Pnevmoniya (zotiljam) — bolalarda va kattalarda, belgilari va alomatlari, davolash, turlari
Pnevmoniya yoki zotiljam — o’pkaning yallig’lanishi, o’tkir infektsion kasalliklar toifasiga kiradi. Pnevmoniyani qo’zg’atuvchisi viruslar, bakteriyalar va zamburug’lar bo’lishi mumkin. Shuningdek aspiratsion pnevmoniya va o’pka to’qimalarida saraton o’simtasining markazi atrofida rivojlanib boruvchi parokankreatik pnevmoniya kabi turlari ham mavjud. Pnevmoniyani dastlabki belgilari namoyon bo’lishi bilan tezda shifokorga murojaat qilish kerak.
O’pkaning yallig’lanish jarayoni — sog’liqqa salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan jiddiy kasallikdir. Antibiotiklar kashf etilishidan oldin pnevmoniya tufayli o’lim holatlari 80% ga yetardi. Hozirgi vaqtda turli hududlarda pnevmoniyaning rivojlanishi tufayli o’lim ko’rsatkichi 5-40% gacha yetadi, asosan og’ir asoratlar qariyalarda uchraydi.
Pnevmoniya vaqtida aniqlansa va kerakli davolash choralari qo’llansa, kasallik 10-14 kun davomida shifo topadi va asoratlar qoldirmaydi. Zamonaviy dorilar jiddiy asoratlarni oldini olish va pnevmoniyaning deyarli har qanday shaklini asoratlarsiz davolashga yordam beradi. Shu bilan birga, esda tutingki, samarali davolash va asoratlarni muvaffaqiyatli oldini olish uchun ushbu kasallikni davolash mutaxassis tomonidan amalga oshirilishi kerak.
Pnevmoniya nima?
Pnevmoniya — o’pka to’qimalaridagi yallig’lanish jarayonidir. Ko’p holatlarda kasallikni qo’zg’atuvchi vosita infektsiyalardir. Infektsiyanining tanaga kirish yo’llari turli xil: ko’pincha havo-tomchi orqali, kam hollarda — qon orqali.
Pnevmoniya rivojlanishi uchun mas’ul bo’lgan mikroorganizmlarning bir qismi inson tanasida doimo mavjud. Immunitetning muhofaza qilish darajasi me’yorda bo’lganda u bunday infektsiyalar bilan muvaffaqiyatli kurashadi, himoya kuchlari darajasining pasayishi (gipotermiya [sovqotish], birlamchi kasalliklar) bilan o’pkada yallig’lanish jarayoni rivojlanadi.
Ko’pincha pnevmoniyaning etiologiyasida yuqori nafas yo’llarining kasalliklari mavjud. Shamollash, traxeit, o’tkir yoki surunkali bronxit kabi respirator kasalliklar fonida o’pkada yallig’lanish jarayoni rivojlanishi mumkin. Kasallikning kelib chiqishi sababi boshqa organlar va tizimlarning o’tkir kasalliklari, jarrohlikdan keyingi asorat va immunitetga salbiy ta’sir ko’rsatadigan boshqa omillar ham bo’lishi mumkin.
Kattalar va bolalardagi pnevmoniya belgilari va alomatlari
Kasallikning simptomatikasi qo’zg’atuvchiga, bemorning yoshiga, sog’lig’ining holatiga bog’liq. Kasallik o’tkir tarzda yoki sezilmaydigan shaklda rivojlanadi; klassik belgilarga ega bo’lishi yoki asimptomatik (alomatlarsiz), atipik pnevmoniya tarzida kechishi mumkin. Keksa bemorlarda, immunitetni zaiflashtiradigan dori qabul qiluvchilarda va immunitet tizimi sust bo’lgan bolalarda jiddiy o’pka asoratlari bilan kechadigan kasallikning eng og’ir shakli qayd etiladi.
O’pka yallig’lanishining klinik ko’rinishi: kattalardagi pnevmoniya alomatlari
Kattalar orasida o’pka yallig’lanishi (zotiljam) jarayoniga eng ko’p ta’sir etadigan omil — sovqotish (gipotermiya) hisoblanadi. Bunday hollarda pnevmoniyaning o’ziga xos belgilariga quyidagilar kiradi:
- To’satdan organizmda gipertermiya rivojlanishi, haroratning keskin ko’tarilishi va febril ko’rsatkichlarga (39°С) yetishi;
- Tananing intoksikatsiyasi belgilari (charchoq, kuchsizlik, bosh og’rig’i);
- 3-5 kun davom etadigan quruq yoki nam yo’tal, balg’am ajralishi ham kuzatiladi;
- Yo’tal yoki nafas olish paytida yallig’langan o’pka tarafining og’rishi (har ikki o’pka yallig’langan bo’lsa ikki taraflama og’riq). Ba’zan aniq xirillash eshitiladi;
- Nafas olish yetishmovchiligi va keng tarqalgan o’pka shikastlanishi oqibatida hansirash paydo bo’lishi.
