O`zbekistonning ko`magi bilan Qirg`izistonda 200 o`rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurildi

O`zbekistonning ko`magi bilan Qirg`izistonda 200 o`rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurildi

O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirining birinchi o`rinbosari A. Inoyatov boshchiligidagi delegasiya Qirg`iziston Respublikasida bo`lib qaytdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi ma`lum qildi.

Delegasiya Botken viloyati Qadamjay tumani Markaziy tuman kasalxonasida bo`ldi. U erda Qirg`iziston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri Alimkadir Beyshenaliev va Qirg`iziston hukumatining boshqa vakillari ishtirokida shifoxonaning ochilish marosimi bo`lib o`tdi.

Ikki tomonlama muloqotlar davomida sog`liqni saqlash sohasidagi  o`zaro hamkorlik aloqalari, shu jumladan, «COVID-19″ga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, tomonlar yuqumli kasalliklarni davolash, tashxislash va oldini olish bo`yicha o`z tajribalari bilan o`rtoqlashdilar.  

A. Beyshenaliev  yuqumli kasalliklar shifoxonasining qurilishi, uning jihozlanishida ko`rsatilgan amaliy ko`mak va taqdim etilayotgan gumanitar yordam uchun O`zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, pandemiya davrida moliyaviy imkoniyatlar hamda davolash muassasalarida shifo-o`rinlari etishmayotgan shunday murakkab sharoitda o`zbekistonliklarning ushbu ko`magi yuqori baholanishini aytib o`tdi.  

Zamonaviy shifoxona qurilishi va jihozlanishi to`liq O`zbekiston tomonidan moliyalashtirildi va qisqa muddatlarda foydalanishga topshirildi. Muassasa zarur tibbiy jihozlar va mebellar bilan to`liq jihozlangan bo`lib, bemorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.  

200 o`rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasining ochilish marosimida so`zga chiqqanlar O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga va o`zbek xalqiga minnatdorlik bildirib, ushbu tashabbus qirg`iz-o`zbek xalqlari orasidagi azaliy do`stlik munosabatlarini yanada mustahkamlashini ta`kidlashdi.

Shuningdek, Qirg`iziston sog`liqni saqlash vaziri «COVID-19″ga qarshi kurashish doirasida hamkorlikda olib borilayotgan ishlarni ham alohida e`tirof etdi.  O`zbekiston delegasiyasi nomidan so`zga chiqqan Sog`liqni saqlash vazirining birinchi o`rinbosari A. Inoyatov O`zbekiston tomoni tibbiyot sohasidagi o`zaro hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorligini, shuningdek, butun dunyoga xavf solib turgan koronavirus infeksiyasiga qarshi qardosh Qirg`iziston xalqi bilan birgalikda kurashishga tayyorligini bildirdi.

Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
O`zbekistonning ko`magi bilan Qirg`izistonda 200 o`rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurildi