POʻLAT

POʻLAT

POʻLAT (fors.-toj.) — temirning uglerod (2% gacha) va b. elementlar bilan qotishmasi. Odatdagi texnik Poʻlatning tarkibi — 0,05—1,5% uglerod, 0,4% gacha kremniy, 0,1 — 1% marganes, 0,08% gacha oltingugurt, 0,1% gacha fosfor va 96,92—99,27% temirdan iborat. Sanoatda ishlab chiqariladigan Poʻlatlar tarkibida doimiy qoʻshilmalar: kremniy Si, marganes Mp, oltingugurt S va fosfor R boʻladi. Poʻlatning choʻyandan farqi shuki, choʻyan tarkibida uglerod 2% dan ortiq, doimiy qoʻshilmalar ham koʻproq boʻladi. Poʻlat toblanganda uning fizik-mexanik xossalari keskin oʻzgaradi, qattiqligi va mustahkamligi ortadi, bolgʻalanuvchan boʻlib qoladi (q. Poʻlatni toblash). Kimyoviy tarkibidagi uglerod va legirlovchi elementlar miqdo-riga qarab, Poʻlat uglerodli va legirlangan xillarga boʻlinadi. Uglerodli Poʻlatga (tarkibida ugleroddan tashqari 0,7% gacha marganes, 0,37% gacha kremniy, 0,04% gacha oltingugurt va 0,035% gacha fosfor boʻladi) qurilish va mashinasozlik poʻlati; asbobsozlik poʻlati kiradi. Legirlangan poʻlat jumlasiga kam (legirlovchi elementlar 2,5% gacha), oʻrtacha (legirlovchi elementlar 2,5—10% gacha), yuqori legirlangan (legirlovchi elementlar 10% dan ortiq) Poʻlatlar kiradi (q. Legirlangan poʻlat). Ishlatilishiga qarab, qurilish (prokat) va mashinasozlik (konstruksion), asbobsozlik, alohida xossali xillarga boʻlinadi. Alohida xossali Poʻlat zanglamaydigan va kislota-bardosh, issiqbardosh, yeyilish va yemirilishga chidamli, magnit xususiyatli va b. sifatlarga ega boʻladi.

Ensiklopediya.uz
POʻLAT