PARPI QOʻRBOSHI
PARPI QOʻRBOSHI, Parpi [taxm. 1882, Andijon atrofidagi Qoʻqonqishloq (hoz. Paxtaobod sh.) —1921.9.4] — Fargʻona vodiysida sovet rejimiga qarshi harakat rahbarlaridan biri. 1918-y. boshlarida Fargʻona vodiysida qizil armiyaga qarshi harakat boshlagan 9 harbiy qoʻmondonning oltinchisi. Koʻqonqishloqdagi Kiziloyoq qishlogʻida qarorgohi joylashgan. Oʻz nomidan pul bosib, muomalaga chiqargan (1919-y. boshidan). Madaminbek va keyinchalik Shermuhammadbekning asosiy oʻrinbosarlaridan biri sifa-tida 3600 yigitga raxbarlik qilib, sovet rejimiga qarshi murosasiz ku-rash olib borgan. 1918—20 y. larda Andijon uyezdi Parpi qoʻrboshi yigitlari nazorati ostida boʻlgan. Jangda jasurligi va dushmanga nisbatan shafqatsizligi bois Parpi botir nomini olgan. Parpi qoʻrboshi qarorgohida koʻplab rus ofitserlari, jumladan, K. Osipov ham boʻlib, qizil armiyaga qarshi kurashganlar (yana q. Osipov isyoni). Qoʻqonqishloq bilan Boʻtaqora oʻrtasidagi Xayrobod qishlogʻida qizil askarlar bilan boʻlgan jangda ularni magʻlubiyatga uchratgan (1920). 1920-y. 24 noyab. da Qoʻqonqishloqda qizil askarlar bilan boʻlgan jangda ham gʻolib chiqqan va dushmanning 2 ta zambarak, 4 ta pulemyot va koʻplab qurol-aslahalarini oʻlja olgan.
Ensiklopediya.uz
PARPI QOʻRBOSHI