Pifagor. «Barcha narsa sondan iborat!»

Pifagor. «Barcha narsa sondan iborat!»

Pifagor

(taxminan, miloddan avvalgi 580-500 yillar)

pifagor barcha narsa sondan iborat 660f052a7ee19Eramizdan avvalgi VI-asrda qadimgi yunon ilm-fani va san’atining o‘ziga xos poytaxti sifatida Egey dengizining Kichik osiyo yaqinidagi qirg‘oqlarida joylashgan Ioniya orollari guruhi ravnaq topdi. Pifagor aynan shu yerda, ko‘p qirrali usta — hunarmand: zargar, muhr va tamg‘alar hamda, o‘ymakor usta Mensarx oilasida tavallud topdi. Afsonalarga ko‘ra, Pifagorning otasi Mensarx va onasi Parfenisa nikohlaridan keyingi asal oyi vaqtida Delf hududlariga kelgan paytlarida, o‘sha yerlik kohinlardan biri ularga asrlar davomida butun olamga mashhur bo‘ladigan, zehn va zakovat, chiroy va ko‘rkamlikda tengi yo‘q o‘ktam og‘il farzand ko‘rishlarini, ma’budlardan biri — Apollon esa, kohin orqali ularga sharqqa — Suriya hududlariga suzib borishlari zarurligini bashorat bergan emish. Birmuncha sodda ijtimoiy va ilohiy tushunchalar hukm surgan qadimgi Yunonistonda, boshqa mahalliy kishilar singari Pifagorning ota onasi ham kohinlar so‘ziga chin dildan ishonishgan. Bashorat ajoyib tarzda amalga oshadi. Sidon shahrida Parfenisa o‘g‘il farzandni dunyoga keltiradi. Mazkur quvonchli hodisa tufayli ona Parfenisa qadimgi yunon an’analariga binoan, unga kohin tilidan o‘g‘il farzand bashoratini bergan Pifiyalik ma’bud Apollon sharafiga o‘z ismini Pifiada deb o‘zgartiradi. o‘g‘liga esa Pifagor — ya’ni, Pifiya bashorati (yoki, Pifiyadagi bashorat) deb ism qo‘yadi. Afsonada Pifagorning tug‘ilgan vaqti haqida hech qanday ma’lumot yo‘q; tarix tadqiqotchilari uning dunyoga kelgan vaqtini eramizdan avvalgi 580-yil bilan bog‘laydilar.

o‘g‘il farzand quvonchi bilan sayohatdan qaytgan ota, unga farzand bashoratini bergan Apollon sharafiga ibodatxona bunyod etadi va o‘g‘lini ma’budlar bergan bashoratdagidek ko‘rkam, zehnli va aqlli bo‘lib o‘sib ulg‘ayishi uchun barcha shart sharoitlarni yaratib berishga intiladi.

o‘g‘liga sifatli ta’lim va tarbiya berish imkoniyati Mensarxda ham moddiy ham ijtimoiy jihatlardan bekamu ko‘st edi. Har qanday usta hunarmand singari Mensarx ham o‘g‘lining kelajakda o‘z hunarini davom ettiradigan odil merosxo‘ri bo‘lishini chin dildan istagan. Lekin, Pifagor bolalik chog‘laridayoq ilm fanga o‘ta muhabbat bilan yondoshib, bo‘lajak matematika va faylasufga xos barcha ziyraklik va zehn qobiliyatlarini namoyon qili borardi. o‘zining birinchi ustozi — Germodamasdan Pifagor musiqa va tasviriy san’atning dastlabki bilim va ko‘nikmalarini o‘rganadi. Germodamas Pifagorning xotira kuchini sayqallash uchun unga «Odisseya» va «Iliada» eposlarini yoddan takrorlashni doimiy mashq qildiradi. Aynan birinchi ustozi Germodamas yosh va iste’dodli Pifagorga tabiat va uning sirlariga bo‘lgan muhabbatni chuqur singdirgan edi. «Yana boshqa bir maktab bor — deydi Germodamas, — sening sezgilaring va hissiyotlaring manbai tabiatdir, u sening birlamchi va asosiy ilm manbaing ham bo‘lsin!»

