Passiv kashandalik sindromi haqida malumot

Passiv kashandalik sindromi haqida malumot

Mutuxassislarning ma’lum qilishicha, sigareta chekayotgan inson qo‘lidagi tamakidan taralayotgan xavfli tutunning 20 foizini ichiga yutsa, qolgan 80 foizini yon-atrofiga tarqatar ekan. Bu esa yaqin-atrofdagi kishilarni beixtiyor passiv kashandalarga aylantiradi.

Ilmiy manbalarda keltirilishicha, passiv kashandalik deb asosan yopiq inshootlarda boshqalar tomonidan chekilgan tamaki tutunidan nafas olishga aytiladi. Passiv chekishning xavfli tomoni shundaki, uning oqibatida turli kasalliklar kelib chiqadi, ushbu holat sekin-astalik bilan nogironlik, hattoki, o‘limga sabab bo‘lishi mumkin.

passiv kashandalik sindromi

BodyRoom | Avitsenna.uz

Bundan bir necha yillar muqaddam Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Saratonni o‘rganish xalqaro agentligini tomonidan olib borilgan izlanishlarda chekmaydigan «kashanda»lar faol kashandalar organizmi qabul qilayotgan barcha kanserogen moddalardan zaralanishi isbotlandi. Sigareta tutunidagi 4000dan ziyod zararli kimyoviy birikmalar, jumladan, 69 xil xavfli kanserogenlar inson salomatligiga jiddiy tahdid soladi. Ayniqsa, kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi ammiak, atseton, azot va uglerod oksidlari, fenol, N-nitrozamin, 4-aminobifenil singari moddalar barchaga birdek zarar keltiradi. Garchi chekuvchi ichiga tortayotgan va atrofdagilar nafas olayotgan tutunda bir xil zararli moddalar mavjud bo‘lsa ham, ularning konsentratsiyasi turlicha ta’sir kuchiga ega. Yangi izlanishlardan ma’lum bo‘lishicha, bir qancha kanserogenlar ta’siri chekuvchiga qaraganda uning tutunidan «bahra»olayotgan kishilarda kuchliroq kuzatilar ekan. Buning sababi sifatida esa oddiy kishilar organizmi chekuvchilarga qaraganda kashandalikning salbiy oqibatlariga ruhan tayyor bo‘lmagani bilan izohlanmoqda.

Achinarlisi shundaki…

Achinarlisi shundaki, kashandalikdan ko‘proq himoyasiz va organizmi zaif bo‘lgan go‘daklar, homilador ayollar va keksalar aziyat chekmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda 40 foiz bolalar, 50 million nafarga yaqin homilador ayollar passiv kashanda hisoblanadi. Shuningdek, ushbu zararli illatdan o‘zini tiygan 33 foiz erkak va 35 foiz ayollar ham tamaki tutunidan zaharlanish xavfi ostida qolgan.

Achinarlichi shundaki, bugungi kunda passiv kashandalik tufayli dunyo miqyosida har yili 600 ming nafardan ziyod kishi hayotdan ko‘z yummoqda. Ushbu ko‘rsatkich dunyo miqyosidagi jami o‘limga olib keluvchi sabablarning bir foizini tashkil etadi. Eng yomoni, vafot etganlarning 165 ming nafardan ziyodi yosh bolalar bo‘lsa, 47 foizi ayollardir. Passiv kashandalik natijasida vujudga kelgan insult har yili 379 ming kishining umriga zomin bo‘lsa, nafas yo‘li xastaliklari esa 165 ming kishining yostig‘ini quritgan. Shuningdek, passiv kashandalikdan so‘ng paydo bo‘lgan o‘pka saratonidan bir yil ichida 21,4 ming kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Zaharli moddalar konsentratsiyasi

Mutaxassilar faol va passiv chekuvchilar organizmi qabul qilib olayotgan zaharli moddalar konsentratsiyasini quyidagicha shaklda tuzib chiqishdi: bir soat davomida sigareta tutuniga to‘lgan xonada o‘tirish orqali kishi organizmi 14 mg miqdoridagi turli kanserogen moddalarni qabul qilib oladi.

