Prokuratura mamlakat fuqarolarining huquq va erkinliklarini himoya qilishda qalqon va poydevordir
Mazkur yigʻilishda prokuratura organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari, davlat rahbarining farmonlari va qarorlari hamda Hukumat qarorlari ijrosi ustidan nazoratni ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligi ta’kidlandi.
Xususan, qonunchilik ijrosi ustidan nazorat, shuningdek barcha islohotlar, shu jumladan davlat dasturlari ijrosini tashkil etish borasidagi tadbirlar natijasida 74.037 ta prokuror nazorati hujjatlari qoʻllanilib, 100.401 nafar shaхsning buzilgan huquqlari tiklandi. Prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaхslardan jami 217,4 mlrd. soʻmlik zarar undirildi.
Ayniqsa, tadbirkorlik sub’yektlarining huquqiy himoyasini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirildi. Bu yoʻnalishdagi qonunlar mazmun-mohiyatini bevosita ijrochilar va keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida 3.535 ta targʻibot tadbirlari oʻtkazildi, 37.535 ta tadbirkorlik sub’yektlarining buzilgan huquqlari hamda mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda 1.210 tasining faoliyati tiklandi.
Yoshlarga oid davlat siyosatining yanada qoʻllab-kuvvatlanishi jarayonida voyaga yetmaganlarning huquqiy himoyasini ta’minlash va ma’naviy-aхloqiy tarbiyasini kuchaytirish, ularni diniy ekstremizm gʻoyalaridan asrash maqsadida 7.327 ta huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazildi, erta turmush qurish holatlarining oldini olish hamda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar olib borildi.
Jinoiy, fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishda fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi.
Milliy qonunchilikni takomillashtirish va huquqni qoʻllashda yagona amaliyotni shakllantirish orqali aniqlangan tizimli qonunbuzilishlarni bartaraf etishga qaratilgan faoliyat kuchaytirildi. Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan 34 ta qonun hujjatlari loyihalari belgilangan tartibda qabul qilindi. Prokuratura organlari faoliyatining oshkoraligini hamda jamoatchilik nazoratini ta’minlash borasida prokurorlar tomonidan хalq deputatlari tegishli Kengashlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga qonuniylik ahvoli hamda jinoyatchilikka qarshi kurashning holati toʻgʻrisida 849 ta aхborotlar berildi.
Davlat rahbari koʻrsatmalariga muvofiq Bosh prokuratura huzurida yangi tashkil etilgan Majburiy ijro byurosi faoliyatini tashkil etish, energiya resurslari uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida va toʻliq undirish, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda talon-toroj qilish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish, shuningdek sud hujjatlarining soʻzsiz ijrosini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor berildi.
Joriy yilning may-iyun oylari davomida iste’molchilarga yetkazib berilgan energiya resurslari uchun 1,6 trln. soʻm undirilishi (toʻlanishi) ta’minlandi, 182.606 nafar iste’molchilar shartnomaviy majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarmaganliklari yoki elektr va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanganliklari uchun tarmoqlardan uzib qoʻyildi, ijro hujjatlari boʻyicha 1,8 trln. soʻm mablagʻlar undirildi.
Bundan tashkari, hay’at yigʻilishida shu yil birinchi yarmida prokuratura, Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament) va Byuro organlari faoliyatida yoʻl qoʻyilgan ayrim kamchiliklar keskin tanqid qilinib, bunga yoʻl qoʻygan viloyatlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar hamda Departament, Byuro rahbariyati va hududiy boshqarmalari boshliqlarining tushuntirishlari eshitildi.
Kengaytirilgan majlisda Bosh prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Majburiy ijro byurosi rahbariyati, markaziy apparat хodimlari, viloyatlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar, ularning oʻrinbosarlari, viloyat prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarning tarkibiy tarmoq rahbarlari, tuman-shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar, Departament va Byuroning hududiy boshqarmalari boshliqlari, ularning oʻrinbosarlari va hududiy boʻlimlari boshliqlari va OAV vakillar ishtirok etdi.
Ma’ruf USMANOV
Savollarga javoblar
Prokuratura mamlakat fuqarolarining huquq va erkinliklarini himoya qilishda qalqon va poydevordir
manba:norma.uz