Bir necha yillik ta’limdan so‘ng Pifagor, ustozining tavsiyasiga ko‘ra ta’limni Misrda davom ettirishga qaror qiladi. o‘sha vaqtda Misrga yetib borish, siyosiy sabablarga ko‘ra juda mushkul edi. Misrliklar o‘z chegaralarini yunonlar uchun yopiq deb e’lon qilishgandi. Aksiga olib Samosning beshafqat hukmdori Polikrat ham Misrga yo‘l olmoqchi bo‘lgan o‘z fuqarolarini xushlamas edi. Shu sabablarga ko‘ra Pifagor, Misr safarini bir muddat ortga surib turishga qaror qiladi. U endilikda vaqtinchalik ravishda Lesbos orolidagi qarindoshi Zoil xonadonida yashab turadi. o‘sha yerda u mashhur olim Miletlik Falesning do‘sti, faylasuf Ferekid bilan tanishadi. Ferekiddan Pifagor falakkiyot sirlari, quyosh va oy tutilishlarini oldindan hisob kitob qilib aniqlash, sanoq va hisob sirlari, tibbiyot va boshqa, o‘sha zamonga xos fanlardan saboq oladi. Pifagor Lesbos orolida bir necha yil yashadi. U yerdan esa tarixdagi ilk falsafa maktabi asoschisi Fales huzuriga, Miletga yo‘l oladi. Qadimgi yunon falsafasining tarixini aynan Fales boshlab bergan deb hisoblanadi. Miletda Pifagor deyarli sakson yoshni qoralab qolgan qariya Falesning falsafaga oid ma’ruzalarini diqqat bilan tinglab, tahlil qilib boradi. Pifagor o‘zining Milet safari chog‘ida juda ham ko‘p bilim va yangi ilmiy tushunchalarga ega bo‘lganini ta’kidlaydi. Lekin, Fales ham uning iqtidorini e’tirof etgan holatda, unga ta’limni Misrda davom ettirishni maslahat beradi va Pifagor yo‘lga otlanadi.

Misrga yo‘nalish chog‘ida bir muddatga u Finikiyada to‘xtab o‘tadi. Afsonaga ko‘ra, u yerda Pifagor mashhur Sidon kohinlaridan ta’lim oladi. Pifagor Finikiyalik chog‘ida uning Yunonistonda qolgan sodiq do‘stlari Samos hukmdori Polikartdan uning ma’n etilgan safari uchun aybini afv etilishini so‘rab murojaat qilishadi. Polikrat Pifagor do‘stlarining iltimosi orqali nafaqat uni kechiradi, balki, Misr fir’avni Amazisga uning uchun tavsiyanoma ham yuborib, ta’limi uchun qo‘shimcha rag‘bat namoyon qiladi. Misrda Pifagor fir’avnning homiyligi ostida Memfisdagi mahalliy kohinlar bilan tanishadi. Unga begona millat vakillari uchun ta’qiq qo‘yilgan Misrning «o‘ta muqaddas» ibodatxonalariga kirishga ruxsat berishadi. Misr ibodatxonalarining sir asrorlarini chuqurroq o‘rganish uchun Pifagor kohinlikka bag‘ishlovlarni qabul qiladi.

