Pnevmoniya nasl surishi mumkinmi? Shifokor aniqlik kiritdi

Pnevmoniya nasl surishi mumkinmi? Shifokor aniqlik kiritdi

Shifokorning so`zlariga ko`ra, barcha pulmonologik kasalliklar ham nasldan naslga o`tmaydi. Nasl suradigan kasalliklar guruhiga mukovicsidoz, bronxial astma va boshqa allergik kasalliklar kiradi.

«Oilada ota yoki ona bronxial astma bilan kasallangan bo`lsa, bolaning xastalikka chalinish ehtimoli 20-30 foizni, agar har ikkisi (ota va ona) kasallangan bo`lsa, bu ko`rsatkich 75 foizni tashkil etishi mumkin. Ushbu holat onaning homiladorlik davrida kechsa, xavf yanada ortishi taxmin qilinadi»,-deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Nodir Sotiboldiev.

«Respirator infeksion kasalliklar nasldan naslga o`tmaydi. Ular kelib chiqishiga ko`ra, organizm immun tizimi sustligi, mikroorganizmlar miqdori va ularning virulentligi (mikroorganizmlarning kasallik qo`zg`atishi) yuqori bo`lishiga bog`liq.  

Hozirgi paytda nafas a`zolari kasalliklarining asosiy qismini bronxial astma, surunkali obstruktiv o`pka kasalligi va pnevmoniya tashkil kiladi. Dunyo bo`yicha bronxial astma aholi orasida o`rtacha 5 foiz hollarda uchraydi, bu ko`rsatkich bolalar o`rtasida yanada yuqori — o`rtacha 10 foiz.  Surunkali obstruktiv o`pka kasalligi esa dunyo bo`yicha kasallanish va o`lim ko`rsatkichlarining asosiy sabablaridan biriga aylanib bormoqda.  

Infeksion kasalliklar orasida o`lim sabablari ko`rsatkichi bo`yicha pnevmoniya birinchi o`rinni va umumiy o`lim ko`rsatkichi sabablari bo`yicha oltinchi o`rinni egallaydi»,-deya alohida ta`kidlaydi u.

Shuningdek, shifokor pandemiya davrida nafas organlari kasallikka moyil kishilar o`z sog`liqlariga jiddiy e`tibor qaratishlari shartligini aytadi.

Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Pnevmoniya nasl surishi mumkinmi? Shifokor aniqlik kiritdi