoni bo’lmagan yoki prostata bezining abstsessi paydo bo’lgan hollarda o’tkaziladi.
Bakterial prostatitni davolash uchun antibiotiklardan foydalanish majburiydir. Agar kasallik o’tkir boshlansa, intoksikatsiya alomatlari kuzatilsa, unda antibakterial preparatlar iloji boricha tezroq berilishi kerak, bakterial flora tahlili natijalarini kutish noto’g’ri va xavflidir.
Dori moddalari ftorxinolonlar guruhidan tanlanadi. Bular Levofloksatsin, Ofloksatsin, Siprofloksatsin (Siproks, Siprobel) bo’lishi mumkin. Bunday dorilarni tanlash sababi shuki, ftorxinolonlar prostatit kasalligiga sababchi bo’ladigan eng tez-tez qayd qilinadigan bakteriyalar — gram-manfiy patogen flora va enterokokklarga qarshi faol ta’sirga ega. Bundan tashqari, ftorxinolonlar gram-musbat va anaerob bakteriyalar, shuningdek notipik infektsion agentlar, masalan xlamidiyalarga nobud qiluvchi ta’sir ko’rsatadi. Bakteriyalar oqsil almashinuvining metabolik jarayonlariga kirib, antibiotik ularning yadrosini barbod qiladi va natijada mikroorganizmlar o’ladi.
Shunga qaramay, bir qator olimlar ftorxinolonlarni tahlil natijalari olingunga qadar tayinlashga qarshi chiqishadi. Ular bakterial prostatit Kox tayoqchalari sabab rivojlangan bo’lsa, bu ularning chidamliroq bo’lishi, mutatsiyalari va yangi, ko’proq patogen floraning shakllanishiga olib kelishi va undan qutulish juda qiyinligiga ishora qilishadi. Shuning uchun organzimda sil kasalligi bakteriyasi mavjud emasligiga ishonch hosil qilish juda muhimdir.
Ftorxinolonlar Kox tayoqchasiga qarshi kurashda yordam beradi, lekin faqat boshqa silga qarshi preparatlar bilan kompleks davolash tayinlangan bo’lsa. Sil kasalligining barcha shakllarini davolash sxemasiga ftorxinolonlarni kiritish JSST tomonidan tavsiya etiladi.
Shuningdek bu preparatlar prostatitni davloashda ham juda samaralidir, chunku ular prostata bezi va urug’ pufakchalariga tez kirish va u yerda yuqori kontsentratsiyalarda saqlanish qobiliyatiga ega. Yana davolash samarasini oshiradigan omil — prostata bezi yallig’langan holatda yuqori o’tkazuvchan bo’lib qoladi.
Kasallikning klinik tasviriga qarab, ftorxinolonlar vena ichiga va mushak orasiga kiritilishi mumkin. Jigar va buyraklar faoliyati buzilishlari bo’lsa, nojo’ya ta’sir qilish xavfi 3-17% ni tashkil qiladi. Biroq, ko’pincha bemorlar ovqat hazm qilish buzilishlaridan shikoyat qilishadi, shuningdek, markaziy asab tizimining muayyan buzilishlarini boshdan kechirishadi. Qonda glyukoza darajasining pasayishi, fotosensibilizatsiyaning rivojlanishi (terining ultrabinafsha nurlariga yuqori sezuvchanligi), yurak ritmining buzilishi — bu ko’p uchramaydigan oqibatlari bo’lib, ftorxinolonlar buyurilganda 1% dan kam hollarda kuzatiladi.
Laboratoriya tahlillari natijalari olingach, agar yallig’lanish qo’zg’atuvchisi ftorxinolonlarga sezgir bo’lmasa, terapevtik sxemani qayta ko’rib chiqish mumkin. Shuningdek dorilar qabul qilinishidan 24-48 soat o’tgach bemorning ahvoli yaxshilanmasa yoki bemor uni ko’tara olmasa, boshqasiga almashtirish ko’rsatilishi mumkin. Bu holda tanlanadigan dorilar makrolidlar (Azitromisin, Sumamed) Trimetoprim, Doksisiklin, sefalosporin guruhi antibiotiklari (Sefepim, Sefotaksim, Kefzol, Sefazolin, Sefpirome) bo’ladi.