Pifagorning Misrdagi ta’lim olish jarayoni uning o‘z davrining eng yetuk ilmli kishilari, olimlari qatoridan joy olishiga zamin yaratdi. Bu davrga kelib uning keyingi taqdiriga muhim ta’sir ko‘rsatuvchi voqealar yuz beradi: fir’avn Amazis vafot etadi, uning taxt vorisi bo‘lgan yangi fir’avn esa fors shohi Kambiz tomonidan Misrga yuklatilgan yillik o‘lpon to‘lovlarini to‘lashdan bosh tortdi. Bu narsa forslarning Misrga urush ochishi uchun sabab bo‘lib, natijada Misrga bosqin davomida fors qo‘shinlari mahalliy aholi uchun muqaddas bo‘lgan ibodatxonalarni ham, ehrom va saroylarni ham vayron qilishdi. Kohinlarni ko‘pchiligini qatl qildirib, qolganlarini asirga olib ketishdi. Bu urushda Pifagor ham fors asiriga tushib qoldi. Qadimgi afsonalarga ko‘ra, forslar qo‘lida asirlik vaqtida Pifagor Bobilda bo‘lib, mahalliy fors afsungarlari bilan tanishadi. Ular sharq falakkiyot fani, afsunlar, va sehr jodular bo‘yicha suhbatlar olib boradi, Xaldey donishmandlarining ta’limotlari bilan tanishadi. Xaldeylar Pifagorni, sharq xalqlari tomonidan ko‘p mingyilliklar davomida to‘plangan falakkiyot, tibbiyot va arifmetika bilimlari bilan tanishtiradilar. Xaldeylardagi bu bilimlar asosan fan sifatida emas, sehr va afsunlar kuchiga, yoki, ma’budlarning qudratli kuchlari kabi tushunchalarga tayanar edi. Ular Pifagordagi matematika va falsafaga oid bilimlarni ham aynan shunday kuchlarga bog‘lab izohlashgan ekan. Ya’ni, masalan, Pifagorning matematika hisoblashlaridagi aniqliklarni, shuningdek, astronomik bilimlarining (quyosh va oy tutilishi vaqtlarini oldindan hisoblab aytib bera olishini) uning «sehrli qobiliyati» yoki «afsungarlik» deb baholashgan ekan.

Fors shohi Doro Gistasp, «mashhur va zakovatli yunon» haqida eshitib, uni asirlikdan ozod etgunicha bo‘lgan 12 yillik muddatni Pifagor Bobilda o‘tkazdi. Bu vaqtda Pifagor 60 yoshga kirib qolgan edi va u to‘plagan bilimlarini o‘z vatanida, o‘z xalqiga ulashish niyatida Yunonistonga qaytishga qaror qiladi. Pifagor Yunonistonni tark etganidan buyon u yerda katta o‘zgarishlar yuz bergan edi. Bu vaqtda Yunoniston ham Fors mamlakati siyosiy ta’sir doirasiga tushib qolgan va yuksak ilmiy salohiyatli yunon olimlari fors ta’qibidan qochib, janubiy Italiyaga ko‘chib ketishgan edi. U yerda yunonlar yangi, «Buyuk Yunoniston»ga asos solib, Sirakuza, Agrigent, Kroton kabi shahar — koloniyalarini tashkil etib, yangicha turmush tarzini boshlab yuborishgandi. Pifagor ham o‘sha yerga kelib o‘rnashadi va o‘zining mustaqil falsafa maktabini yaratish haqida o‘ylay boshlaydi. Mahalliy aholi orasida u tezkor ravishda olim va mutafakkir sifatida shuhrat qozonadi. Uning ta’limotlariga nisbatan aholi orasidagi qiziqish shu darajaga yetib boradiki, hatto, majlis va yig‘inlarda ishtirok etishi ta’qiqlangan ayollar va qizlar ham qonunni buzib, uning suhbatlariga va ma’ruzalariga kela bo‘shlaydilar. Pifagor shunday qiziquvchi «qonunbuzar»lardan biri — Teano ismli qiz bilan turmush quradi.