Kasallikning klinik tasviri uning klassik kechishiga mos kelmasligi mumkin. Klinik belgilar va kasallik og’irligi yallig’lanish jarayonining qo’zg’atuvchisi turiga bog’liq. Masalan, kasallikning atipik (noodatiy) kechishi H1N1 gripp virusi yoki barchaga tanish cho’chqa grippi sababli ikki tomonlama o’pka pnevmoniyasi (zotiljam) rivojlanishida kuzatiladi va natijada virus og’ir asoratlarga olib kelishi mumkin.
Ko’p hollarda pnevmoniya gripp kabi alomatlar bilan birga kechadi va o’tkir respirator kasalliklar, O’RVI fonida rivojlanadi. Pnevmoniyaning asoratlari ko’pincha o’zini-o’zi «davolash», masalan, isitma tushiruvchi dorilarni qabul qilish va xalq tabobati vositalarini noto’gri qo’llash natijasida yuzaga keladi. Bu infektsiyaning quyi nafas yo’llariga tarqalishi va o’pkada infektsion o’choqlar shakllanishiga hissa qo’shadi. Shunday qilib, pnevmoniyadan tuzalib ketishga to’liq davolanish kursini o’tash va o’z vaqtida tashxis qo’yish orqali erishiladi.
Bolalarda o’pka yallig’lanishi yoxud zotiljam (pnevmoniya) belgilari
Bolalarda kasallanish ko’rsatkichi yosh bilan bog’liq: 3 yoshgacha bolalar 3 yoshdan katta bolalarga ko’ra 2-3 barobar ko’proq kasal bo’ladi (100 ta boladan 1,5-2 tasi). Emizikli chaqaloqlarda pnevmoniya ko’pincha qayt qilish tufayli aspiratsiya, tug’ma nuqsonlar, nafas yo’llariga yot jismlarning tushib qolishi natijasida rivojlanadi.
Bolalarda pnevmoniya alomatlari yoshi, etiologiyasi va yallig’lanish jarayonining tarqalishiga qarab farq qiladi. Bir yoshgacha bo’lgan bolalarda quyidagi belgilar kuzatiladi:
- Uyquchanlik, holsizlik, umumiy bezovtalik, ishtahaning yo’qligi;
- Tez-tez hech bir sababsiz yig’lash;
- Isitma, ko’pincha subfebril chegaralarda (37-38° С);
- Nafas olish tezligi oshishi;
- Bir tomonlama zotiljamda — bir o’pkaning kam kengayishi alomatlari, nafas olish buzilishi tufayli ko’krak qafasining bir tomoni ko’p kengaymaydi;
- Nafas yetishmovchiligi simptomlari — burun-lab uchburchagi sianozi (ko’kimtir tus olishi), ayniqsa, yig’layotganda, oziqlanayotganda, yuqori qo’zg’alish kuzatilgan vaqtda barmoq uchlarining ko’karishi.
Katta yoshdagi bolalarda pnevmoniya belgilari kattalardagi o’pka yallig’lanishi belgilari o’xshash: isitma, holsizlik, uyquchanlik, ko’p terlash, ishtaha yo’qolishi, sevimli faoliyatga qiziqish yo’qolishi, o’pkaning ko’p qismi yallig’langan bo’lsa nafas yetishmovchiligi rivojlanishi.
Pnevmoniya tasnifi
Yaxshi o’rganilgan kasallik sifatida pnevmoniya (zotiljam) shakllarining tasnifi bemorlarda kasallikka aniq tashxisi qo’yishga va uni samaraliroq davolashga imkon beradigan bir necha omillarga asoslangan.
Yuzaga kelishi shartlariga ko’ra tasniflash
Kasalxonadan tashqari pnevmoniya, kasalxona pnevmoniyasi va gospital pnevmoniya farqlanadi.