Jumladan, faol chekuvchi bir dona sigaretadan 18,4 mg is gazini yutsa, passiv kashanda organizmiga bir soatda 9,2 mg huddi shu zaharli modda o‘zlashtiriladi. Shuningdek, azot oksidi (0,3 mg — 0,2 mg), aldegidlar (0,8 — 0,2), sianid (0,2 — 0,005), akrolein (0,1 — 0,01), qattiq va suyuq moddalar (25,3 — 2,3), nikotin (2,1 — 0,04) kabi zaharli birikmalar ham salbiy asoratlarga olib keladi.

Benzopiren esa passiv chekishda aksincha, sigareta tutunini ichga yutishdan ko‘ra 3,4 barobar ko‘proq zarar keltiradi. Ushbu zaharli moddalarning barchasi passiv chekuvchi o‘pkasida 70 kungacha saqlanib qolishi ham ilmiy jihatdan isbotlangan.

Agarda passiv chekuvchi tamaki tutunidan 7-8 soat davomida nafas olsa, 5ta sigareta chekkandagi kimyoviy xavfli birikmalarni o‘zlashtiradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, o‘z ixtiyoriga ko‘ra chekmagani bois, bunday kishilarda kasalliklarning rivojlanishi chekuvchilarga qaraganda ko‘proq kuzatiladi.

Saratonni o‘rganish xalqaro agentligi mutaxassislari tomonidan aniqlanishicha, passiv kashandalik balog‘atga yetmagan qizlarda ko‘krak bezi saratoniga chalinish darajasini 70 foizgacha oshirishi mumkin.

Homiladorlikda ta’siri

AЈSh bosh jarrohining 2006 yilgi ma’ruzasida sigareta tutunidan nafas olayotgan homilador ayol qonida vujudga kelgan kislorod tanqisligi homilaning chala tug‘ilishi yoki go‘dak vaznining keskin kamayishiga olib kelishi alohida ta’kidlangan edi. Mazkur ma’ruzada, shuningdek, aynan istalmagan chekish natijasida bolalarning to‘satdan vafot etishi sindromi holatlari oshib borayotgani ham aytib o‘tilgan.

Olimlarning ta’kidlashicha, passiv kashandalik, ayniqsa qiz bolalarga ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘zgalar tomonidan chekilayotgan tamaki tutuni bolalar va kattalarda o‘tkir va asoratli kechuvchi bronxit, astma, tuberkulyoz singari nafas olish tizimi kasalliklari, otit, o‘rta quloqning yallig‘lanishi, eshitishning qisman yoki butunlay yo‘qolishi, allergiya va hattoki, kariyesga olib keladi.

Shuningdek, sigareta tutunidagi nikotin va uglerod oksidi bolalarning aqliy rivojlanishdagi to‘xtalishlar va boshqa neyrologik salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. E’tiborlisi, chekuvchilar orasida katta bo‘lganlar qonida nikotinning katta miqdorini aniqlash mumkin. Hattoki, chekuvchi ayol dunyoga keltirgan go‘dak qonida ham ushbu zararli modda katta miqdorda uchraydi. Yaqinda o‘tkazilgan izlanishlar esa kashandalikning nasldan-naslga o‘tishini isbotladi.

Passiv chekish nafaqat bolalar va ayollar, balki yoshi 50 va undan oshgan keksalar uchun ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Jumladan, bunday kashandalik oqibatida 10 foiz keksalarda atelosleroz, aqliy zaiflik, fikrlash faoliyatining keskin yomonlashuvi kuzatilgan.

Ko‘pchilik kashandalarning nazarida chekish shaxsiy ish bo‘lib, go‘yoki uning zarari boshqalarga mutlaqo yetmaydi. Biroq ular qo‘lidagi sigaretadan taralayotgan yoki og‘zidan zavq bilan chiqarayotgan tutun o‘zlari bilan birga yaqin jigarlari, farzandi, oila a’zolari va hamkasblari salomatligiga jiddiy xavf solayotgani haqida mushohada qilib olishlari lozim.

© Tib.uz nashri.

Kasalliklar
Passiv kashandalik sindromi