Bu vaqtga kelib Buyuk Yunonistonning Kroton va boshqa shaharlarida ijtimoiy inqiroz yuzaga kela boshlaydi; aholi orasidagi ijtimoiy tengsizlik, afsonalarga tushgan «sibarit»larning (Sibaris shahri aholisi) mislsiz darajada o‘ta boy va badavlat va to‘q yashashi, Kroton va boshqa yonma yon shahar aholisining turmushi esa kambag‘allik va ochlikda qiyinchiliklar bilan ko‘chayotganligi tufayli aholi orasida norozilik o‘sib, adovat va ayirmachilik kayfiyati ortib boradi. Shunday qaltis vaziyatda Pifagor ong va tafakkurni hamda axloq me’yorlarining insonni komillikka yetaklovchi ahamiyati haqidagi mustaqil falsafiy — axloqiy ta’limoti bilan maydonga chiqadi. Ko‘pni ko‘rgan Pifagor o‘zi egallagan falsafiy va ilohiyotga doir ilmlardan ijtimoiy muammolarni hal etishda mohirlik bilan foydalanadi. U o‘zi guvohi bo‘lgan turli xil ilohiy ta’limotlar va e’tiqodiy tushunchalardan foydalanib, falsafa va mantiqning yangi yo‘nalishdagi ta’limoti — tabiat, koinot va odamzotning o‘zaro chambarchas bog‘liqligi, bir biridan mustaqil va ayri holatda mavjud bo‘la olmasligi, hamda, barcha odamlarning tabiatning abadiyligi va uning qonunlari oldida teng ekanliklari tamoyillarini ilgari suruvchi mutlaqo o‘ziga xos va yangi ta’limotni shakllantirdi. Misr kohinlaridan o‘rgangan usullarni yunon falsafa maktabi asosida takomillashtirib, Pifagor o‘z qabuliga kelgan tinglovchilarni «qalbini adovatdan tozalab, ichki dardlarini quvib» yuborgan va «yurak va aqllarini oliy haqiqatning nurlari bilan munavvar» qilgan. o‘zining «Oltin misra»larida Pifagor, agar qat’iy amal qilinsa, adashgan kishilarning qalbini poklab, komillikka yetaklovchi axloq me’yorlari haqida so‘z yuritadi.

Masalan ulardan birida Pifagor shunday yozadi:

  • Bilmaydigan narsangni qilishga urinma, lekin bilish zarur bo‘lgan barcha narsani bilishga urin. Shunda sen, hayotda farovon yashaysan.
  • Qanday bo‘lmasin, boshingga tushgan dardni tez unutishga harakat qil va unga o‘zingni ko‘p majburlama.
  • Hayotda hashamat va ziynatlarsiz, kamtarona yashashga odatlan.

Vaqt o‘tishi bilan Pifagor ibodatxona va ko‘cha maydonlarida chiqish qilishni to‘xtatadi va o‘z uyida ta’lim bera boshlaydi. Ta’lim tizimi murakkab va ko‘p yillik edi. Pifagordan ta’lim olishni istovchilar uch yildan besh yilgacha bo‘lgan muddatlarda sinov jarayonini o‘tashlari zarur edi. Bu vaqt davomida o‘quvchilar mashg‘ulotlarda doimiy sukut saqlagan holda, Ustozga hech qanday savol bermasdan faqat uni tinglashlari shart qilib qo‘yilgan ekan. Bu davrda Pifagor ulardagi sabr — toqat va kamtarinlik xislatlarini shakllantirishga e’tibor qaratgan ekan.

Pifagor o‘z o‘quvchilariga tibbiyot, siyosiy faoliyat tamoyillari, falakkiyot, matematika, musiqa va etika hamda boshqa ko‘plab muhim sohalar bo‘yicha ta’lim bergan. Uning maktabidan atoqli davlat arboblari, siyosatdonlar, tarixchilar, matematiklar, munajjimlar yetishib chiqqanligi tarixiy faktlarda ta’kidlanadi. Pifagor faqatgina Ustoz bo‘lib qolmasdan, balki, tadqiqotchilik ishlariga ham yo‘lboshchilik qilar edi. U musiqa va akustika nazariyotini rivojlantirib, mashhur «Pifagor gammasi»ni ixtiro qiladi va musiqiy ohanglarni o‘rganish jarayonining asosiy tamoyillarini asoslab berdi. Musiqiy tushunchalardagi kashf etilgan munosabatlarni u matematika tilida bayon qilardi. Pifagor maktabida birinchi bo‘lib Yerning sharsimon shaklda ekanligiga taxminlar bildirilgan. Osmon jismlarining harakati ma’lum qonuniyatlar asosida davriy ro‘y berishi, ularning harakat qonunlari matematik usullarda hisoblab topilishi mumkinligi haqidagi g‘oyalar va «olam garmoniyasi», «sferalar ohangi» kabi astronomiya fanida burilish yasagan ta’limotlar dastavval aynan Pifagor maktabida shakllangan.