Kasalxona pnevmoniyasi bemorni boshqa ko’rsatmalar bilan kasalxonaga yotqizilganidan keyin 48 soatdan o’tgach shifoxonada rivojlanadigan pnevmoniya shaklidir. Kasalxona va shifoxonalarda antibakterial dorilarga chidamli infektsion patogenlar ko’pincha tez rivojlanib borayotganligi sababli, bunday turdagi o’pka yallig’lanishida o’ziga xos xususiyatlar kuzatiladi va davolash ham o’ziga xos bo’ladi. Shu sababli pnevmoniyaning bunday turi farqlanadi.
Kasalxonadan tashqari rivojlangan shaklida og’iz bo’shlig’i, burun yoki oshqozon tarkibidagi massalarning yoki qattiq jismlarning pastki nafas olish yo’llariga kirib borishi sababli rivojlangan aspiratsion shakldir. Bunday jismlarda kasallik keltirib chiqaruvchi mikroblar mavjud bo’lishi o’pkada infektsiyaning rivojlanishi va tarqalishiga olib keladi. Sovqotish ham bunday turdagi pnevmoniyaga sabab bo’lishi mumkin.
O’pka jarohati miqdori bo’yicha tasniflash
Yallig’lanish jarayonining tarqalganligiga va shikastlangan o’pka to’qimalarining hajmiga qarab kasallik bir necha turga ajratiladi.
O’chog’li pnevmoniya belgilari
Kasallikning o’chog’li shakli yallig’lanish jarayonining aniq joylashuvi bilan xarakterlanadi. Ko’pincha bunday shakl virusli kasalliklar asorati sifatida rivojlanadi. Nam shaklga o’tuvchi quruq yo’tal, yuqori tana harorati, yo’tal vaqtidagi og’riq, yiringli balg’am ko’chishi kuzatiladi.
Kasallikning bir tomonlama shakli
Bunday kasallik jarayoni faqat o’ng yoki chap o’pkani qamrab oladi va o’pkaning bir kichik qismini yoki barcha ulushini o’z ichiga olishi mumkin. Alomatlar shikastlanish hajmi, qo’zg’atuvchining turi, bemorning umumiy holatiga bog’liq, aniq namoyon bo’lishi yoki asimptomatik kechishi mumkin.
Ikki tomonlama pnevmoniya
Ikkala, o’ng va chap o’pkada kuzatiladigan yallig’lanish. Bu holda, yallig’lanish jarayoni o’pkaning ma’lum bir qismlarini yoki umuman butun qismini jalb qilishi mumkin. Asosiy farqi — shikastlanish hajmidan qat’iy nazar, har ikki o’pkaga ta’sir qiladi.
Krupoz pnevmoniya
Pnevmoniyaning bu shakli eng aniq klinik tasvirlar bilan xarakterlanadi. Krupoz shaklning o’ziga xos tashqi alomatlari keskin ravishda tana haroratining oshishi (40 °C va undan yuqori), qattiq og’riq, balg’amning o’ziga xos to’q sariq rangda bo’lishidir.
Krupoz pnevmoniyaning qo’zg’atuvchi agenti ko’pincha pnevmokokklardir. Antibakterial dorilarni o’z vaqtida tayinlash (eng ko’p buyuriladigan antibiotiklar penitsillin guruhiga kiruvchilar) krupoz va boshqa pnevmokokkli pnevmoniyaning shakllarini davolashda samarali hisoblanadi.
O’pka qismlarining yallig’lanishi
O’pka — shartli qismlardan (segmentlardan) iborat a’zo: o’ng o’pka 3 qismdan, chap o’pka — 2 qismdan iborat (1-rasmga qarang). Agar o’pkaning bir bo’lagi yallig’lansa, bu qisman yallig’lanish bo’ladi, bo’lsa, ikki bo’lagining yallig’lanishi bisegment yallig’lanish deb ataladi. Segmentiv yallig’lanish bir taraflama yoki ikki taraflama bo’lishi mumkin.
Chap o’pkaning ikki segmentining yallig’lanishi total pnevmoniya, o’ng o’pkaning ikki segmentining yallig’lanishi esa subtotal pnevmoniya hisoblanadi. Qancha ko’p segmentlar yallig’lansa, kasallik shuncha og’irroq kechadi.
Kasallik sababchisiga ko’ra pnevmoniyani tasniflash
Kasallikni qo’zg’atuvchisiga ko’ra tashxislash asosan muolajalar va dori vositalarini tanlash bilan bog’liq. Pnevmoniya kelib chiqishi sabablari va infektsion agent turiga ko’ra bir necha turga ajratiladi:
Virusli pnevmoniya
Viruslar sabab o’pkaning yallig’lanishi, gripp, paragripp yoki O’RVI (adenovirus shakli) ning asoratlari yoki asosiy etiologiyasi bo’lishi mumkin. Tashxislash usullari yaxshi o’rganilmaganligi bois ayni qaysi virus pnevmoniyani keltirib chiqarganligini aniqlash mushkuldir. Shu sababli, ko’pincha davolashda virusga qarshi umumiy ta’sir qiluvchi perparatlardan foydalaniladi va davolash simptomatik xarakterga ega.
