Pardoz vositalarisiz go‘zal bo‘lish sirlari haqida malumot

Pardoz vositalarisiz go‘zal bo‘lish sirlari haqida malumot

Biz har kuni pardoz qilishga odatlanganmiz. Ammo kundalik pardozlar tufayli terimiz yaxshi nafas ololmaydi. Natijada unda turli muammolar — husnbuzar va ajinlar yuzaga kela boshlaydi. Shu sabab ko‘pchilik qizlar ko‘chaga pardozsiz chiqolmay qoladi. «Hordiq plyus» nashri tomonidan taqdim etilgan quyidagi usullar esa pardozsiz ham yaxshi ko‘rinishga yordam beradi.

go‘zal bo‘lish sirlari

Foto: omolozheniye.ru

Chiroyli va toza yuz terisi

Ko‘p hollarda pardozdan yuzdagi nuqsonlarni yashirish maqsadida ham foydalanamiz. Pardoz bilan ham, pardozsiz ham chiroyli ko‘rinishni istasangiz, eng avvalo, yuz terisining salomatligi haqida qayg‘urishingiz darkor. Bunda asosiy e’tibor to‘g‘ri ovqatlanishga qaratilishi lozim. Shu bois ovqatlanish ratsionidan zararli mahsulotlarni hamda spirtli ichimliklarni olib tashlash va noma’qul odatlar (yuzni burishtirish, qashish, qo‘l bilan hadeb yuzni ushlash) ni yo‘qotish talab etiladi. Kuniga 1,5-2 litr suv ichishni unutmaslik kerak. Bundan tashqari, yuz terisini oziqlantiruvchi va namlantiruvchi kremlar bilan siylab turish ham juda muhim.

Qoshlar — ko‘zlar gardishi

Chiroyli qosh-ko‘zlarni ajoyib ramkaga solingan suratga o‘xshatish mumkin. Tabiiy chiroyli qoshlar pardozsiz ham chiroyli ko‘rinishga yordam beradi. Hozirda qoramtir va qalin qoshlar urfda. Qoshlarni ingichka terib olishga oshiqmang. Bundan tashqari, qosh qancha ingichka terilgan bo‘lsa, odam shuncha yoshi kattaroq ko‘rinadi.

Yaxshi uyqu

Yaxshi uyqu nafaqat salomatlik va tetiklik, balki go‘zallikning ham garovi. Agar uyquga to‘ymagan bo‘lsangiz, pardozsiz ko‘chaga chiqish noqulaylik tug‘diradi. To‘yib uxlab olgan vaqtingizda yuzingizdan nur taralib turishi shubhasiz. Ana o‘shanda ko‘chaga pardozsiz chiqishingiz mumkin bo‘ladi.

Lablar parvarishi

Lablar yuzimizning eng muhim qismlaridan biridir. Ammo ko‘pchilik lablarni parvarishlashni unutadi. Shu bois lablarga e’tibor berish va ular uchun maxsus kosmetik vositalardan yoki uy sharoitida tayyorlangan niqoblardan foydalangan ma’qul.

Ko‘zlar va kipriklar

Kipriklar ham parvarishga muhtoj. Kanakunjut moyi esa ularning qalinroq va uzunroq bo‘lishiga yordam beradi. Shu bois har kuni kipriklarga kanakunjut moyidan surtishga odatlansangiz, tez orada ularning uzunlashganini ko‘rasiz.

Kasalliklar
Pardoz vositalarisiz go‘zal bo‘lish sirlari