PAXTA TERISH MASHINALARI

PAXTA TERISH MASHINALARI

PAXTA TERISH MASHINALARI — ochilgan paxtani terish uchun moʻljallangan q. x. mashinalari. Ishlash usuliga koʻra, pnevmatik, mexanik, pnevmo-mexanik va elektromexanik turlarga boʻlinadi. Pnevmatik Paxta terish mashinalarida paxta havo oqimi yordamida teriladi. Ular vakuumli, ejektor-shlangli, soʻruvchi va haydovchi-soʻruvchi mashinalarga boʻlinadi. Bu mashinalarning ish organlari turli soplo (soʻrgich) va uchliklardan iborat boʻladi. Mexanik Paxta terish mashinalarida paxta mexanik qurilma yordamida teriladi. Bular ish organlarining turiga qarab, shpindelli, ignalar oʻrnatilgan lentali (kardali), ilmokli, diskli boʻladi. Mexanik (asosan, shpindelli) Paxta terish mashinalari gʻoʻza tuplariga terim jarayonida butun hajm boʻylab yoki tuplarni shaklga keltirib yon tomonlaridan qisgan holda tekis ishlov beruvchi turlariga ajraladi. Amalda shpindelli Paxta terish mashinalari keng tarqalgan. Ular gorizontal va vertikal shpindelli xillarga boʻlinadi. Gorizontal va vertikal shpindelli Paxta terish mashinalarining asosiy qismi — paxta terish apparati. U shpindellar barabanlari, ajratkichlar, shpindellar barabanlarini aylantirish mexanizmi, reduktorlar, tup koʻtargichlar, kabul kameralaridan iborat. Hozirgi zamon P. t. m. da terim apparatlari dala relyefini takrorlovchi moslamalar bilan jihozlangan. Gorizontal shpindelli Paxta terish mashinalarida shpindellar gʻoʻza tuplari orasiga yon tomondan gorizontal holatda kiradi va oʻqi atrofida aylanib, ochilgan paxtani oʻziga oʻrab chiqadi hamda baraban bilan birga aylanib, ajratkich tomonga harakat qiladi. Disksimon botiqqavariq shaklli ajratkichlar aylanma hara-kat qilib, shpindel yuzasidan paxtani sidirib, qabul kamerasida yoʻnal-tiradi, u yerdan esa yigʻilgan paxta ejeksiya (soʻrish) hisobiga havo yordamida bunkerga yuboriladi. Vertikal shpindelli Paxta terish mashinalarida shpindellar bara-banga yoki zanjirga oʻrnatiladi. Gʻoʻza tuplari 2 baraban orasidan qisilib oʻtadi. Barabandagi shpindellar oʻz oʻqi atrofida va baraban bilan birga aylanib, paxtani oʻrab oladi. Shpindelga oʻralgan paxtani ajratib olish va uni kabul kamerasiga tashlash vazifasini ajratkich oʻtaydi. Shpindelning teskariga aylanishi va qilli choʻtkalardan tuzilgan aylanib turuvchi ajratkich bilan tozalanishi natijasida ajratkichdan kelgan paxta kabul kamerasiga uza-tiladi va qabul kamerasida yigʻiladi. U yerdan ventilyator paxtani soʻrib, bunkerga uzatadi. Bunker paxtaga toʻlgach, mexanizator uni traktor tir-kamalargatoʻkadi. Pnevmomexanik Paxta terish mashinalarida paxta havo va mexanik moslama yordamida teriladi. Elektromexanik mashinalarda paxta elektr maydoni yordamida teriladi.

Ensiklopediya.uz
PAXTA TERISH MASHINALARI