Agar virusli pnevmoniyada antibiotiklar buyurilgan bo’lsa, demak ikkilamchi yoki birlamchi kasalliklar mavjud yoki qo’shimcha bakterial infektsiya ehtimoli bor degan ma’noni anglatadi.
Pnevmoniya etiologiyasida bakterial infektsiyalar
Bakterial pnevmoniya — pnevmoniyaning eng keng tarqalgan turlaridan biri. Quyi nafas yo’llari yallig’lanishiga olib kelishi mumkin bo’lgan bir nechta bakteriyalar guruhi bor. Ular orasida pnevmoniyaning eng keng tarqalgan qo’zg’atuvchilari pnevmokokklar, streptokokklar, stafilokokklar, mikoplazma, xlamidia, ko’kyiringli tayoqcha va boshqalar hisoblanadi.
Kasallikni qo’zg’atuvchi bakteriya to’g’ri aniqlanganda va samarali antibiotik tanlanganda kasallik muvaffaqiyatli davolanadi. Bir guruhga oid bakteriyalarning antibiotiklarga qarshiligini o’rganish ham muhim ahamiyatga ega.
Foto: Dragon Images / Shutterstock.com
Stafilokokkli pnevmoniyaning xususiyatlari
Stafilokokkli shakl ko’pincha O’RVIdan keyingi asorat hisoblanadi. Kasallik sezilarli intoksikatsiya belgilari, balg’amning qizg’ish rangi, kuchsizlik, bosh aylanishi bilan namoyon bo’ladi.
Mikoplazmali pnevmoniya sababchisi
O’pka yallig’lanishining mikoplazmali shakli o’pkaga maxsus bakteriya — mikoplazma tushganda rivojlanadi. Ko’pincha bunday kasallik bolalar va o’smirlarga ta’sir ko’rsatadi.
Kasallik ajralib turuvchi belgilari bilan farq qilmaydi, bu esa tashxisni qiyinlashtiradi, davolashning samarasi bo’lsa-da, mikoplazma xususiyatlari tufayli juda uzoq davom etadi.
Pnevmoniyaning etiologiyasidagi xlamidial infektsiya
Xlamidial pnevmoniya rivojlanishining sababi nafas yo’llari va o’pkaga xlamidiyaning kirishidir. Xlamidiya odatda qinda bakterial xlamidiozga olib keladi. Bunday shakldagi pnevmoniya asosan bola tug’ilayotganda kasallangan onadan yuqadi.
Ushbu turdagi pnevmoniya ko’proq bolalar, ayniqsa emizikli yoshdagilar va o’smirlar orasida tarqalgan va boshlang’ich davrda shamollashga o’xshash klinik ko’rinishga ega. Kasallikning bu shakli davosi bemorning yoshi va xususiyatlarini inobatga olgan holda alohida tanlanadi.
Mikoplazmali infektsiyalar bilan birgalikda bu ikki shakl atipik pnevmoniya toifasiga kiradi, shuningdek alveolalar va interstitsial to’qimalarga zarar yetkazadi. Interstitsial pnevmoniyaning tabiati ko’pincha surunkali shaklga o’tish bilan uzayadi.
Zamburug’li pnevmoniya
Turli zamburug’li patogenlar ham o’pkada yallig’lanishni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bilan birga, tashxisni sinchkovlik bilan tekshirish talab etiladi, chunki klinik ko’rinish ifoda etilmasa, simptomlar uzoq vaqt davomida «noaniq» bo’lishi mumkin, bakterial pnevmoniyaning klassik alomatlariga mos kelmaydi. Antimikotik (zamburug’arga qarshi) dorilarni qo’llash bilan davolanish uzoq davom etadi.
Pnevmoniyaning har qanday turi va bosqichi jiddiy kasallik hisoblanadi va xavfli asoratlarga ega bo’lib, butun organizmga salbiy ta’sir qiladi. To’g’ri tanlangan davolash kursi, tashxis qo’yish va mutaxassislarni tanlash bilan yuqori samarali davolash imkonini beradi.
Kasalliklar
belgilari va alomatlari, davolash, Pnevmoniya (zotiljam) — bolalarda va kattalarda, turlari