Olim geometriya sohasida ham ko‘plab ishlarni amalga oshirgan. Bu borada uning nomi bilan ataluvchi to‘g‘ri burchakli uchburchak haqidagi mashhur teoremani eslash kifoya. U matematik munosabatlarni ham yetarlicha chuqur darajada tadqiq qilib, proporsiyalar nazariyasi asoslarini boshlab berdi. U jismlar tabiatini tadqiq qilishda raqamlar va sonlarning xususiyatlarini ham ta’siri bor deb hisoblar edi. U hattoki inson kundalik hayoti va borliqning «adolat», «doimiylik», «erkak», «ayol», «yashash», «o‘lim» kabi abadiylikka daxldor tushunchalarini ham son va raqamlar vositasida tushuntirishga harakat qiladi.

Pifagorchilar, barcha jismlar mayda zarralar — «borliq birliklari»dan tashkil topadi, ular esa turli tartiblanishlarda, turlicha geometrik shakllarda birlasha oladi deb fikrlashar edi. Pifagor uchun son tushunchasi ham moddiyat ham Olamning shakli sifatida namoyon bo‘lgan. Aynan shu tasavvurdan Pifagorchilarning o‘sha mashhur e’tirofi: «hamma narsa — sondan iborat!» degan tushuncha kelib chiqqan. Shu tamoyilga ko‘ra Pifagor maktabi vakillari, tabiatdagi barcha hodisa va jarayonlarni faqat sonlar vositasida izohlashga urinishgan. Bu orqali esa ular matematikaning o‘ta muhim sohasi — sonlar nazariyasi uchun tamal toshini qo‘ygan edilar.

Pifagorchilar, boshqa tarixiy tamaddunlarda bo‘lganidek, barcha sonlarni ikki toifaga: toq va juft sonlarga ajratishgan. Keyinchalik, insoniyat taraqqiyotining yuqori bosqichlarida ma’lum bo‘lishicha, Pifagorchi «juft — toq» hamda «o‘ng — chap» kvarts kristallarida, DNK va viruslar strukturasida, Pasterning kislotalar bilan o‘tkazgan mashhur tajribalarida, elementar zarralar nazariyasida va boshqa ko‘plab sohalarda qiziqarli va chuqur tadrijiy ahamiyat kasb etar ekan.

Pifagorchilarga sonlarning geometrik interpretatsiyasi ham ma’lum bo‘lgan: ular, nuqtaning bitta, to‘g‘ri chiziqning ikkita, tekislikning uch, hajmning esa to‘rt o‘lchovli ekanligini aniq bilganlar. o‘nlik, dastlabki to‘rt raqamning yig‘indisi orqali hosil qilinishi mumkin: (1+2+3+4=10), bu tenglamada bir — nuqta va bir o‘lchamlilikni, ikki — to‘g‘ri chiziq va ikki o‘lchamlilikni, uch — tekislik va uch o‘lchamlilikni, to‘rt esa — piramida (hajm)ni va to‘rt o‘lchamlilikni ifodalaydi. Aytingchi, Eynshteynning Butun Olam to‘rt o‘lchamlik ta’limotidan nimasi kam?!