Agar davolash boshlangandan 14 kun o’tgach, sog’ayish sodir bo’lmasa, davolanish rejimi yana qayta ko’rib chiqilishi kerak.
Yetakchi urologlarda davolash muddati haqida umumiy nuqtai nazari mavjud. Ular davolash 14-30 kundan kam davom eta olmaydi, deb ta’kidlaydilar. Antibakterial preparatlar qabul qilish tugallanganidan so’ng, majburiy tarzda prostatani chuqurlashtirilgan UT tekshiruvi va prostata bezi sekretining bakterial ekish o’tkazilishi kerak. Agar aniqlangan mikroflorani qabul qilinayotgan dori vositasi yordamida nazorat qilish mumkin bo’lsa va bemor o’zini yaxshi his etsa, davolanish yana 14-30 kunga uzaytiriladi. Natijada antibiotiklarni qabul qilishning umumiy davomiyligi bir oydan ikki oygacha bo’ladi. Yallig’lanish to’liq bartaraf etilmasa, terapevtik taktikani o’zgartirish tavsiya etiladi.
Kasallik o’ta og’ir kechayotgan bemorlar kasalxonaning intensiv terapiya bo’limiga yotqiziladi.
Surunkali prostatitni davolash
Surunkali prostatitni davolash to’g’ridan-to’g’ri kasallikning bosqichiga bog’liq. Agar kasallik o’tkirlashsa, davolash o’tkir bakterial prostatitni davolash tartibiga o’xshaydi.
Kasallik remissiya bosqichida bo’lganida, erkak quyidagi alomatlarni boshdan kechiradi:
- Kam-kam yengil og’riqlar uchraydi, lekin muntazam ravishda;
- Jinsiy a’zo, prostata va dumg’aza sohasida og’irlik hissi;
- Ba’zi hollarda dizurik buzilishlar qo’shiladi: tez-tez siydik chiqarishga undashlar, qovuqni bo’shatishda sanchishlar va hokazo;
- Psixoemotsional ahvolning yomonlashuvi, jinsiy zaiflikning paydo bo’lishiga olib keladigan depressiv kayfiyat.
Surunkali yallig’lanishni davolashda qator qarama-qarshiliklar mavjud. Olimlar haligacha antibiotiklarni buyurish kerakmi, yoki bunga hojat yo’qmi degan aniq bir fikrga kelishmagan. Antibakterial preparatlardan foydalanishni talab qiladigan mutaxassislar, bakterial flora shunchaki tahlil uchun olingan sekretga tushmay qolganliklarini ta’kidlashadi.
Olimlarning boshqa, ko’proq qismi esa, antibiotiklar faqat bakterial flora ajratib olingan bo’lsagina qabul qilinishi kerakligini aytishadi. Alomatlarsiz abakterial prostatit antibakterial vositalar bilan davolanmaydi.
Ular bemorlarga quyidagi taktikani tavsiya etadilar:
- NYQP qabul qilish;
- Limfa oqimini normallashtirish va a’zodagi qon mikrosirkulyatsiyasini yaxshilashga qaratilgan preparatlarni belgilash;
- Immunomodulyator preparatlar. Bu Timolin, Vitaprost, T-Aktivin, Timozin kabi vositalar bo’lishi mumkin.
- Erektsiya bilan bog’liq muammolarni bartaraf etish uchun antidepressantlar va sedativ vositalarni qo’llash.
- Tos mushaklarni kuchaytirish, qon aylanishini yaxshilash uchun muntazam jismoniy faoliyat. Bu maxsus mo’ljallangan terapevtik mashqlar majmuasi bo’lsa yanada yaxshi bo’ladi. Fizioterapiya muolajalari ham yaxshi ta’sir ko’rsatadi — rektal elektroforez, transrektal mikroto’lqinli gipertermiya, ultrayuqorichastotali (UYT) terapiya, magnit-lazer terapiyasi va boshqalar. Bu muolajalar ayniqsa tosdagi og’riqdan qutulishda yordam beradi.
