Podshoxoja (1480–1547)
Podshoxoja (1480–1547)
DO`STLARGA ULASHING:
Sayyid Podshoxoja ibn Abdulvahobxoja mutafakkirning toʻliq ismi boʻlib, Xoja uning taxallusidir.
Xoja 1480 yili Niso shahrida dunyoga kelgan. U dastlab otasi qoʻlida, soʻngra Niso va Marv madrasalarida mufassal taʼlim olgan. Ijtimoiy faoliyatini temuriyzodalardan Niso viloyati hukmdori Kepak Mirzo hukumatida 1496 yili yozida sadrlik (er oʻlchovchi) bilan boshlagan. 1508 yili Niso va Obivard viloyatlari Shayboniylar tomonidan zabt etilganda Xoja yetuk shoir va adib sifatida tanilgan edi. Shu yili Shayboniyxon urushdan qaytayotganida Nisoda toʻxtab, Xojani Durun viloyatiga hokim qilib tayinlaydi. Shu orada Nisoga shoir amir Muhammad Solih hokim etib yuborildi. 1510 yili kech kuzida Xoja va Muhammad Solih Marv mudofaasiga keladilar, Shayboniyxon halokatidan keyin esa Xoja mamlakat ichkarisiga – dastlab Samarqand va sal keyin Buxoroga kelib vatan tutadi. 1514 yilgacha Temur Sulton, keyin Kuchkunchixon xizmatida boʻlib, 1515–1516 yillardan eʼtiboran Karmana hokimi Jonibek Sulton hukumatida Jumlatulmulk, sadrlik lavozimlarni boshqaradi.
U 1529 yili Buxoro hokimi Ubaydulloxon zamonida kisqa vaqt shayxulislomlik qilgan. 1534 yili Ubaydulloxon Nishopurga kelganda Balx hokimi Kistan Qaro undan Xojani Balxga yuborishini soʻraydi. Shundan soʻng Xoja Balxda avval sadrlik, koʻp oʻtmay esa shayxulislomlik vazifasini bajaradi. 1543 yili hokim Kistan Qaro ruhiy kasallikka chalingandan keyin Xoja oʻz vazifasidan ketib ijod bilan mashgʻul boʻldi. Xoja 1547 yili Buxoroda vafot etadi va Bahovuddin Naqshband maqbarasi yoniga dafn qiladi.
Xojaning “Maqsad ul-atvor” dostoni uning dunyoqarashini oʻrganishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.
Xoja oʻz davrining yetuk mutafakkiri, shoiri, din va tasavvuf ilmlarini ham chuqur egallagan, oʻsha davrda Movarounnahrda kuchli oqimga aylangan yassaviya, qalandariya, naqshbandiya tariqatlari mohiyatini toʻla anglab yetgan shayxulislom darajasiga koʻtarilgan siymolardan biri edi.
Xoja oʻz qarashlarida yer yuzidagi barcha insonlar dini, jinsi, irqi, millati, tili qanday boʻlishidan qatiy nazar xudo yaratgan bandalar, deb biladi, odamlarni tutgan oʻrni, mavqei, martabasi qanaqa – shohmi, gadomi – Haq taolo oldida teng va javobgar ekanligini aytadi. Shu bois inson nafsoniy havaslarga berilib, oʻtkinchi dunyo tashvishlariga mukka ketmasligi, botiniy dunyo gʻamini ham yoddan chiqarmasligi kerak degan fikrni olgʻa suradi. Unga ruhiy komillik tufayli erishish mumkin. Buning uchun inson rostgoʻy, halol, diyonatli, insofli, mehr-shafqatli, kamtar boʻlmogʻi, boshqalarga yaxshilik qilib, mehr-oqibat koʻrsatish fikri bilan yashamogʻi, dilozorlik, oʻgʻrilik, munofiqlik kabi yaramas illatlarni akl-farosat va qanoat bilan yengib oʻtmogʻi kerak.
Inson bu dunyoda nimaiki ish qilmasin, qanday sharoitda yashamasin undan faqat yaxshilik qoladi:
Odam uldirkim jahonda yaxshi soʻzdin pand olur,
Qolmas ushbu odam, ammo olam ichra soʻz qolur.
Soʻzki keldi arshdin yer yuzini islom uchun,
Oyati Qurʼondur ulkim, nuridin partav solur.
Qolgan barcha narsalar oʻtkinchi va bu zohiriy dunyo mohiyatinigina aks ettiruvi hodisalardir.
Xoja jamiyatda ijtimoiy adolat barpo etilishi uchun shu jamiyatni boshqarib boradigan sulton, bek va yirik amaldor shaxslar, dini islom homiylarini insof va diyonatta, toʻgʻrilik va halollikka daʼvat etadi, jamiyatning har bir aʼzosi oʻz huquq va burchidan toʻgʻri foydalansin, degan fikrga keladi. Ayniqsa, uning mukammal jamiyatda odam tengxuquqli boʻlishi lozim, degan fikri diqqatga sazovordir.
Shoir inson muayyan ijtimoiy muhitda, taʼlim-tarbiya natijasida yaxshi xulqli boʻlishi mumkin, deb oʻylaydi. Adib oʻzining “Maqsad ul-atvor” degan asarida din va ilm kishini rostgoʻylikka, halollikka, poklikka, yomonni yaxshidan ajratishga olib keladi, degan fikrni ilgari suradi.
XVI asrning yetuk shoirlaridan Bobur Xojaning bir necha gʻazallari bilan tanishib, unga ijodkor sifatida hurmat bilan qaraydi va oʻzining mulohazalari, maslahatlarini berib turadi. Xojagon tariqatining XVI asrdagi buyuk targʻibotchilaridan boʻlgan mutasavvuf olim Mahdumi Aʼzam Kosoniy asarlarida Xojani “yuksak parvozli lochin” deb taʼriflaydi.
Podshoxoja (1480–1547)