Tekislikdagi barcha geometrik shakllar — nuqta, to‘g‘ri chiziq, va tekislikning yig‘indisidan Pifagorchilar «mukammal», yoki, «ilohiy» oltilikni olinadi deb tasavvur qilishgan. Ular sonlarning kvadratlarida ham tenglik va adolat mezonlarini ko‘rishgan: ular uchun doimiylik ramzi — to‘qqiz raqami bo‘lgan. Chunki, 9 ning barcha ko‘paytmalaridagi raqamlar ketma ketligi qo‘shib chiqilsa, yig‘indi doimo 9 ga teng bo‘ladi (masalan, 9X16=144, 1+4+4=9 va ho kazo). Sakkiz raqami esa ular uchun o‘lim va yo‘qlik ramzi hisoblangan, chunki 8 ning barcha karralilari raqamlar yig‘indisi barobarida kamayib boradi.

Pifagorchilar juft sonlarni «ayol» sonlar, toqlarni esa «erkak» sonlar deb hisoblashgan, va shunga binoan ba’zi sonlarni faqat ayollarga xos, boshqalarini esa erkaklarga taalluqli deb fikrlashgan. Pifagor maktabi o‘quvchilari uchun nikoh ramzi bo‘lib 5 raqami, ya’ni 3- erkak son va 2-ayil sonning birlashuvi ifodalangan. Shu sababdan ham to‘g‘ri burchakli uchburchakning katetlari uzunliklari 2 va 3 bo‘lganda, gipotenuzasining uzunligi 5 ga teng bo‘lishini e’tiborga olib, mazkur tirdagi uchburchakni «Kelin shakli» deb atashgan.

Tetradani tashkil qiluvchi to‘rt raqam — 1,2,3, va 4 musiqa bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqaga ega: ular barcha konsonatik intervallarni ifodalay oladi, (1:2) — oktavani, (2:3) — kvintani, (3:4) esa kvartani. Boshqacha aytganda, dekada, koinotning faqatgina geometrik — fazoviy xususiyatinigina emas, balki, garmonik — musiqiy ohangini ham ifodalaydi. 10 ning xususiyatlariga yana shuni qo‘shimcha qilinadiki, u, o‘zigacha bo‘lgan raqamlarning miqdoriy yig‘indisi hisoblanadi (Pifagorchilar Nol sonini ishlatishmagan, shu sababli bunday noto‘g‘ri tushunchada bo‘lishgan). Tetradani tashkil qiluvchi sonlar yig‘indisi 10 ga teng, shu tufayli Pifagorchilar uchun 10 Butun Olamni ifodalovchi ramz bo‘lgan. «Modomiki 10 ideal son ekan — mulohaza qilishadi ular, demak koinotda aniq o‘nta sayyora bo‘lishi kerak!» shuni ta’kidlash kerakki, u vaqtlarda insonlarga koinot borasida faqat Quyosh, Yer va 5 ta eng yaqin va yorqin (qurollanmagan ko‘z bilan ko‘rib bo‘ladigan) sayyoralar ma’lum bo‘lgan xolos.

To‘rt sondan iborat Pifagorchilarning mashhur tetradasi, ularning ta’limotlari orqali Platonga ham ta’sir ko‘rsatgan. Platon ham to‘rt unsur (yer, havo, olov, hamda, suv haqidagi) haqidagi ta’limotda mazkur tetradaning nazariyotiga yondoshgan.

Pifagorchilar yana sonlarni «mukammal» va «do‘stona» sonlarga ajratishgan. Masalan 220 va 284 sonlari «do‘stona» sonlar hisoblanadi. Chunki, 220 sonini o‘zidan boshqa barcha bo‘linuvchilarini aniqlab, ularni qo‘shib chiqilsa (1+2+4+5+10+11+20+22+44+55+110), yig‘indi 284 chiqadi. Endi, 284 ni ham o‘zidan boshqa bo‘luvchilarining yig‘indisini hisoblasak, (1+2+4+71+142) 220 chiqadi. Shu sababli bu ikki son bir biri bilan do‘st deb qaralgan va do‘stlik ramzi sifatida ifodalangan. Yunon Pifagorchilari o‘z davrlarida bir birlariga va’da berayotib mazkur raqamlar nomi bilan so‘z berishgan ekan. Pifagor maktabi vakillariga binday «do‘stona» sonlardan qanchasi ma’lum bo‘lganligini aniq bilish qiyin, lekin, hozirgi zamon kompyuterlari yordamida bunday «do‘stona» sonlar juftligining 286 tasi aniqlangan.

