Piyoz yetishtirishga oid barcha maʼlumotlar
Piyoz yetishtirishga oid barcha maʼlumotlar
DO`STLARGA ULASHING:
Аhamiyati
Piyoz ishtahani ochuvchi, ovqat hazm qiluvchi suyuqlik ajralib chiqishi va qon aylanishini yaxshilovchi, maza beruvchi sabzavot hisoblanadi. U shakar, oqsil, biriktiruvchi toʼqima, mineral moddalar, efir yogʼlari hamda koʼp miqdordagi (S, V1 , V 2 , RR) darmondorilarga ega.
Urugʼ tanlash.
Ekiladigan urugʼ toza, yuqori unuvchan, kasalliklardan holi, butun va toʼla boʼlishi zarur. Urugʼlar boshqa oʼsimliklar urugʼlaridan va aralashmalaridan tozalanadi.Yer tayyorlash.
Piyoz ekiladigan maydonlar oʼtmishdosh ekin qoldiqlari va begona oʼtlardan yaxshilab tozalanadi. Tuproq 20–25 sm chuqurlikda yumshatiladi, yirik kesaklar maydalangach, yaxshilab tekislanadi va sugʼorish egatlari olinadi.Ekish muddati.
Piyoz uch muddatda – erta bahorgi, yozgi-kuzgi va toʼqsonbosti qilib ekiladi. Bahorgi muddatda piyoz urugʼi janubiy viloyatlarda 5–25 yanvar, markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda 20 fevral–10 mart, shimoliy mintaqalarda 5–25 mart, toʼqsonbosti muddatda markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda 15 noyabr–15 dekabr va shimoliy mintaqalarda 1 noyabr–1 dekabrda, yozgi-kuzgi muddatda shimoliy mintaqalarda 15 avgust–1 sentyabr, boshqa viloyatlarda 15 avgust–10 sentyabrda ekiladi. Piyoz urugʼi 10 sotix maydonga bahorgi muddatda 1,2–1,5 kg, yozgi-kuzgi va toʼqsonbosti muddatda 2 kg gacha sarflanadi. Yerning nishabiga qarab qator oralari 70–90 sm li pushtalarga uch-toʼrt qator lentasimon usulda ekiladi. Urugʼlar tuproqqa 1,5–2 sm chuqurlikda koʼmiladi. Urugʼlar sepilgandan keyin xaskash bilan tuproq usti aralashtiriladi.
Parvarishlash.
Piyozni bahorda ekish uchun joʼyaklar kuzda olib qoʼyiladi. Yozgi-kuzgi va toʼqsonbosti muddatlarda piyoz oʼrtagi, yozgi sabzavot, kartoshka hamda gʼalladan keyin ekiladi. Piyoz ikki-uch marta – dastlab oʼsimliklarning boʼyi 6–8 sm ga yetganda, ikkinchi marta bogʼlab chiqariladigan tovar holiga kelganda oʼtoq va yagana qilinadi. Qator oralari 15–16 sm chuqurlikda yumshatilib begona oʼtlar yoʼqotiladi. Oʼgʼitlash. Piyoz popuk ildizli sabzavot boʼlib, ildiz tizimi asosan tuproqning ustki qismiga yaqin joylashgan. Shuning uchun u yerning ustki qismida asosiy oziqa elementlarni koʼp boʼlishini talab qiladi. Boʼz tuproqlarda har 10 sotixga oʼrtacha 30 kg azot, 22 kg fosfor va 9 kg kaliy berish kerak. Oʼtloqi, oʼtloqi-botqoq tuproqlarda esa 25 kg azot, 20 kg fosfor va 8 kg kaliy berishni taqozo etadi. Kam shoʼrlangan, tuproq boniteti past boʼlgan oʼtloqi taqir, taqir tuproqlarda piyoz yetishtirilganda 32 kg azot, 22 kg fosfor va 10 kg kaliy berish kerak.Sugʼorish.
Nihollar unib chiqayotgan va piyoz boshi shakllanayotgan davrda ekinning suvga talabi ayniqsa oshadi. Faqat oʼsuv davrining oxirida va piyoz boshlari yetilgan paytdagina oʼsimlikning suvga boʼlgan talabi bir oz kamayadi. Sizot suvi chuqur joylashgan boʼz tuproqli yerlarda baxorning oxiri yozning boshlarida piyoz har 7–10 kunda sugʼoriladi. Piyozboshi toʼliq shakillangandan keyin ekin 12–14 kun oralatib ikki marta sugʼoriladi va yigʼib-terib olishga bir oy qolganda sugʼorish toʼxtatiladi. Sizot suvi yaqin boʼlgan joylarda piyozni oʼsuv davrida 7–9 marta sugʼorish lozim.Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish.
Piyoz pashshasi, tamaki tripsi, kuzgi tunlam va boshqa zararkunandalarga qarshi kurashda 10 sotixga preparatlardan Karate 5% em.k. (30–40 ml), Mospilan 25% n.kuk. (25–30 ml), kasalliklardan soxta un shudring, ildiz chirish, mozaika, sargʼayish, boʼgʼin chirish kasalliklariga qarshi 1 foizli Bordo suyuqligi (mis sulьfati boʼyicha 6–8 kg/ga) bilan ishlov beriladi, 10–15 kunda qayta ishlov beriladi. Topaz 10% em.k. (12,5–15 ml) yoki Kurzat R n.kuk. (200–250 g) preparatlarini 60 litr suvda aralashtirib purkash tavsiya qilinadi. Hosilni yigʼishtirish. Piyoz poyalari yotib qolganda piyoz boshlari yetilgan deb hisoblanadi. Piyoz boshlari kovlab yoki poyasi bilan birga yigʼib olinadi.
Iqtisodiy samarasi.
10 sotix maydonga 1,4 kg piyoz urugʼiga 180 ming soʼm sarflanadi. Umumiy xarajatlar 1684600 soʼmni tashkil etadi. Xosil narxi bir kilogrami eng past narxda 800 soʼmdan sotilganda 4 mln. 400 ming soʼm boʼladi. Shunda 10 sotix maydondan 2 mln. 715 ming soʼm sof foyda olish mumkin.
Piyoz yetishtirishga oid barcha maʼlumotlar