Surunkali prostatitni davolash qoidalari
Surunkali prostatitni davolash uzoq jarayon bo’lib, kompleks yondashuvni talab qiladi. Davolash mustaqil ravishda, tibbiy maslahatisiz bajarmaslik kerak. Gap shundaki, bunday davolash usuli bemorda dimlanishli prostatit tashxisi qo’yilgan bo’lsa, ya’ni infektsiya mavjudligi istisno qilingan bo’lsagina samarali bo’ladi. Buni faqat prostata bezi sekretsiyasini o’rganish, uretra epiteliysi namunasini tahlil qilish kabi bilib olish mumkin (infektsion prostatit 10-15% hollarda tashxislanadi).
Yodda tutish kerak, kongestiv (dimlanishli, turg’un) prostatit antibakterial terapiyani o’tkazishni talab qilmaydi. Prostata bezining yallig’lanishi infektsion tabiatga ega bo’lsa, prostatit uchun antibiotiklar buyuriladi.
Surunkali kongestiv prostatit ko’pincha shifokorlar tomonidan rektal (to’g’ri ichak) massaj usuli bilan davolanadi. Uning bajarilishi qonning mikrosirkulyatsiyasini yaxshilash, metabolik jarayonlarni me’yorlash, turg’un hodisalarni bartaraf etishga qaratilgan. Shunga qaramay, bu usul ko’pincha bemorlarda nafaqat jismoniy, balki ruhiy bezovtalikni keltirib chiqaradi. Shu sababli, erkaklar ataylab shifokorga tashrifni kechiktirib, kasallikning rivojlanishiga yo’l ochib beradilar.
Prostatitni qanday davolash haqida ba’zi savollarga javob
- Prostatitni davolamasa nima bo’ladi? Maxsus davolanishsiz har qanday o’tkir prostatit doimo surunkali shaklga aylanadi. Lekin har qanday holatda ham, har ikki shakl: o’tkir va surunkali prostatit davo choralarisiz prostata abstsessi, sistit, pielonefrit, vezikulit va hatto prostata adenomasiga olib kelishi mumkin. Va birozdan keyin mijoz zaifligi va bepushtlik paydo bo’ladi, bu juda murakkab, uzoq va qimmat davolanadi.
- Prostatitni o’tlar bilan davolash mumkinmi? Ehtimol. Bu dalachoy, qizilmiya ildizi, exinatseya, zolotarnik kabi o’simliklar bo’lishi mumkin. Ushbu o’tlar tarkibida alomatlarsiz kechayotgan bakterial bo’lmagan prostatitda yordam beruvchi moddalar mavjud. Tarkibida bu o’tlar ekstraktlari mavjud rektal shamchalar olish ham mumkin.
- Surunkali prostatitda prostatning rektal massajini o’tkazish majburiymi? Chet elda urologik klinikalarning aksariyati bu jarayondan voz kechib, samarasi yuqoriroq bo’lgan fizioterapevtik muolajalarga o’tishgan. Bundan tashqari, massaj fiziologik va psixologik noqulaylik keltirib chiqaradi, u prostataning faqat pastki qismiga ishlov berish imkonini beradi. Shunga qaramay, yurtimizda urologlarning aksariyati bu uslubni qo’llashadi.
- Girudoterapiya, akupunktura yordam beradimi? Agar energetik maydonlar va nuqtalarga ta’sir nazariyasini hisobga olsak, bu usul ish berishi mumkin. Shu bilan birga, bu usulning samaradorligi isbotlangan tadqiqotlar mavjud emas. Aytish mumkin bo’lgan yagona narsa — og’riqning va siyish buzilishining pasayishi hisoblanadi. Girudoterapiya prostata bezida shishishni kamaytirish, yallig’lanishni bartaraf qilish va qon aylanishini yaxshilashga yordam beradi. Bu zuluk so’lagi tarkibidagi mavjud fermentlar tufayli amalga oshadi. Shunga qaramay, davolanishni istalgan noan’anaviy usulini birinchi navbatda davolovchi shifokor bilan muhokama qilish kerak. Ular an’anaviy davolash o’rnini bosa olmaydi.