Pifagorchilar ta’kidlagan «Mukammal» sonlar sirasiga esa, 36 sonini kiritish mumkin. E’tibor beramiz: 36=1+2+3+4+5+6+7+8=(1+3+5+7)+(2+4+6+8). Teran nazar bilan qaralsa, 36 ning sanoq tizimidagi dastlabki 4 toq va 4 juft sonlar yig‘indisidan iborat ekanligi anglashiladi. Shu tufayli Pifagor va uning shogirdlari o‘z ta’limotlari orqali zamondoshlariga 36 ni «mukammal» son deb ramziy e’tirof etib, mazkur sondan oliy martabadagi ahdlashuv jarayonlarida foydalanishni tavsiya etishgan ekan.

Ilhom va ijobiy tuyg‘ular ramzi bo‘lgan «yaxshi» sonlardan tashqari Pifagorchilar «yomon» yoki, «noxush» sonlarni ham belgilaganlar. Bunday sonlar hech qanday afzalliklarga ega bo‘lmagan, ayniqsa u «yaxshi» sonlar bilan yonma-yon bo‘lsa, juda ham yoqimsiz son deb qaralgan. Bunga misol esa o‘sha mashhur 13 — «shayton» raqami yoki 17 — «jirkanchlik» raqamidir.

Pifagor va uning o‘quvchilarining real dunyo va sonlar munosabatlari o‘rtasidagi bog‘liqliklarni faqatgina sonlar yechishga bo‘lgan urinishlarini omadsiz yoki, mantiqsiz deb qarab bo‘lmaydi. (ba’zi materialistik dunyoqarash tarafdorlari hamda ilohiyotchilar shunday fikrda edilar). Sababi, qanchalik sodda, ba’zan fantastik yoki asoslanmagan bo‘lmasin, aynan Pifagor maktabida olib borilgan sonlar bo‘yicha tadqiqotlar, olam sirlarini o‘rganishning ilg‘or va samarador usullarini ilgari surganlar. Ularning astronomiya, musiqaga oid son va sanoqlar haqidagi qoldirgan ma’lumotlari asosida keyingi avlod tamaddun vakillari ham olamni yanada teranroq anglashga imkon topdilar.

Vafotidan so‘ng Pifagor, hozirgi janubiy Italiyadagi Mentapont sharida dafn etildi. Uning o‘quvchilari Buyuk Yunonistonning turli shaharlarida Pifagor maktabining davomchilari sifatida faoliyat boshladilar hamda Ustoz ishlarini davom ettirdilar. Pifagor nomidagi ilmiy jamiyatlar tuzdilar.

Yangi davrda, tabiiy fanlar — astronomiya, matematika va boshqalarning jadal rivojlanishi natijasida Pifagor tomonidan ilgari surilgan olam garmoniyasi haqidagi g‘oyalar yangidan-yangi tarafdorlar va muxlislarga ega bo‘ldi. Buyuk Kopernik va Kepler, mashhur rassom va geometr Dyurer, Leonardo da Vinchi, 1919-yilda nisbiylik nazariyasini amaliy tajribada tasdiqlagan ingliz astronomi Eddington hamda, boshqa, ko‘plab olim va faylasuflar Pifagorning ilmiy — falsafiy merosidagi olam sirlarini anglashda qonuniyatlar topib, o‘z ilmiy ishlaridagi asosiy g‘oyalarni qayta kashf qilganlari haqiqat.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

O’tmishning buyuk olimlari
Pifagor. «Barcha narsa sondan iborat!»

Manba:orbita.uz