«O`zbekistonda yo`lga qo`yilgan endoskopik operasiyalar narxi Hindiston klinikalaridan 10 baravar arzon»
JSST ma`lumotlariga ko`ra, bugun dunyo bo`yicha 1,7 milliard kishi tayanch-harakat tizimi kasalliklaridan aziyat chekmoqda. Eng yomoni, bunday xastaliklar nogironlikni keltirib chiqaruvchi omillar orasida etakchi o`rinni egallaydi.
Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov mamlakatda bemorlarni yuqori texnologik operasiyalar yordamida davolash borasida joriy qilinayotgan yangi muolaja usullari haqida so`zlab berdi.
«Markazimizda shu yil boshidan buyon 3 ming 800 ga yaqin operasiya o`tkazildi», — deydi mutaxassis.
Ta`kidlanishicha, shundan 1241 tasi yirik bo`g`imlarni endoprotezlash, 673 tasi esa artroskopiya amaliyotidir.
Ma`lum qilinishicha, ilg`or xorijiy tajribani o`rganish va hayotga tatbiq etish natijasida yangi jarrohlik muolajalari ham yo`lga qo`yilmoqda. Masalan, yaqin-yaqingacha yurtimizda elka bo`g`imlari kasalliklarini faqat konservativ yo`l bilan davolash imkoniyatiga ega edik. Yuqori texnologik muolajalar talab etilgan holatlarda esa bemorlar xorijda, asosan Hindistonda operasiya qilingan.
«Endi esa bunday noyob jarrohlik amaliyotlari o`zimizda o`tkazilyapti. Markazimizda elka bo`g`imlari kasalliklari va jarohatlari bo`yicha 25 o`rinli artroskopiya bo`limi faoliyatini yo`lga qo`ydik. Bu erda qisqa muddatda 255 ta yuqori texnologik operasiya bajarildi. Shuningdek, Hindiston artroskopiya jamiyati prezidenti doktor Inderprit Singx Oberoy, qolaversa, Moskva shahrida joylashgan Shveysariya universiteti klinikasi hamda Novosibirsk davlat tibbiyot universiteti shifokorlari ishtirokida 17 nafar bemorda murakkab jarrohlik amaliyotlari o`tkazildi. Vaholanki, Hindistonda bunday endoskopik operasiyalar uchun 8-10 ming AQSh dollari atrofida mablag` talab etiladi. Markazimizda esa ko`pi bilan 10 million so`m pul sarflab bemorlar elka-bo`g`im xastaliklaridan tez va oson xalos bo`lyapti. Qolaversa, elka-bo`g`im kasalliklari 50 yoshdan oshgan ayollar o`rtasida ham ko`p uchraydi. Qo`lni yuqoriga ko`tarolmay qolish yoki butunlay harakatlantira olmaslik, kuchli og`riq bilan kechadigan bunday kasalliklarni subakromial dekompressiya operasiyasi yordamida muolaja qilish usulini o`zlashtirdik.
Chuqur narkozsiz, kaminvaziv usulda, UTT apparati nazorati bilan bo`yin va elka chigalini mahalliy blokada qilish orqali, o`tkazuvchi og`riqsizlantirish ostida bajariladigan bunday amaliyot natijasida kasallangan elka bo`g`imi chandiqlardan tozalanib, dekompressiya qilinadi, Bemorlar ertasi kuniyoq shikoyatlari kamayib, uzoq yillik dardidan qisqa vaqt ichida butunlay forig` bo`lmoqda.
Bundan tashqari, qo`l-oyoq xirurgiyasi bo`limi kapital ta`mirlanib, shu erning o`zida operasiya xonasi tashkil qilindi. Natijada har kuni kuyish, turli kasalliklar, travmalar asoratida nerv, qon-tomir, paylarning uzilishi tufayli qo`l-oyoq panjalari ishlamay qolishi hamda tug`ma va orttirilgan qo`l-oyoq nuqsonlari bor bemorlarning 7-8 nafarida mikroskop yordamida o`ta nozik operasiyalar bajarilib, ular dardidan xalos qilinyapti»,-deydi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
«O`zbekistonda yo`lga qo`yilgan endoskopik operasiyalar narxi Hindiston klinikalaridan 10 baravar arzon»