- Surunkali prostatit prostata saratonini qo’zg’atishi mumkinmi? Shuni ta’kidlash mumkinki, prostata saratoni prostatit rivojlanishi sababi bo’lishi mumkin. Prostata bezining yallig’lanishi uretra strikturasi, prostata abstsessi, a’zo to’qimalari sklerozi kabi asoratlar chaqirishi mumkin. Onkologiyaga kelsak, bunday ma’lumotlar yo’q. Umuman olganda, agar erkak prostatit bilan kasallangan bo’lsa, uning shaklidan qat’iy nazar, u muntazam ravishda urolog ko’rigidan o’tishi va lozim bo’lsa, davolashni o’tashi kerak.
Profilaktik choralar
Surunkali prostatitning oldini olish bo’yicha chora-tadbirlar asosan uning o’tkirlashuvini oldini olishga qaratilgan. Agar bu sodir bolib bo’lgan bo’lsa, iloji boricha tezroq yallig’lanishni bartaraf qilish kerak.
Qaytalanish xavfini minimal qilish uchun, quyidagi xavf omillaridan butunlay voz kechish yoki ularning ta’sirini kamaytirish zarur:
- Spirtli ichimliklar iste’moli. Spirtli ichimliklarni iloji boricha cheklash kerak.
- Chekish. Prostata bezi qon bilan yomon ta’minlanishi tufayli doimiy kislorod ochligiga duch keladigan a’zodir. Tamaki tutuni bilan nafas olganda, qon tomirlarida spazm yuzaga keladi va qonning mikrosirkulyatsiyasi yanada ko’proq buziladi. Bundan tashqari, barcha sigaret chekadiganlar ertami-kech yuqori qon bosimiga duchor bo’lishadi.
- Kamharakatlik. O’zingizni divandan uzoqlashib, harakat qilishga majbur qilishingiz kerak.
- Stress. Kun davomida qabul qilingan barcha salbiy fikrlarni yoddan chiqarishni o’rganish kerak. Bu holatda oila eng yaxshi antidepressant bo’ladi. Yaqinlar davrasida o’tkaziladigan dam olish kunlari har qanday tinchlantiruvchi dori o’rnini bosadi.
- Sovqotish, shamollashlar. Ushbu salbiy omillar prostata beziga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir qiladi. Agar mashinangiz bo’lsa, unda o’rindiqni isitish haqida o’ylab ko’rish kerak.
- Jismoniy charchoq xavf bobida kamharakatlikdan kam emas. Agar organizm bunga tayyor bo’lmasa, og’ir vaznlarni ko’tarmaslik kerak.
Erkaklar salomatligini mustahkamlaydigan bir qator tavsiyalar ham mavjud:
- Jismoniy faoliyat. Ertalabki badantarbiya uchun kamida 10 daqiqa vaqt ajratishingiz kerak. Buning uchun mashg’ulotlarga og’ir mashqlarni kiritish shart emas. Bu dimlangan qonni tarqatishga yordam beruvchi yengil mashqlar bo’lsa ham mayli. Xuddi shu qoida o’tirib ishlovchilarga ham tegishli.
- Kontrastli dush ahvolni yaxshilashning eng zo’r usuli hisoblanadi. Jinsiy aloqaga kirishdan oldin uni olish juda foydali. Va bunda suvning butun tanaga ham, prostata beziga ham ta’sir qilishi muhimdir. Bu holatda hammomga tashrif buyurish foydali. Bug’xonadan chiqmay birdan muzdak suv quyish ham tavsiya etilmaydi — bu faqat zarar keltiradi.
- Oziq-ovqatga kelsak, taomnomaga xom qovoq urug’i, asal, sarimsoq, turshak, petrushka, yong’oq kiritish kerak. Marinadlangan, mahsulotlarni cheklash kerak, ayniqsa sirka qo’shilgan turli souslar — mayonez, ketchup, tuzlamalarni.
- Jinsiy hayotni yaxshilash kerak. Tugallanmagan jinsiy aloqalar juda zararlidir.
Kasalliklar
alomatlari, belgilari, o’tkir va surunkali shaklini davolash, oldini olish, Prostatit — sabablari